filologiya fanlari doktori, professor,
Buxoro dovlat universiteti
(91- 406- 43- 28)
(O‘zbekiston)
Annotatsiya:
Maqolada T.Malikning maʼrifiy-badiiy, axloqiy-didaktik
yo‘nalishdagi “Mehmon tuyg‘ular” asarining badiiy-kompozitsion xususiyatlari,
ifoda usullari, g‘oyaviy-mavzuviy, estetik vazifasi haqida fikr yuritilgan.
Kalit so‘zlar:
tasavvuf,
pandnoma, didaktik, “sariq matbuot”, “qora
adabiyot”, detektiv, antimental,ramz, tamsil.
Аннотация:
В статье рассматриваются художественно-композиционные
особенности, способы выражения, идейно-тематическая, эстетическая
функции
воспитательно-художественного,
нравственно-дидактического
произведения Т. Малика «Чувства гостя».
Ключевые слова:
мистицизм, панднома, дидактика, «желтая пресса»,
«черная литература», детектив, антиментал, символ, репрезентация.
Annotation:
The article discusses the artistic-compositional features,
methods of expression, ideological-thematic, aesthetic function of T.Malik's
educational-artistic, moral-didactic work "Guest Feelings".
Key words:
mysticism, pandnoma, didactic, "yellow press", "black
literature", detective, anti-mental, symbol, image.
XXI asr badiiy tafakkurida diniy-tasavvufiy, axloqiy-didaktik, ramziy-
tamsiliy, realistik ifodalarning uyg‘unlashuvi yaqqol seziladi. Unda aniq bir
mavzu yoki obrazlar olami, badiiylik va kompozitsiyadan ko‘ra kitobxonlar
qalbiga yaqin musohaba, kechinma va tuyg‘ular ifodasi, mulohaza va mushohada
yetakchilik qiladi. Bu yo‘nalishdagi asarlarni mumtoz adabiyotimizda ancha
ilgaridan maʼlum va mashhur bo‘lgan dunyoviy didaktik adabiyotlar anʼanasining
o‘zga bir zamon hamda makondagi yangilanishi deyish ham mumkin.
T.Malikning “Mehmon tuyg‘ular” kitobi shu maʼnoda nuktadon qalb
daʼvati, ehtiyoji bilan yozilgan hikmatnomadir. Yozuvchi yaqin va uzoq
tariximizdagi voqeliklar, jamiyatimizda sodir bo‘layotgan hodisalar, tabiat
qonunlari, shuningdek, Sharqu G‘arbda kechayotgan xush-noxush ko‘rguliklarning
mohir kuzatuvchisi, ularga faol munosabatda bo‘la oladigan yetuk olim,
donishmand siymosida gavdalanadi unda. Adib insonlarni loqaydlik va
mudroqlikdan tafakkur uyg‘oqligiga chorlovchi purmaʼno hikmatlarga yo‘g‘rilgan
413
badialar, rivoyatlar, xotira va hayotiy kuzatuvlari asosidagi lavhalarni badiiy-
tamsiliy ifodalashga erishadi. Xususan, Qurʼon oyatlari, Hadis namunalari va
axloqiy o‘gitlarni muallifning mutasavvuf adiblar, mutafakkir olimlar hamda
donishmandlar fikri bilan mustahkamlab, o‘z qarashlarini esa hayotiy misollar
bilan xulosalagani diqqatga sazovor. Masalan, mehmon va unga munosabat
masalasi o‘tmish xalqimizning qadriyatlaridan ancha uzoqlashgani haqiqat.
Kitobning nomlanishi ham shu nomda ekanligi bejiz emasligini muallif so‘zining
avvalida alohida taʼkidlaydi: “Bu safar kamina mezbon bo‘lish taraddudida. Siz
mehribonlar esa mehmonimsiz. Shu bois xalqimizning eng yuksak fazilatlaridan
biri mehmondo‘stlik haqidagi fikrlar bilan maʼnolar dasturxonini ochmoqqa ijozat
eting!” [2,8]. Asarda shu munosabat bilan xonadon fayzi va barakasi hisoblanmish
mehmondorchilik haqidagi qudsiy hadislardan namuna keltiriladi. Shunga mos bir
mashhur chavandozning o‘z otini so‘yib, musofirni mehmon qilgani haqidagi
rivoyat badiiy jihatdan teran ifodalanadi. Bundan tashqari, mehmon va
mezbonning sharʼiy farzlari ham keltiriladi, yoki arab sayyohi Ibn Battutaning
“Mehmon – atoyi Xudo!” deb, uni yedirish, ichirish, yotog‘ini tayin qilib berish va
duosini, savobini olish uchun talashganlari haqidagi xotirasini ham keltirib o‘tadi.
[2,11] Yozuvchi mavzuni yoritishda o‘zbek xalqining turli viloyat va
qishloqlardagi mehmondorchilik udumlari, ko‘rinishlariga keng to‘xtaladi. Bunda
har bir joyning o‘zigagina xos anʼanalarini eslab o‘tadi. Shuningdek, bugungi
mehmondorchiliklarda gunoh ishlarning aralashib qolayotgani, unda baʼzan
mastlik tufayli ahmoqchilikning barcha ko‘rinishlariga guvoh bo‘lish mumkinligi
kabi hayotiy kuzatishlarga ham eʼtiborni qaratadi. Adib aytmoqchi, bu dunyoda
barchamiz ham mezbon, ham mehmon odoblarini to‘kis o‘zlashtirib olishimiz
uchun mazkur mavzudagi hikoya va rivoyatlar baayni zarurligi anglashiladi.
Binobarin, asarda qalb va uni poklash, iymon, vijdon, nafs, masʼuliyat, do‘st va
uni tanlash, ozodlik va hurlik, muhabbat va baxt, ota va o‘g‘il munosabati, ayol va
qizlar nomusi kabi ko‘plab mavzularga oid didaktik rivoyatlar, hikmatlar, sheʼriy
misralar ko‘pchilik uchun mavhum bo‘lgan tushunchalarning serqatlam mazmunini
anglashga yordam beradi.
Asarda falsafiy fikrlarni soddaroq, hayotiy voqealar yordamida ochib
berishda mahalliy va chet mamlakatlardagi fahsh, iymonsizlik, buzg‘unchilik
ko‘rinishlarini qatʼiyan manʼ etuvchi islomiy asoslar, qonunlar va huquqiy adolat
meʼyorlariga tayanib ko‘rsatib berish o‘sib kelayotgan yosh avlod
dunyoqarashining to‘g‘ri shakllanishida katta ahamiyatga ega, albatta!
“Bolalik olamidan o‘smirlik bog‘iga o‘tishni “ikkinchi tug‘ilish” desak ham
bo‘ladi, – deb yozadi T.Malik. Bu tug‘ilishda o‘smir butunlay o‘zgacha deydiki,
“Endi men qanotlaringiz ostidagi polopon emasman, hadeb qo‘limdan ushlab
yetaklayvermang,
hadeb
izimdan
yuravermang.
Bosgan
qadamlarimga
414
ishonchsizlik bilan qaramang... Men mustaqil odamman. Men ro‘paramda baland
tog‘ni ko‘rib turibman. Uning yuksak cho‘qqilari bor. Bu tog‘dan o‘zim mustaqil
ravishda oshib o‘tmoqchiman. Bu mening hayotdagi maqsadim... Mehr o‘rniga
adolatsizlik, ilm o‘rniga johillik, shafqat o‘rniga zulmni ko‘rganimda qo‘rqib
ketyapman...” Agar o‘smirlik olamiga o‘tgan farzand ota-onasiga bir nima
demoqqa jurʼat va istak topa olsa edi, ehtimol, shularni aytarmidi” [2, 306].
Ko‘rinadiki, qonunchilikni teran anglagan huquqshunos, uzoq va yaqin
tariximizdan xabardor tarixchi, pedagog, sotsiolog, psixolog va islom dinining
nazariy hamda amaliy jihatdan xabardor olimdir. Adibning bola tarbiyasi,
psixologiyasiga oid qarashlari shu maʼnoda ahamiyatli: “Har qanday noto‘g‘ri fikr
birdaniga tug‘ilmaydi, tasodifan yuzaga chiqib, amalda ko‘rinmaydi. Boladagi fikr
yerga qadalgan urug‘ga o‘xshaydi. Unib-o‘sib, meva tugguncha, ancha vaqt, hatto
yillar o‘tadi. Biz faqat mevasiga duch kelganda ajablanamiz... Har bir tushuncha
har bir yoshda o‘ziga xos tarzda takrorlanadi. Masalan, ehtiyoj va talabni yoki
iztirob va qiynoqni o‘n yoshli bolada ham, o‘n sakkiz yoshli yigitchada ham
kuzatish mumkin” [2, 318].
Bu fikrlarni ishonch bilan taʼkidlovchi adibning necha-necha bedor tunlari,
iztirobli kunlari bolalar axloq tuzatish koloniyalarda o‘tgani, u yerdagi deyarli har
bir o‘smir bilan suhbatlashib, kuzatganlari asosida “Alvido, bolalik!” asarini
yozganidan xabarimiz bor albatta! Yozuvchini bezovta qilgan tuyg‘ular bejiz
emasligi shundan ham anglashiladi. To‘plamdagi yana bir lavha diqqatimizni
tortadi.
AQSHda mukofot olgan yosh yozuvchining yutug‘idan quvongan adib,
o‘sha asarni topib o‘qiydi. Faqat hikoyada o‘zbek xalqining ruhiy olami buzib
talqin etilgani adibni ranjitadi. Hikoyada, – deb yozadi T.Malik,– otasi mayxo‘r
oilaning ayanchli holati qalamga olingan. Bolalar mayxo‘r otadan bezor. Bu –
to‘g‘ri. Ammo hikoyadagi farzandlar ota o‘lgandan keyin ham undan
nafratlanishadi. Bu esa noto‘g‘ri. Hikoyadagi farzand nazarida otasining ruhi
baliqqa ko‘chgan. U baliqni – otasining ruhini otadi. Buni onasiga aytsa, u “yaxshi
qilibsan”, deydi. Bu– butunlay yolg‘on holat!“ [2,306]. Darhaqiqat, adib eʼtiroficha
o‘zbek ayolining umri mayxo‘r erining kaltaklari ostida o‘tsa ham, beva qolgach,
uning haqqiga duo qiladi. Ruhining chirqirashini istamaydi. T.Malik o‘z
raddiyasini quyidagi satrlari orqali bayon qiladi: uning mazmunida aroqxo‘r
erkakning bir umr ur-sur kaltaklariga chidagan, pivoxonadan o‘ligi kelib, undan
“qutulgan” xotini va o‘g‘lining holati, ruhiyati shunday bayon qilinadi:
....O‘g‘il ulg‘aydi,
Peshonadan ketdi g‘urrasi,
Anduh ketmadi yurakdan.
“Otangning qabriga tosh qo‘y tuzukroq”.
415
“Tosh emas, bir arava
shishani qalashtirgayman qabri ustiga!”
“Bunchalar qahring qattiq!”
“Mening emas, qahri qattiqdir
otamdan qolgan hayotning”.
Tosh qo‘yilmadi qabrga
Bosib turaverdi
yurakni
kulfat toshlari...
Cho‘kib ketgan edi aroq tubiga
Bolaning bolacha shirin orzulari...
Faqat... erini sog‘inadi,
Tamaki hidi singib ketgan eski ko‘ylagi
Yostig‘i ostida...
Ichkari xonada pichir-pichir...
Dilgir yuragi уйғоқ...[2, 308]
Anglashiladiki, yozuvchimiz haqiqiy o‘zbek ayolining ruhiyatini teran his
qila olgan. Butun umri erining kaltaklari zarbidan qo‘rqib yashagan, farzandlari
behalovat katta bo‘lgan, hatto otasidan unutib bo‘lmaydigan dog‘-nafrat qolgan
taqdirda ham u avvalo o‘g‘lining otasiga o‘xshamasligini duo qilib, ilhaq
termuladi. Ko‘ngli joyiga tushgach esa, baribir, o‘sha erining hurmati, qabr toshi
haqida o‘ylaydi, yana eshik taraqlab ochilib, eri mast holda kirib kelishini kutadi,
ko‘ylagini yostig‘i ostida saqlaydi...
Bu asardagi badiiy to‘qima emas, albatta! Bu adibning hayotiy kuzatishlari
natijasida paydo bo‘lgan xulosa, haqiqat. Shu sababli xalqimizning uzoq o‘tmish
qadriyatlarini, madaniyatini, ruhiy olamini bilmay turib, ular haqida yozish
mumkin emasligi ayonlashadi.
Shu maʼnoda, to‘plamning xususiyati serqatlam. Unda ramziy-tamsiliy,
ijtimoiy-siyosiy, diniy-tasavvufiy, oilaviy-maishiy, pedagogik – psixologik fikrlar
badiiy-kompozitsion jihatdan o‘ziga xos poetik ifodalangan. Jumladan, “Shudring
tomchilari” deb nomlangan bo‘lim uslubiy jihatdan o‘ziga xos. “Izoh joizki, bu
“uchliklar” sheʼr emas,–deb yozadi muallif u haqda. –Yapon adabiyotida mavjud
uslubga bo‘lgan havasning natijasi. Men fikrlarni qisqa bayon etishning shu
uslubini maʼqul ko‘rib, “Shudring tomchilari” deb atadim. U shunchaki fikrlar
bayoni emas, sizlarni hayotda uchrab turuvchi muammolar haqida fikrlashga
daʼvat etishdir”. Darhaqiqat, ularning har biri o‘quvchini mushohoda qilishga,
tafakkurlashga yetaklaydi.
O‘g‘lining yo‘liga ko‘z tika-tika
intizor ona ham o‘tdi zorlanib,
416
so‘ng o‘g‘il sheʼr yozdi: “Ulug‘ zot!” deya.
Bir olim qararmish endi tarixga
Boshqacha ko‘zlari bilan
Nechta ko‘zi bor ekan, унинг...[2, 404]
Shu singari “uchliklarni” yaxlit ibora, aforizm shaklida ham qo‘llash
mumkin: “Duo qildilar: “Boshing toshdan bo‘lsin”, Qalbing tosh bo‘lmasa bas”;
“Shunday yashamoq joizki, so‘ng aytmasinlar: o‘ldi-yu ketdi izsiz”; “Axloqsizlik
quvvat oladi, ajdodlarni mensimaslikdan”...
Bu kabi hikoyat va rivoyatlar tafsiri orqali nafaqat mavhum tushunchalarni bolaga
anglatish ko‘zda tutilgan, balki ularni yoshlikdanoq badiiy adabiyotning poetik
detallari, ramz va tamsillari, mohiyatini teran idrok qilishga tayyorlash ham
eʼtiborga olingan.
Umuman, XXI asr o‘zbek adabiyotining badiiy-estetik saviyasi, mavzu-
mundarijasi, ifoda usullari yangilana borgani ushbu asarda ham yaqqol namoyon
bo‘lgan. Maʼrifiy qissalarga xalq pedagogikasi, qurʼoniy suralar mazmuni
singdirilgani davr adabiyotining yana bir xususiyati hisoblanadi. Shuningdek,
bolalar va o‘smirlar ruhiyati talqinida jahon adiblarining badiiy-estetik tajribalari
ustuvor. Badiiy ijodda axloqiy-maʼrifiy qarashlarning yetakchiligi esa davr
adabiyotining ehtiyojlaridan biriga aylangani yuqoridagi kabi asarlarning
maydonga kelishiga turtki bo‘layotir, desak yanglishmaymiz.
Dostları ilə paylaş: |