851
Xat chiqarding, la’li xandoning kerakmazmu sango?
Xizra verding, obi hayvoning kerakmazmu sango? [5, 49]
tarzida munosib shakl va mazmunda ifoda etilgan. G‘azalda Amiriy Fuzuliy
yo‘lidan borib, lirik qahramonning ichki kechinmalari, uning ruhiy holatini
atroflicha badiiy bayon etganligi ko‘rinib turadi. “Etma cho‘x” radifli g‘azali
mazmun va shaklda Fuzuliy g‘azaliga juda yaqin. Amiriyning g‘azallaridagi kabi
tab’i muxammas va musaddaslarida ham fuzuliyona ohanglarni sezish mumkin.
Fuzuliyning:
Shifoyi vasl qadrin hajr ila bemor o‘landin so‘r,
Zuloli zavq-shavqin tashnai diydor o‘landin so‘r [4, 27], -
matla’si bilan boshlanuvchi mashhur g‘azaliga ko‘plab shoirlarning taxmis
bog‘laganliklari ma’lum. Amiriy ham katta jur’at
bilan unga nihoyatda teran,
g‘azalning g‘oya va mazmunini to‘ldiruvchi va kuchaytiruvchi taxmis bog‘lagan.
Amiriy Fuzuliyning ilk baytidagi tasvirni kengaytiradi, ya’ni visol shifosini (yoki
visol shukuhini) hajr orqasidan bemor bo‘lishgacha yetgan kishidan, sog‘inchni
esa, diydorga tashna bo‘lgan kishidan so‘ramoq vojibligi kayfiyatini to‘laroq va
kengroq ochadi:
Balo dashtida g‘am tog‘in meningdek zor o‘landin so‘r,
Muhabbat ramzini Majnun kibi afgor o‘landin so‘r,
Mazoqi la’li nobin ishq aro xummor o‘landin so‘r,
Shifoyi vasl qadrin hajr ila bemor o‘landin so‘r,
Zuloli zavq-shavqin tashnayi diydor o‘landin so‘r
[5, 409].
Fuzuliy g‘azalida ilgari surilgan fikrlar Amiriy muxammasining uchinchi
misrasida yanada kengaytirilgan, natijada muxammasdagi har besh misra mazmun
jihatidan bir-biriga uzviy bog‘langan, go‘yo bu muxammasdan biron-bir misra olib
tashlansa, to‘liq bo‘lmay qolayotganday taassurot paydo bo‘ladi. Zero, yor vasliga
intizorlik, Layli ishqida Majnunday devonavor bo‘lish, ma’shuqaning labi
lazzatiga xumorlik istagi visol umidida hijrondan bezor, mahbub ilinjida
diydortalab bo‘lgan oshiq holatini to‘ldiradi. Muxammasning navbatdagi bandidagi
Fuzuliy aytmoqchi bo‘lgan ma’shuqa labining sirini mendan bo‘lak
kishidan
so‘rma, chunki, mengina shu aqiq lablar sirini bilaman, mengina uning siridan
voqifman, tarzidagi fikrlarni Amiriy quyidagicha to‘ldiradi.
Ko‘ngul majnuning o‘ldi, ishq jurmi birla o‘lturma,
Maningdek mubtalodin javr tarkini ravo ko‘rma,
Raqibi ro‘siyah birla dame o‘lturmayu durma,
Labing sirrin gelib guftora, bandin o‘zgadin so‘rma.
Bu pinhon nuktani bir voqifi asror o‘landin so‘r (409)
.
Fuzuliy g‘azalining uchinchi baytiga bog‘langan misralarda Amiriy
mahoratining yana bir qirrasi namoyon bo‘lgan. Fuzuliy ko‘zi yoshli oshiqlarning
852
holidan g‘ofil bandalar har vaqt bexabar bo‘ladi, chunki oshiq sirlar olamidagi o‘z
ko‘z yoshlarining sababini mardum oldida oshkor etsa,
uning oshiqligiga shubha
bildiruvchilar topiladi, shu sababli oshiq ko‘z yoshlari tunni bedor o‘tkazgan va
yulduzlar sayridan ogohlar holati yanglig‘ unga hamdard insonlar uchungina
ma’lum, demoqchi. Bu fikrni Amiriy quyidagicha rivojlantiradi: muhabbat aqlga
bog‘liq ruhiy holat emas. U aqlni o‘g‘irlaydi. Qachonki kishi ma’shuqa ishqida
xuddi Majnun kabi devona bo‘lsagina u haqiqiy oshiq hisoblanadi. Shuning uchun
men yig‘lar ekanman, zohid buni johillikka yo‘ymasin,
chunki oqil kimsaga
Majnun yig‘isining mohiyati ayon.
Fuzuliy mahbubaga iltijo qilar ekan, oshiq holatidan xabar olishga undaydi.
Va go‘zal muqoyasa bu yerda shuki, mastlar bedodi hushyor bo‘lgandagina
bilinadi. Amiriy bu fikrni yanada kengaytirib, ishq sening bu go‘zal yuzingni
chamanlar ichra izlab orzu etdi, hatto bir gul ishqida
bulbul tikonlarni oshyon
etganidek, bu orzu yo‘lida oshig‘ing har narsaga rozi, sen endi g‘ururing bilan o‘z
yurti, oshyonini unutgan mendek oshig‘ingni holiga nazar sol, o‘zingni bilib-
bilmaslikka olma, degan fikrni olg‘a suradi:
Tamanno qildi xatti orazingni bu chamanlardin,
Bu gul shavqida bulbul oshyon qildi tikanlardin,
G‘ururi husn ila qilma tag‘oful bevatanlardin,
Xabarsiz o‘lma fatton ko‘zlaring javrin chekanlardin,
Xabarsiz mastlar bedodini hushyor o‘landin so‘r (409).
Keyingi ikki bandda ham Amiriy Fuzuliy fikrlarini to‘ldirib boradi. Bu
to‘ldirilgan va sharhlangan misralarda Fuzuliy mahoratining qator qirralari
namoyon bo‘lib borgani kabi, Amiriy ijodidagi o‘ziga xos san’atkorlik ham
ko‘zga tashlanib turadi.
Aytish mumkinki, Fuzuliy g‘azali zohiran dunyoviy
muhabbat tarannumiga bag‘ishlanganday ko‘rinsa-da, botinan xarobot ahli bo‘lgan
chin oshiq, so‘fiyning ahvoli va uning yaratganga bo‘lgan mehri, bandalik
majburiyatlarining sharhi sifatida namoyon bo‘ladi. Amiriy tomonidan kiritilgan
misralar lirik qahramonning ana shu ruhiy holati, komillik yo‘lidagi riyozatlarini
yanada kengroq va to‘laroq ochadi. Chunonchi, Amiriy lirik qahramoni Fuzuliyga
juda yaqinlashib, “Malomat toshlari birla ushaldi bu paru bolim”, deydi.
Aslida
ham malomat toshlari solikka otiladi. Solikkina malomat toshlarining ozorlaridan
huzur qiladi. Unga qanchalik ko‘p jabr-zulm yetkazilsa, u shuncha orom topadi.
Agar Fuzuliy “Xarobot ahlining ahvolini bir xummor o‘landan so‘r”, deb murojaat
etayotgan ekan, o‘sha xumor bo‘layotgan Amiriyning ham lirik qahramoni bo‘lib
chiqadi. Muxammasning so‘nggi bandi yuqoridagi bandlarda aytilgan fikrlarning
xulosasi sifatida jaranglaydi: Fuzuliy ishq,
binobarin, ilohiy ishq zavqini qalbida
zavqi ishqi bor bo‘lgan odamdan so‘ra, deb hukm chiqarsa, Amiriy uning bu
fikrlarini yanada ravojlantiradi va konkretlashtiradi:
853
Sabo to qomating sarvini har yon ayladi moyil,
Ko‘ngul Majnundek hushu xiradni ayladi zoyil,
Amir ishqimni ko‘rgach, Xizr bo‘ldi ajziga qoyil,
Muhabbat lazzatidan bexabardur zohidi g‘ofil,
Fuzuliy ishq zavqin zavqi ishqi vor o‘landin so‘r (410).
Taxmis bilan to‘liq tanishgan o‘quvchi Fuzuliy salohiyati bilan bellashishga
qodir shoirning taxayyulot mevasidan
estetik zavq olish barobarida, Amiriyning
o‘z ijodiy faoliyatida ulug‘ shoir asarlaridan va yuksak badiiy san’atidan bevosita
bahramand bo‘lganligiga yana bir bor iqror bo‘ladi. Ayni chog‘da, mazkur taxmis
Amiriyning Fuzuliy g‘azalining mavzu va g‘oyasini quruq, behis takrorlamay,
batamom yangi asar yarata olganligini ko‘rsatadi.
Dostları ilə paylaş: