565
Baxt va bahor so‘zlari mutanosibligi shoirning “Biz kutgan bahor” she’rida
ham kuzatiladi. Ammo yuqorida tahlilga tortilgan “Bahor berar biz kutgan baxtni”
she’ridan farqli ravishda mazkur she’rda “kutilgan bahor” baxt berishi aytiladi.
Ya’ni oldingi she’rda shoir “baxtni kutadi” va shu
baxtni bahor berishi aytilsa,
mazkur she’rida esa shoir “bahorni kutadi” va shu bahor baxt keltirishi
tasvirlanadi.
Har maysa Xudoning yerga salomi,
Qaytgan qaldirg‘ochlar ko‘klam kalomi,
Yashashga chorlaydi yaxshilar nomi,
Xush niyat xush yoqar aytsang ham yuz bor,
Bizga baxt keltirsin biz kutgan bahor. [3, 39]
Mahmud Toir o‘z she’rlarida bahorni alqab-alqab charchamaydi,
uning
husn-u tarovati insonlarning dilini yashnatishini bod-bod ta’kidlab tolmaydi. Biroq
ijodkorning “Qalbingda bahoring bor”, “Bevafo bahorim” kabi she’rlarida tabiat
tasviridan biroz yiroqlashib ko‘ngilga, ichki kechinmalarga yuz tutganini ko‘ramiz.
Bunda shoir bahorning tasvirini ko‘ngilga ko‘chiradi va betakror misralar yaratadi:
Qalbingda bahoring bor, xazondan qo‘rqmagaysan,
Yurgan yo‘lingni bilsang, to‘zondan qo‘rqmagaysan,
Yaxshisan agar, Mahmud, yomondan qo‘rqmagaysan,
Sen to‘g‘risan so‘zlayver, bo‘zlab yolg‘oning kuygay. [1, 167]
she’rida bahor so‘zi soflik, ezgulik ma’nolarida qo‘llangan bo‘lsa,
Diydorning yo‘llari bunchalar uzun,
Qo‘l nadir, yor sizga nigohlar yetmas.
Dunyoda bormikin men kabi mahzun,
Bevafo bahorim bitta gul tutmas. [3, 164]
Misralarida esa muhabbat va bahor tushunchalari mazmuniy bog‘lanib dil
iztiroblarini ifoda etadi.
Har qanday ijodkorning maʼnaviy, adabiy, ijtimoiy qiyofasini soʻzining
fasohati, balogʻati, asarlarining umrboqiyligi belgilaydi. Shu eʼtibordan Mahmud
Toir sheʼrlarining koʻpchiligi sheʼriyat shaydolari qalbida yashayotgani sir emas.
Shoir koʻngil yoʻrigʻiga yuradigan inson. Odamlar yuragiga quloq tutib, sadoning
aks-sadosini qogʻozga tushiradi. Chin shoir va chin insonning yurak devorini Yer
yuzi xaritasi,
el-yurt dardi, baland togʻlar mahobati bezaydi. Haq soʻzni jonining
jarangi, sheʼrni dilining rangi oʻlaroq tavsiflagan Mahmud Toir sheʼrlarida “Elning
eʼzozidan balandroq togʻ yoʻq”, “Quvonch – yurak chertgan baxt qoʻngʻirogʻi”,
“Dilpora dillarga dildoshsan, lola” kabi juda nafis shoirona topildiqlar koʻp
uchraydi. Boshqa oʻrinda “Bir maysaga ildiz boʻlib koʻr” misrasi diqqatimni tortdi.
Xoʻsh, buni qanday izohlash mumkin? Maysa – juda mayda, ingichka, uning ildizi
undan nozik – qilday. Odam oʻzini shu mitti oʻsimlik ildiz oʻrniga qoʻysin va
566
uning vazifasini oʻylasin. Yo boʻlmasa, maysaning yonida tiz choʻkkan,
chumolidan uzr soʻrayotgan inson holini tasavvur qiling.
Maysalaring shivirlashdi, tizlar choʻkib, quloq berdim,
Bilmay bosib chumolini gunohimga soʻroq berdim,
Vatan ne deb soʻrganlarga bir kaftgina tuproq berdim,
Menga Vatan siyratini, Momo yerim, oʻzing berding.
Shoir tasavvuri va tasviri eng mitti maysa
bilan chumoli-yu bir kaft
tuproqdan tortib bepoyon Vatan va Momo yer manzaralarigacha bir lahzada
qamrab oladi. Oraliqda esa inson vosita boʻlib turibdi. Shoir lozim topsa,
“qizgʻalodoqning armonini qoʻshiq” qiladi, kulib turgan boychechak tabassumiga
bogʻlanadi. U borliq ovozini tinglaydi; soʻzini togʻu toshlarga tinglatadi. Mahmud
shoir turfa gullar – lola, yalpiz, rayhonu boychechaklar, yuqorida taʼkidlanganidek,
hatto maysalarning ildizlari bilan tillashadi. Shoir shamollar, daraxtlar, yaproqlar
kuyiga joʻr boʻlib qoʻshiladi. Goho – soʻz ortiqcha boʻlgan fursatda –
yashil
barglar oʻzaro shitirlab soʻylashganida shoir “dilini xushlab”, “tilini tishlab” ham
turadi. Tabiatdagi goʻzallikdan lol qolgan mahallarda, tabiiyki, soʻz ortiqchalik,
qalam ojizlik qiladi.
Kapalakka uzatgandim qoʻl,
Qanotlarin yozdi duoga.
Kapalakning qoʻshqanoti duoga ochilgan qoʻlni eslatadi. Poetik detallararo bunday
metaforik yaqinlikni faqatgina shoirning tafakkur koʻzi koʻra oladi. Shuningdek,
oftob, oy, shamol, bulut, yomgʻir; maysa, yalpiz,
boychechak, rayhon, kurtak,
kapalak, qaldirgʻoch – bularning barchasi shoir sheʼrlarining obrazlilik pallasiga
yuk bosadigan tabiat unsurlaridir. “Qaldirgʻoch” sheʼrida shu begʻubor qushga
qarab yozadi:
Koʻklam koʻrki qaldirgʻoch, Kel, kurtaklar koʻzidan
Ayvonimga xush kelding. Kulgu terib olamiz
Qaydan kelding, diling och, Sabolarning soʻzidan
Osmonimga xush kelding. Tuygʻu terib olamiz.
Shoir doimo yangilikka intiladi, badiiy
adabiyotdagi eng sara
o‘xshatishlarni topishga harakat qiladi. Yomg‘irni ham boshqa ijodkorlarimizdan
farqli ravishda “taqdirning jomidan to‘kilgan chog‘ir” deya go‘zal satrlar bilan
ifodalaydi.
She’riyatda, umuman, badiiy adabiyotning barcha yo‘nalishlarida ijodkor
mahorati masalasiga alohida e’tibor qaratiladi. Shu bois,
ijod va mahorat
tushunchalari uzviy bog‘liqlikda o‘rganiladi. Har qanday ijodkorning mahorati u
yaratgan asarlarda bo‘y ko‘rsatadi. Xususan, yuqorida Mahmud Toir she’riyatida
ham o‘ziga xos iste’dod va mahorat jilosini aks etib turadi.