FUZULIY CHO‘LPON NIGOHIDA
Dilmurod QURONOV,
Andijon davlat universiteti professori,
filologiya fanlari doktori
(O‘zbekiston)
Annotasiya:
Maqolada Cho‘lpon ijodining Fuzuliy she’riyati bilan mushtarak
nuqtalari epigraflar misolida, shuningdek, ikkala shoirning ifoda yo‘sinidagi
o‘xshashliklar misolida ko‘rsatilgan. Cho‘lponning Fuzuliy ijodiga bolalikdan
mehr qo‘ygani, yetuklik pallasida bu his unda ulug‘ shoir ijodini teranroq o‘rganish
ehtiyojini tug‘dirgani ochib berilgan.
Kalit so‘zlar:
epigraf, ifoda yo‘sini, saltanat, sho‘ro davri, ijodiy ehtiyoj.
Abstract:
In the article, the common points of Cholpon's work with Fuzuli's
poetry are shown on the example of epigraphs, as well as on the example of
similarities in the way of expression of both poets. It has been revealed that
Cholpon has been fond of Fuzuli's work since childhood, and that this feeling in
his maturity created the need for a deeper study of the work of the great poet.
Key words:
epigraph, way of expression, reign, Soviet era, creative need.
Аннотация:
В статье показаны общие моменты творчества Чолпона с
поэзией Физули на примере эпиграфов, а также на примере сходства в
способе выражения обоих поэтов. Выявлено, что Чолпон с детства увлекался
творчеством Физули, и это чувство в зрелом возрасте создало потребность в
более глубоком изучении творчества великого поэта.
Ключевые слова:
эпиграф, способ выражения, царствование, советская
эпоха, творческая потребность.
Yunus Maqsudov Cho‘lpon haqidagi xotiralarida 1929-yilning yozida
Olimxon aka xonadonida kechgan dilkash suhbatni eslaydi. Uning aytishicha,
o‘shanda Cho‘lpon “kechgacha Navoiy va Fuzuliy g‘azallaridagi Islom tarixi va
Qur’oni majid oyatlariga taalluqli o‘rinlarni Nodirxon maxsumdan so‘rab yozib
olgan”. Xotiranavis shomdan keyin majlisda fuzuliyxonlik bo‘lgani, Cho‘lpon
Fuzuliy devoniga kirgan g‘azallardan, “Layli va Majnun”dan anchagina o‘qib
112
berganini eslaydi va aytadiki: “bir vaqt qarasam, ko‘zida yosh paydo bo‘libdi.
Shunda u:
- Men... endi bo‘ldi, ortiq o‘qiy olmayman, - deya devonni Olimxon akaga
uzatdi” [1, 160]. Avvalo, Yu.Maqsudiy keltirgan ushbu epizoddan Cho‘lponning
Fuzuliy (va Navoiy) asarlariga astoydil qiziqa boshlagani (sal ilgariroq uning
mumtoz shoirlar haqida “bir xil... bir xil... bir xil” deb noliganini eslang)ni,
ularning mazmun-mohiyatiga teranroq kirib borishga harakat qilayotgani ko‘riladi.
Ikkinchi tomoni, shoir Fuzuliy she’rlaridagi dardni yuragiga juda yaqin olib,
o‘qigan paytida shu dard bilan yashay boshlagani (ko‘zidagi yosh, “ortiq o‘qiy
olmayman” degan zori) ham ko‘zga tashlanadiki, bu uning salafini bir inson
sifatida his qilayotganidan dalolat. Davomida xotiranavis Cho‘lponning
“Menimcha, Fuzuliyga “Layli va Majnun”ni yozish juda ham og‘ir, ayni zamonda
juda ham zavqli bo‘lgan. Chunki Fuzuliy Majnun qiyofasiga kirmay, ishq yo‘lida
Majnun chekkan azob-uqubatlarni o‘z boshidan kechirmay turib bunday shoh
asarni yoza olmas edi” deganini eslaydi [1, 167]. Bundan esa uchinchi jihat,
Cho‘lponning Fuzuliyga bir ijodkor sifatida qiziqayotganini, salafining dostonni
ijod onlaridagi ruhiyatini his qila boshlaganini sezish mumkin.
Albatta, Cho‘lponning bungacha ham Fuzuliyni bilgani, asarlari bilan tanish
bo‘lgani shubhasiz. Faqat yangilikka tashnaligi orqasida ma’lum vaqt mumtoz
she’riyat biroz e’tiboridan chetda bo‘lgan, yoshi ulg‘aygani sari unga endi
yangidan nazar sola boshlagan ko‘rinadi. Fikrimizning dalili shuki, Cho‘lpon
“Yorqinoy” dramasiga Fuzuliy devonidagi ilk g‘azalning mana bu baytini epigraf
qilib olgan:
Vodiyi vahdat haqiqatda maqomi ishqdir,
Kim mushaxxas o‘lmaz ul vodiyda sultondin gado.
To‘g‘ri, bu o‘rinda bayt zohiridan kelib chiquvchi “ishqda shohu gado
barobar” degan ma’no va uning drama mazmuniga uyg‘unligi hal qiluvchi rol
o‘ynagan, ya’ni epigraf qilib olishning bosh omili shu – Fuzuliyga, uning ijodiga
ayricha munosabat bilan izohlash zo‘raki ko‘rinar, ehtimol. Agar Cho‘lpon tahsil
olgan vaqtlarda “majburiy o‘qiladigan adabiyotlar” sirasida Fuzuliy ham
bo‘lganini yodga olsak, shoirga ayricha munosabatdan ko‘ra “ko‘p qatori
bilgan”lik haqiqatga yaqinroqdek. Shunday bo‘lsa-da, biz Cho‘lponda Fuzuliy
ijodiga ayricha mehr ilgaridan bo‘lgan deb hisoblaymiz va bu fikrda aslo zo‘rakilik
yo‘q deb bilamiz. Zero, “Yorqinoy” dramasining 1920-yilda yozilganini
unutmaslik kerak. Agarki o‘sha vaqtdayoq baytini asariga “ochqich” qilayotgan
ekan, buni Cho‘lponning Fuzuliy ijodiga ayricha mehri, hurmatidan nishona deb
bilish xato bo‘lmaydi. Agar uch yil keyin yozilgan “Somon parcha” (1923)
she’riga ham Fuzuliydan epigraf olinganini qo‘shsak, fikrimizda zo‘rakilik yo‘qligi
ayon bo‘ladi. Darvoqe, shu o‘rinda yana bir narsani qayd etish joiz: Sulaymonqul
113
bazzozdan qolgan she’r daftarida fuzuliyona ruh va uslubdagi she’rlar bor. Kamina
90-yillarda ikki marta Cho‘lponning singlisi Foiqa aya bilan suhbatlashganman:
ularda ham bir necha bor Fuzuliy tilga olingan. Aytmoqchimanki, “ko‘p qatori
bilganlik” sifati kamlik qiladi, zero, Cho‘lpon shakllangan oila muhitida she’rga,
xususan, Fuzuliy ijodiga ayricha mehr bo‘lgan.
Xullas, Cho‘lpon Fuzuliy dahosiga ayricha mehr bilan qaragan, o‘zining yigit
yoshida yozilgan asarlariga ulug‘ salafining purma’no misralarini epigraf qilib
olgani ham shundan dalolatdir. Ayniqsa, she’rga epigraf qilib olingani. Zero,
she’rga olingan epigraf mazmuni-ruhi bilan she’r mazmuniga bevosita bog‘liq: u
she’rga emosional-inetellektual kirish, ma’nolari tilsimini ochuvchi kalit,
mazmuniyu ruhini to‘latish, aniqlashtirish kabi qator badiiy vazifalarni bajaradi.
Shuning o‘ziyoq epigraf qilib keltirish uchun shoir misralari olinayotgan ijodkorga
ma’naviy-ruhiy jihatdan yaqin bo‘lishi lozimligini ko‘rsatadi, albatta. Fuzuliy bilan
Cho‘lpon orasida shunday yaqinlik borki, shu narsa ularni bog‘lagan ko‘rinmas
rishtadir.
Aytilganidek, Cho‘lpon HOL ini izhor qilgan eng mashhur she’rlaridan biri –
“Somon parcha”ga [2, 137-138] Fuzuliyning mana bu qit’asini epigraf qilib olgan:
Dəhr bir seylabdır, mülhəq ədəm dəryasına,
Biz ki, sərgərdanız, ol seylabə düşmüş xarü xəs.
Cizginir xarü xəs ol seylab olduqca rəvan,
Yetmədən dəryayə, rahət mümkün olmaz bir nəfəs [3, 359].
Fuzuliy qit’asi falsafiy mazmunda: shoir “dunyo adam daryosiga
qo‘shiluvchi selobdir, biz undagi bir xoru xasdek sargardonmiz” deya dunyoning
foniyligi, uning qarshisida insonning ojizligini e’tirof etadi. Fuzuliyga ko‘ra bu
hol – inson qismati: to o‘sha selob tinchimagunicha, ya’ni adam daryosiga
qo‘shilmagunicha xoru xasga bir nafas ham rohat, tinchlik bo‘lmagay. Fuzuliy bu
gaplarni hayotiy tajribalarini umumlashtirayotgan donishmand o‘laroq aytadi:
shuning uchun qit’ada sokin ohang, taslimiyat ruhi bor. Cho‘lpon ham o‘zini
“xoru xas” – bir somon parcha deb biladi, biroq unda o‘zgacha ruh ustuvor:
Topshirdim o‘zimni muhitning erkiga…
Muhit girdobida bir somon parcha,
Bir poxol cho‘pidek oqib boramen.
Har amal, har ishni “haq” deb boraman,
Vazminim qolmadi bir uzuq qilcha…
Bu yerda “ilojsizlikdan o‘zini muhit erkiga topshirgan” Cho‘lponning iztirobu
alami aks etganki, u taslimiyat ruhiga tamom zid. Zero, bu iztirob bag‘rida isyon
botindir. Ikki shoir HOLidagi farq dunyoqarashlaridagi muhim bir farq bilan
izohlanadi: Fuzuliy – eskicha fikrlaydigan odam, insonning ojizligini, hamma
narsa Alloh izmida ekanini tan olgan, uning taslimiyati shu e’tiqoddan kelib
114
chiqadi. Cho‘lpon – yangicha fikrlaydigan odam, inson olam ravishini o‘zgartira
olishiga ishonib qolgan, shu bois ham dunyoni isloh qilish harakatiga tushgan va
bu yo‘lda mag‘lubiyatga uchrab, endi “bir uzuk qilcha vazmini qolmagan”iga
o‘kinib turibdi. Uning “Na isyon, na to‘lqin, na to‘fon, na o‘t! Ko‘zimda og‘ir bir
taslim nuri bor” deyishida ham shu o‘kinch barq urib turadi. Shu bilan birga, ayni
shu satrlarda holatga munosabatning turlichaligi ham yaqqol ko‘zga tashlanadi:
Fuzuliy tabiiydek qabul qilayotgan taslimlik haqida Cho‘lpon “og‘ir” sifatini
qo‘shib gapiradi. Sababi, undagi taslimlik hayotiy prinsipga aylangan emas.
Shuning uchun ham shoir o‘zini “somon parchasi” his qilsa-da,
Lekin zo‘r dengizning cheksiz qo‘ynida
Jimgina boradir kirsiz qo‘ynimda
Erkin ko‘piklarning allaqanchasi! –
deydi. Ya’ni hozirda jimgina oqib borayotgan “erkin ko‘piklar” kun kelib
junbishga kelishiga, yana kurash maydoniga kirishiga umid qiladi, zero “Haq yo‘li
albatta bir o‘tilg‘usi”ga ishonadi.
Oila muhitidayoq Fuzuliy she’riyati bilan tanishgan va unga mehr qo‘ygan,
keyincha – she’riyatdagi turfa yangiliklarga maftun paytlari – unga nisbatan biroz
“sovigan” Cho‘lpon yetuklik pallasiga kirgani sari salafi ijodiga o‘zgacha nigoh
bilan qaray boshlagan, mohiyatiga yaqinlashish payida bo‘lgan. Chamasi,
atrofidagilar ham undagi niyat-kayfiyatdan yaxshi xabardor bo‘lganlar.
O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzi Prezidiumi 1936-yil 20-oktyabrdagi yig‘ilishida
Cho‘lponga Fuzuliy ijodi bo‘yicha plenumda ma’ruza qilish vazifasini yuklagani
[4, 31-34] shunga dalolat qiladi. Xuddi shu vaqtda – “Guliston” jurnalining
1936- yil 10-sonida – Cho‘lpon “Fuzuliyning pichinglari” nomli maqolasini e’lon
qilgan. Maqolada Cho‘lpon ulug‘ salafiga yuksak baho beradi, mumtoz
adabiyotimizni tekshirganda adabiyotshunoslarimiz “Fuzuliyga ham diqqat
qilishlari kerak”ligi, “o‘zbek klassik adabiyoti tilining shakllanishida Fuzuliyning
juda yaqqol ta’siri bor”ligini, uning “oz yozgan, lekin soz yozgan shoirlardan”
ekanligini ta’kidlaydi. Davomida Fuzuliyning Turkiyada chop qilingan kulliyoti va
uning qanday tarkiblangani haqida ma’lumot bergach, unga “kirmagan yana bir
asari – “Hadiqatus-suado”si borkim, ma’lum Karbalo fojiasiga bag‘ishlanib
yozilgan. Uning boshqa asarlari, borligidan xabarimiz yo‘q. Mashhur chig‘atoy
klassik shoiri Lutfiyning bir g‘azaliga Fuzuliy tomonidan bog‘lang‘an chiroylik bir
muxammas (beshlik) qo‘lyozma holida saqlang‘an ekan, ko‘rushga muvaffaq
bo‘ldik. (Fuzuliyning muxammas bog‘lashdag‘i hunarini ko‘rsatish uchun o‘sha
muxammas bilan yana o‘z ustozi Habibiyning bir g‘azalig‘a bog‘lag‘an
muxammasini bir qadar izoh bilan “Guliston”da bermoqchimiz)” [5], - deydi.
Fikrimizcha, bu gaplarni Fuzuliy ijodi bilan maxsus shug‘ullangan, bugun ham bu
115
yo‘lda izlanayotgan va ertaga-da davom ettiradigan odam aytayotganini anglash
qiyin emas.
Cho‘lponga ko‘ra, “klassik shoirlar orasida Fuzuliy o‘zining samimiyligi,
kuyub, ko‘nglidan olib yozishi bilan alohida o‘run tutadi”. Shu bois Fuzuliyni
avvalo bir inson sifatida tushunish kerak, zero, u ko‘proq hayotdan so‘zlagan
shoirdir. Ya’ni, Cho‘lpon shoirga ijodining tabiatidan kelib chiqib, shunga mos
yondashuv bo‘lishi kerak deb biladi. Modomiki Fuzuliy “hayotdan so‘zlagan
shoir” ekan, u haqda so‘z ketganda “uning dardu alamidan, uning changi osmonga
chiqishidan, chuqur ma’nolarga ega falsafiy nolishlaridan bo‘rttiribroq gapirish
lozim keladi”, - deb uqdiradi. Biroq “go‘zallikni o‘ziga monopoliya qilish bilan
maqtanaturg‘an tasavvuf” uning asarlarini “boshqa hech kimga, ayniqsa,
turmushning dag‘al ehtiyojlaridan ko‘prak gapiraturg‘an “qo‘pol” moddachilarga
bermak istamaydi”. Ko‘ramizki, Cho‘lpon Fuzuliy asarlarini tasavvufning tayyor
qoliplaridan kelib chiqib tushunish amaliyotiga qarshi, ulardagi “go‘zal ramzlar
(simvol) libosiga o‘ralgan” hayotiy mazmunni, shoirning dardlarini tushunmoq
kerak deb biladi. Cho‘lpon tasavvufni “go‘zallikni monopoliya qilish”da
ayblayotgani bugungi kun o‘quvchisida e’tiroz uyg‘otishi mumkin, albatta, lekin
uning fikrida rasional mag‘iz borligini inkor qilib bo‘lmaydi. Zero, yaxshi bilasiz,
so‘ng yillarda shoir aytayotgan “monopoliya” qayta tiklandi hisob: mumtoz
she’riyatimizda ko‘ngilni asir etgan go‘zal – “yor”ni kuylovchi shoir bo‘lmagan
go‘yo, she’rki bo‘lsa, barida Haq – “Yor” kuylangan. Ya’ni Cho‘lpon she’rdan
bo‘lsa-bo‘lmasa, bilsa-bilmasa “tasavvuf” izlashga qarshi ekanki, aslida, haqiqiy
ilm bunga hamisha qarshi turmog‘i kerak. Cho‘lponning bu masalani ayricha
urg‘ulashi bejiz emas: uning o‘zi ham she’rni mafkura qoliplaridan kelib chiqib
tushunilishi va baholanishidan, vulgar sosiologik yondashuvdan ko‘p zada edi.
Boshqacha aytsak, Cho‘lpon Fuzuliyda qismatdoshini, uning dardlari o‘zining
dardlari bilan eshligini ko‘radi, ko‘rsatadi. Shunday yondashilsa, Cho‘lpon
maqolani bejizga “Fuzuliyning pichinglari” deb atamagani, uning satrlari orasiga
o‘zining dard-hasratini singdirganini anglash mumkin. Ya’ni “Fuzuliyning
pichinglari” haqidagi maqola zamiriga “Cho‘lponning pichinglari” joylab
yuborilgandir.
Agar yuqoridagi fikrni asos qilib olsak, maqola tagmatnidagi ma’nolarga
yo‘l ochiladi. Cho‘lpon “o‘sha zamonning hokim mafkurasiga katta ta’sir ijro
qilg‘an tasavvuf saltanati (sulton saltanati bilan bab-baravar xalqni kemirgan
kuch), shuningdek, butun mamlakatni o‘zining qattiq changalida ushlagan sulton
idorasi, shunday san’atkor bir shoirga o‘rta darajalik bir hukumat ma’muriga
bergan davlatni bermaydi, yoki bergisi kelmaydi” deydi. E’tibor bering: Cho‘lpon
“sulton saltanati” va “tasavvuf saltanati” birlashgan holda xalqni kemirganini
aytmoqdaki, bu uning o‘z zamonasiga ishora – davlat va kommunistik mafkura
116
birlashib xalq qonini so‘rmoqda, degan fikrni ifodalash uchun topib qo‘llangan
o‘xshatma, analogiyadir. Qizig‘i, ayni usuldagi talqin maqolada epizodik emas,
aytish mumkinki, undagi ifoda to‘laligicha shu yo‘sinda qurilgan. Deylik,
Cho‘lpon badiiy jihatdan ko‘p qimmatli asarlar yozgan Fuzuliyning “asarlarini
tegishincha taqdir qilish”, “shunga yarasha muomala qilish” o‘rniga “har tomondan
yakkalatib, so‘kturilgani”, “yo “shia” deb, yo bo‘lmasa umuman “e’tiqodi sust”
deb ta’na toshlari ottirilgani” haqida yozganida ham o‘z dardini ifoda etayotgani
shubhasiz. Yo‘q, muallifning shaxsiy dardigina desak, o‘xshatmaning mohiyati
toraytirilgan bo‘ladi. Zero, Cho‘lpon bu bilan 20-30 yillarda sho‘rolarning adabiyot
va san’at sohasida yuritgan siyosatni umumlashtirib ko‘rsatmoqdaki, davr
sharoitida bu chinakam insoniy va ijodiy jasorat edi.
Ko‘rib o‘tganimiz – “yo‘lini qilib o‘yidagini aytish” 30-yillarning o‘rtalariga
kelib Cho‘lpon ijodida majburiyat orqasida shakllangan ifoda yo‘sinidir [6, 106-
127]. Uning “Qiziqlar” nomli maqolasi, “Yana oldim sozimni” she’ri, “Kecha va
kunduz” romanida ifoda ayni shu yo‘sinda voqe bo‘lgan. Cho‘lpon adabiyot tuzum
va dohiylarga maddohlik qilish bilan mashg‘ul bo‘lgan davrga munosabatini
quyidagi satrlarda aks ettiradi: “Fuzuliy davrining kattalari (Bag‘dod volisi Ayoz
posho, Uvaysbek, Rustam posho, Mustafo Chalabiy, askarlar qozisi Qodir
Chalabiy va boshqalar), shoirning o‘z nafsini kuchlab turib yozgan maqtovlari
(qasidalar)dan boshqa narsaga tushuna olganmikan? O‘zlarini maqtab yozgan
qasidalar uchun ba’zi-ba’zida “iltifot” qilib, gadoylar qatori “xayr-sadaqa” tashlab
qo‘yaturg‘an kattalar shoirning asil ko‘nglidan chiqqan (emosional) hayajonlarini
anglayolarmidi?” Parchani yana analogiya asosida tushunishga, Cho‘lpon satrlar
orasiga joylagan fikrlarni anglashga harakat qilamiz. Undagi asosiy nuqtalar
quyidagilar: 1. Rasmiy doiralar (“Fuzuliy davrining kattalari”) faqat o‘zlari madh
etilgan asarlarni tushunadi va qadrlaydi; 2) bunday asar mualliflari
rag‘batlantiriladi (“iltifot” qilinadi); 3) bu rag‘bat – haqiqatda haqorat (o‘sha
mualliflar “gadolar qatori” ko‘riladi, ularga asl munosabat – shu); 4) shoir “o‘z
nafsini kuchlab” maqtov yozishga majbur; 5) mavjud sharoitda haqiqiy (“asil
ko‘ngildan chiqqan”) san’at va adabiyot qadrlanmaydi. Ko‘ramizki, Cho‘lpon
Fuzuliy bahonasida maqola yozilgan davr ijtimoiy-madaniy sharoitining asosiy
chizgilarini, adabiy jarayondagi g‘aroyib holatlarni ko‘rsatib, mavjud sharoitdagi
ijodkor ahvol-ruhiyasini ifodalab bermoqda. Xuddi “Qiziqlar” maqolasida va
“Yana oldim sozimni” she’ridagi kabi bu ham adibning XOS o‘quvchisiga
murojaati, bir tomondan, “o‘z nafsini kuchlab” yozgan asarlari uchun uzrxohligi,
ikkinchi tomondan, asarlari qatida botin “ko‘ngil rozi”ga ishorasidir [7, 69].
Shu tariqa “Fuzuliy turk sultonlarining eng hashamatligi” Sulton Sulaymon
Qonuniy davrida yashaganiyu “sultonparast tarixchilar uning davrini maqtab tugata
olmasliklari” haqidagi gaplar ham beixtiyor maqola yozilgan davr bilan
117
bog‘lanadi. Cho‘lpon Sulton Sulaymon qancha urinmasin “mamlakat idorasi,
baribir, bir to‘da o‘g‘rilar va talonchilar qo‘lida qolgan” deydiki, bunda hamma
maqtayotgan sho‘ro yurtiga ham ishora yo‘q emas, albatta. Zero, maqolalarida
sho‘rocha byurokratiyani ko‘p bora tanqid qilgan Cho‘lpon Fuzuliy tanqid qilgan
Sulton Sulaymon davridagi boshqaruv tizimi bilan o‘xshashlik ko‘rmasligi
mushkul ham edi. Lekin biz uchun hozir muhimi bu emas, bu to‘g‘rida aytilganlar
kifoya qiladi. Biz uchun muhimi Cho‘lponning Fuzuliyga xos ifodani –
noroziligini “piching” yo‘li bilan ifodalaganini urg‘ulab ko‘rsatayotgani. Ya’ni
Cho‘lpon o‘quvchiga adabiyot shunaqa yo‘llar bilan ham fikr aytishi mumkinligini
namoyish etadi, adabiy asarlar, jumladan, o‘zining asarlari qatidagi ma’nolarni
anglashga da’vat qiladi.
Ma’lum bo‘ldiki, Cho‘lpon oila muhitida bolaligidayoq ruhiga singgan
Fuzuliy ijodiga muhabbat yetuklik pallasiga kirganida teranroq anglash ehtiyojini
tuygan. Bu ehtiyoj shoirning o‘zini buyuk salafiga ma’nan yaqin his qilgani, uning
hayot yo‘lida ijodiy taqdiriga o‘xshash nuqtalarni, yozganlarida ijodiy sajiyasi va
ifoda yo‘sini bilan mushtaraklikni ko‘ra olgani natijasidir. Cho‘lpondagi mazkur
ijodiy-ruhiy ehtiyoj yozuvchilar uyushmasi topshirig‘i bilan quvvatlangani hisobga
olinsa, uning Fuzuliy ijodiga bag‘ishlangan boshqa bitiklari ham bo‘lgan bo‘lishi
mumkin, degan ehtimol paydo bo‘ladi. Afsuski, Cho‘lpon arxivi saqlanmagani
sababli bu ehtimolni tekshirish imkonidan mahrummiz; xayriyatki, saqlanib qolgan
manbalar uning ulug‘ ozarbayjon shoiri bilan ma’naviy aloqalari haqida umumiy
tasavvur hosil qilish uchun yetarli.
Dostları ilə paylaş: |