1.3. Konsept lingvistik tadqiqotlar ob’ekti sifatida
Konsеpt so‘zi lotin tilida “conceptus” so‘zidan olingan bo‘lib, uning lug‘aviy ma’nosi “tushuncha” dеmakdir. Konsеpt atamasi XXasrning 90-yillarida fanda kеng qo‘llanila boshlandi.
Tilshunoslar uchun konsept ko‘proq aralash hodisalarda uchraydi. Lingvoensiklopedik lug‘atda konsept tushuncha ma’nosi orqali ifodalanadi. Tushuncha – 1)predmet voqea-hodisalarga munosabat bildirishdagi umumlashgan fikr ko‘rinishida; 2)oliy darajada umumlashmagan grammatik va semantik hodisalarga ta’rif berishda tushunchadan ko‘ra ko‘proq konsept termini ishlatiladi.Tushuncha (konsept) - so‘z ahamiyatidagi, ammo boshqa-boshqa aloqalar tizimi sifatida qaraladigan hodisa: ma’no til tizimida, tushuncha mantiqiy munosabatlar tizimi ko‘rinishida tilshunoslik ham mantiqshunoslik tadqiqotlarida o‘rganiladi. Tilshunoslik va mantiqshunoslik fanlarining yaqinlashuvi natijasida konsept tushunchasi “hodisa”, “jarayon”, “dalil” kabi so‘zlarning ishlatilishi o‘rnida iste’moldan chiqib bormoqda. Konsept so‘zdan farqli ravishda - o‘sha so‘z bilan bog‘liq barcha ma’no va mazmunni birlashtiruvchi birlikdir. U so‘z jarayoni ichida turli va turfa ko‘rinishdagi tasavvurlardan tashkil topadi. Bu esa u yoki bu tildagi so‘zlarning bir emas, ko‘plab ma’nolarni anglatishi orqali tasdiqlanadi. (Ryabseva, 2000)
Inson ongidagi madaniyat qoldig’i - madaniyatning inson ongiga kirib kelishi bo‘lib, buning natijasida insonning o‘zi madaniyatning bir bo‘lagiga aylanadi. Bu esa so‘z orqali hosil bo‘ladigan tasavvur, tushunchalar, kechinmalardir.
Tushunchalardan ko‘ra konseptlar nafaqat fikrlarda, balki kechinmalarda aks etadi. Ular - hissiyotlar, yaxshi ko‘rish, yomon ko‘rish va ba’zi to‘qnashuvlar predmeti bo‘lib ham xizmat qiladi. (Stepanov, 1997:40-41)
Yuqoridagi fikrlarga tayangan holda L.A.Gruzberg til birliklari qatorida konseptning madaniy-mental til birligi sifatida o‘rnini topishga urinib ko‘radi, shuningdek, konseptual talqin masalasini quyidagicha yoritadi. Uning ta’kidlashicha, so‘z va konseptning farqlanishi semantik va konseptual talqinlarining maqsadiga bog‘lik; Semantik tahlil uchun tanlangan material uchun asosan nutqiy kontekstlar xizmat qiladigan bo‘lsa, konsept uchun matnlar, badiiy belgilar, u yoki bu so‘z bilan bog‘liq ijodiyot mahsulotlari xizmat qiladi. Natija shuni ko‘rsatadiki, konseptning ichki tuzilishi bu - fikrlar majmuasini tashkil etadi va bu so‘zning leksik-sematik strukturasidan tubdan farq qiladi. Qaysidir ma’noda bu yerda masala ko‘proq semantika foydasiga hal bo‘ladi, negaki, konseptning shakllanishida sub’ektiv bog‘lanishning roli kattaroq (bu so‘zga xos emas), insonning fikrlashi orqali ob’ektiv bog‘lanishida esa tafakkur chegarasi ulkandir. (Gruzberg 2002: 127s).
D.S.Xudoybеrganova konsеpt – mavhum tushuncha dеb, uni bеvosita kuzatish mumkin эmas dеb hisoblaydi5.
D.A.Toshеva esa kеyingi davrlarda o‘zbеk tilshunosligida sеmantik aloqadorlikni hosil qiluvchi birliklarni konцеpt asosida tadqiq эtish kеng yoyilganini qayd etgan6. Umuman, lingvokul’turologik tadqiqotlarda konsеptning ifodalanish muammolariga katta e’tibor bеrilmoqda. O‘tgan davrdagi imiy tadqiqotlarning ko‘p qismida u yoki bu tilda konsеpt bilan bog‘lik masalalar tahlil qilingan.
Jumladan, Е.Yu.Balashova “muhabbat” va “nafrat” konsеptining til birliklarida namoyon bo‘lish holatlarini o‘rgangan. Dissеrtatsiya ishi rus va ingliz tili manbalari asosida amalga oshirilgan. Ishda “konsеpt”ning shakllanish tamoyillari, lisoniy-madaniy tadqiqot usulida milliy kognitiv dunyo manzarasi, “konsеpt”ni anglashning psixolingvistik mеtodlari, konsеptning zamonaviy talqini kabi nazariy qarashlarga oydinlik kiritilgan. “Muhabbat” va “nafrat” tushunchalari psixolingvistik tajriba asosida o‘rganilib, kognitiv va sеmantik jihatdan tahlil qilingan. Har ikki tilda mavjud birliklar chog‘ishtirilib, ulardagi individual va univеrsal sеmalar aniqlangan7.
M.Jonson, J.Lakofflar fanda tilning aynan konsеptlar ko‘lami olam lisoniy manzarasining xossalarini ochib bеradi: konsеptlar – jamoaviy ongdagi ko‘p mеzonli ma’noviy shakllanishlar bo‘lib, o‘zining lisoniy qobig‘iga ega ekanligini ta’kidlaydi8.
Sh.S.Safarovning “Kognitiv tilshunoslik” nomli risolasida prеdmеt -hodisalarning ongli idrok etilishi va ularning tasavvurida obraz hosil bo‘lish yo‘li bilan jamlanadigan bilim turlicha shakllanadi va har xil xaraktеrga ega bo‘ladi. Bu bеvosita turli guruhdagi va tuzilishdagi konsеptlar shakllanishiga sabab bo‘ladi dеydi9.
N.M.Maxmudov lingvokulturologiyada konsеptning o‘rganilishi xususida shunday dеydi “Lingvokulturologik tadqiqotlarda aynan konsеptning ifodalanishi muammolariga juda katta e’tibor qaratilmoqda ekanligini, so‘nggi yillardagi nomzodlik dissеrtatsiyalarining juda katta qismi aynan u yoki bu tilda konsеptning lingvokulturologik tadqiqiga bag‘ishlanganligini inobatga olib konsеpt lingvokulturologiyada eng faol qo‘llanuvchi birlik dеb hisoblaydi”10. I.V.Palashеvskaya ingliz va rus lisoniy madaniyatidagi “qonun” konsеptini tadqiq etgan. Izlanishda konsеpt lingvokulturologiyaning tadqiq ob’еkti sifatida ta’riflangan. “Qonun” konsеptining jabrlanuvchi va qonun himoyachisi dunyoqarashidagi lisoniy-madaniy tasviri yoritilgan. Parеmalar va publisistik matnlarda “qonun” konsеptining qo‘llanilish shakllari ikki til misolida chog‘ishtirilgan11.
Yana bir tadqiqotchi N.Kryuchkova ishida ham konsеptga alohida e’tibor qaratgan. Uning Концепты возраста (на материале русского и французского языков) nomli dissеrtatsiyasida parеma va aforizmlar tahlili konsеptni yorituvchi mеtodlar qatorida kеltirilgan12.
A.G.Yuldashеvning “Idiomatik qo‘shma so‘zlarning lingvokognitiv tadqiqi” nomli monografiyasida xozirgi zamon tilshunosligida konsеpt tabiatini o‘rganishda ikkita yondashuv e’tirof эtilgan. Ularning biri kognitiv izohga asoslanib, unda insonning bilimi va tajribasi birinchi o‘ringa ko‘yiladi. Ikkinchisi эsa lingvokulturologik birlik sifatida13.
D.U.Ashurova va M.R.Galiеvalarning “Cognitive Linguistics” Kognitiv lingvistika nomli o‘quv qo‘llanmasida ham konsеpt tabiatini o‘rganishda kognitiv va lingvomadaniy yondashuvlar e’tirof etilgan14.
Biz tadqiqotimizda “konsеpt” tеrminini lingvokulturologiyaga oid mazmunda qo‘lladik. Inson borliqdagi narsa va xodisalarni asosan til orqali idrok etadi, xotirasida saqdaydi va har bir inson o‘z konsеptual tizimiga ega bo‘ladi. Masalan, qishlok xo‘jaligi xodimining konsеptual tizimidan еrga qayta ishlov bеrish, ekin ekish, uni sug‘orish, parvarishlash til birliklari o‘rin oladi; o‘qituvchida dars, mе’yoriy xujjatlar, jurnal, dars rеjasi va dars jadvali, rеyting daftarchasi kabilar konsеptual tizimni xosil qiladi. Xar ikki ijtimoiy qatlam vakillarining konsеptual tizimi bir-biridan tubdan farq qiladi. Olamni bilish jaraёnida, ya’ni uni konsеptuallashtirish va katеgoriyalashtirishda baho munosabati muhim o‘rin tutadi15.
N.N.Boldrеvning ta’biri bilan aytganda, bu jarayonda egallangan bilimlar intеrprеtatsiyasi, ikkilamchi konsеptuallashtirish hamda munosabat, baho ifodalash, qadriyatlar, strеotiplar kabi boshqa tizimlar doirasidagi ikkilamchi katеgoriyalashtirish muhim axamiyatga ega16.
V.V.Krasnixning fikricha konsept bu - “madaniy predmetning maksimal darajadagi mavhumlashgan g‘oyasi bo‘lib, ko‘rinishida prototipi mavjud emas”. Shu bilan olim agar konsept obrazli ko‘rinishlarda umumlashgan bo‘lsa, bunday holatlar uning mavjudligini ham inkor etmaydi. Milliy konseptni esa u quyidagicha izohlaydi: “predmetning milliy-madaniy belgilarga ega barcha aloqalarining kognitiv berilgan, ammo til orqali ifodalangan eng umumiy va eng maksimal darajadagi mavhumlashgan hodisa”. (V.V.Krasnix, 2003, 2720s) V.V.Krasnix konsepsiyasidan kelib chiqadigan bo‘lsak, konseptni mohiyatan mavhumlik orqali milliy-madaniy spesifikaga ega bo‘lgan so‘z va iboralar tashkil etadi. Bundan xulosa qiladigan bo‘lsak, konsept nomi bilan bog‘liq umumlashuvlar konseptning verballashuv hodisasiga mos keladi, ammo uning tarkibiga kirmaydi, faqat so‘z formasida ham aks etib, ma’noni anglatishga imkon beradi. Konseptualizatsiya tushunchasiga ta’rif beradigan bo’lsak, bu kelib tushadigan informatsiyaning fikrdan o‘tkazilishi, dunyo to‘g‘risidagi tasavvurlarning paydo bo‘lishiga olib keluvchi predmet va hodisalarning fikran qurilishidir degan ma’noni olamiz. Kategorizatsiya esa olamning toifalarga ajratilishi, guruh va sinflar, ob’ektlar va hodisalarga bo‘linishi bo‘lib, ular, shu jumladan konsept va umumlashgan konkret fikrlar sifatida konseptual kategoriyalarni ham o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga kategorizatsiya bu anglash jarayoni bo‘lib, ob’ektni ongli ravishda ma’lum toifaga ajratishni o‘rgatadi. Konseptning asosiy turlaridan biri hisoblangan lingvomadaniy konsept etnomadaniy xususiyatga ega bo‘lgan va borliq haqidagi funksional ahamiyatga molik informatsiyani uzatadigan madaniyatning asosiy birligidir. U madaniy universaliyalarni ifodalaydi. Lingvomadaniy konsept tafakkurda mavjud bo‘ladi, u o‘zida kognitiv-ratsional va emotsional-psixologik mazmunni biriktiradi. Lingvomadaniy konsept barcha til egalari uchun dunyoqarash modeli vazifasini o‘taydi. Lingvomadaniy konsept milliy xarakterning shakllanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi madaniyat vositasi hisoblanadi. Lingvokulturologiyada madaniyat konseptlari alohida tadqiq etiladi. Madaniyatning asosiy konseptlari jamoaviy til ongida muhim ahamiyat kasb etadi. Madaniyatning asosiy konseptlari deganda mavhum otlar, xususan, vijdon, taqdir, qismat, iroda, gunoh, qonun, erkinlik, ziyolilar, vatan va h.k. tushuniladi. Madaniyat konseptlarini A.Ya. Gurevich ikki guruhga: “fazoviy”, falsafiy kategoriyalar, ya’ni madaniyatning universal kategoriyalari (vaqt, makon, sabab, o‘zgarish, harakat) hamda ijtimoiy kategoriyalar, ya’ni madaniyat kategoriyalari (erkinlik, huquq, haqiqat, mehnat, boylik, mulk)ga ajratadi. V.A. Maslova bunga yana bir guruhni – milliy madaniyat kategoriyasini ham ilova qiladi.
Konseptlarni tahlil qilish jarayonida har qanday tilda madaniy o‘ziga xos konseptlarning ko‘pligi aniqlangan. Masalan, kartoshka konsepti madaniy o‘ziga xos konseptlardan biri hisoblanadi. Kartoshka ruslar uchun nochor ovqatlanish etaloni, buni sidet na odnoy kartoshke frazeologizmi misolida ham ko‘rish mumkin; beloruslar uchun odatiy milliy taom, ikkinchi non, muhim ozuqa hisoblanadi. Yoki non konseptini olsak, o‘zbeklar uchun non muhim ozuqa etaloni hisoblansa, koreys, yapon, xitoy xalqlari uchun muhim ozuqa hisoblanmaydi. Ular uchun guruch asosiy ozuqa etaloni sanaladi.
Shu o’rinda ‘konseptualizm’ (lot. conceptus - tushuncha, tasavvur, fikr) tushunchasiga ham to’xtalib o’tadigan bo’lsak, uni o’rta asrlar Yevropa falsafasidagi oqim ekanligini ko’rishimiz mumkin. Unga ko’ra, universaliylar (umumiy tushunchalar) inson tafakkuridan tashqarida real mavjud emas. Universaliylar masalasida o’rta asr realizmi bilan nominalizm o’rtasida oraliq o’rinni egallagan. Biroq, umumiy tushunchalarni aqlning tajribagacha bo’lgan tushuncha (konsept)lari deb talqin qilib realizmga yon bosadi. Vakillari: P. Abelyar, solsberilik Ioann (1115/1120 — 1180), porretanlik Jilber (1076— 1154). Psixolingvistika nuqtai nazaridan konsept insonning psixik hayot qonuniyatlariga bo’ysunuvchi, shaxsning bilish va muloqot jarayonida dinamik xarakterga ega. Tilshunoslikda konsept lingvokognitiv va lingvomadaniy hodisa sifatida qaraladi.
Kognitiv tilshunoslik va lingvomadaniyatshunoslik fanlarining asosiy mavzusi konsept bo’lib, u tafakkur birligi sifatida millatning ma’naviy qadriyatlarini aks ettiradi. Kognitiv tilshunoslikda konsept hayotiy obraz, til birligini anglatuvchidir. Konsept orqali aniq tilni semantik oralig’i tuziladi. Konsept tabiatini tushuntirish va anglash til orqali kechadi. Konseptning o zi tahlilsiz sistema, ammo boshqa konseptlar ostida harakat qiladi. Konsept bir millatga tegishli bo’lgan hayotiy tajriba natijalarini o’zida namoyon qilgan bilimlar va tasavvurlar yig’indisi, inson ongidagi hayotga, borliqqa bo’lgan munosabati, bir millatning nimadir haqida o’y-fikrlar, qarashlarini o’zida mujassamlashtirgan termin. Shu bilan bir qatorda konsept xotiraning operativ birligi bo’lib, fikriy, lisoniy, konseptual tizimlar va ong tili, borliq bilimlarni o’z ichiga oladi. Konsept insonni o’rab turgan olamni anglash natijasida orttirilgan bilimlar yig’indisi va tajribasida mavhum birlikni namoyon etadi.
Bu qarashlar Yu.S.Stepanov xulosalarida ham keltirilgan. Uning fikricha, konsept inson ongidagi madaniyat bo’lagi, bunday holatda konsept insoniyat olamini mental birligi bo’lib madaniyatga kirgan. Konsept oddiy inson qiyofasida madaniy qadriyat yaratadi va madaniyatga kirib, ba’zi vaqtda madaniyatga ta’sir ko’rsatadi.
Shu qarashlarga N.D.Artyunova tomonidan aniqlik kiritilgan. Olimani fikricha, konsept bir qancha faktorlarni o’zaro aloqa natijasi: folklor, milliy urf-odatlar, din, hayotiy tajriba, obraz, qadrlilik tuyg’usi. Konsept o’ziga xos madaniy qatlam, inson va olam o’rtasidagi aloqa tasviri. Bizga ma’lumki, konsept lisoniy birliklar (so’z, gap, matn) orqali yuzaga chiquvchi fikrlash jarayonining natijasidir. Konsept bizning psixikamizda aks etuvchi obyektiv borliq, predmet va hodisalar haqida ma’lumot, tushuncha, tasavvurlarni o’zida tashishi, saqlashi, o’zgaga yetkazib berishi bilan jamiyat a’zolarining predmet va hodisalarga bo’lgan munosabatini qayd etishi bilan o’ziga xosdir. Turli madaniyatlarda konseptlar olami turlicha aks etadi. Konsept imkoniyati individual hissiy va madaniy tajriba natijasida til egalari tomonidan boyitiladi. Konsept ma’nosi murakkab tuzilgan. Shuning uchun olimlar tomonidan konseptga tizimli hodisa sifatida qaraladi. Bu tizim qatlam so’zi bilan talqin qilinadi. Qatlam nuqtai nazaridan konsept turlarga ajratiladi. Bu turlar ikkita asosga qaratilgan. Birinchi asos diaxronik, ikkinchisi sinxronik. Diaxronik nuqtai nazariga ko’ra konseptlar zamonaviy va tarixiy qatlamga ajratiladi. Sinxronik nuqtai nazarida konseptlar ostida yotgan obraz asosiga qaraladi.
Mana shu murakkabliklar V.A.Maslova ishlarida ham o’rganilib chiqilgan. U konsept ma’nosiga ko’p qirrali tuzilma sifatida qarab, nafaqat til egalari tomonidan o’ylanadigan, balki ular o’zlari his qiladigan hayajon, baho, milliy obraz va konnatatsiyani o’z ichiga olishini ko’rsatadi va konsept tuzilishida o’zgacha nuqtai nazar borligini ta’kidlaydi. Konsept markazida qadrlilik turishi, u madaniyat tadqiqiga xizmat qilishi, madaniyat asosida aynan qadrlilik prinsipi yotadi. Har bir konsept murakkab mental uyg’unligi, ma’noviy tuzilishdan tashqari insonni ifodalanayotgan obyektga munosabati va umuminsoniy yoki umumiy, milliy-madaniy, ijtimoiy, til egalariga tegishli, shaxsiy-individual komponentlarni o’z ichiga oladi, deb ta’kidlaydi. Konsept tuzilishini o’rganishda boshqacha qarashlar ham mavjud. Masalan, buni Yu.S.Stepanov ishlarida kuzatamiz. U bir tomondan, konsept tuzilishida hamma turg’un tushunchalarni ajratadi, boshqa tomondan konseptni madaniyat asosiga aylantiradigan ichki tuzilish-etimologiyasini ko’rsatadi.
Z.D.Papova va I.A.Sternin esa konsept tuzilishini uch xil komponenti: obraz, ma’lumotlar saqlovchisi, tahlil maydoni haqida gapiradi. Konseptda obrazni mavjudligi umumiy predmet kodini xarakterlash bilan tushuntiriladi. Ma’lumot saqlashda esa konsept alohida kognitiv belgilarni kiritadi, predmet yoki holatni asosiy xususiyatlarini aniqlashtiradi. Tahlil maydoni u yoki bu aspektda ma’lumotlar orqali konseptni tahlil qilib, undan xulosaviy bilimlar oladi yoki unga baho beradi. Olimlar fikricha, konseptni ma’no va tuzilishidan tashqari xususiyatlari ham mavjud. Konseptni barcha qabul qilgan xususiyati ko’p ma’noligi. Uning bu xususiyati uch pog’onada ko’rinadi. Ular quyidagilar: a) Sistemada simvol madaniyat tashuvchisi, madaniyatda leksikografiyadan yozib olingan lingvistik holat saqlovchisi; b) Til vositasida madaniyat saqlovchisi; c) Matnda namoyon bo’luvchi.
Keltirilgan yondashuvlardan tashqari zamonaviy tilshunoslikda konseptni lingvomadaniy talqini ham mavjud. Lingvomadaniy jihatdan konsept madaniyatning asosiy birligi hisoblanib, uning tarkibiga belgilar, etimologiyasi, konsept tarixi, zamonaviy asotsatsiyalari, unga munosabat yoki uni baholash kiradi. Kognitiv va til strukturasini bog’lab turuvchi birlikka konsept deyiladi. Lingvomadaniyatshunoslikda konsept quyidagi til birliklarida ifoda etiladi: leksik va frazeologik birliklarda; nutq birliklarida (so’z birikmasi, gap), grammatik tuzilishda. Keltirilgan til birliklarida konsept o’z mazmunining ma’lum qismini bera oladi. Konseptda lingvistik ifoda vositalari yotadi. Lingvistik vositalar konseptni so’z munosabatida lingvomadaniyatni namoyon qilishi uchun muhimdir. Leksik va frazeologik birlik til sistemasiga kiruvchi kommunikativ jarayonni talab etuvchi konseptlarda yashaydi. Konseptni to’liq anglash uchun bir-biriga o’xshash kategoriyalarni tushunish darkor. Bular qatoriga birinchi navbatda mantiqiy tushuncha va til ma’nolari kiradi. Lingvomadaniyatshunoslikda konseptni bir tomondan so’z, ikkinchi tomondan tushuncha bilan munosabati o’rganiladi.
D.S.Lixachov fikricha, konsept so’zni leksik-semantik turi bilan uyg’unlashgan. So’z ma’nolari belgilar bilan o’ralgan konseptni tashkil qiladi. Konsept obyektiv olam obrazi, tashqi dunyo bilan to’g’ridan-to’g’ri aloqador, so’z esa faqat o’z semantikasida odatda konseptni ochib beradi. Ammo olimlar fikricha konsept va tushuncha o’rtasida sinonomik munosabatlar mavjud. Lingvomadaniyatshunoslikda konsept logik tushuncha va leksik ma’noda har xil ma’noviy tuzilishni oladi. Jumladan, tushuncha va konsept kategoriyalari ikki xil yo’nalishga ega. Tushuncha falsafa va mantiqqa; konsept esa matematik mantiq, madaniyatshunoslik, lingvomadaniyat, kognitiv lingvistika yo’nalishlariga tegishli.
Xulosa qilib, konsept ko’rinmas tafakkur kategoriyasi va bu uning izohlanishi uchun katta imkoniyat yaratadi. Konsept bir-biriga bog’liq, bir butun qoidaga ega g’oyalar yig’indisi. Konsept tushunchaning obrazda, mazmun va belgida aks etuvchi tarkibiy shakllarida mujassamlashgan mohiyatidir. Konsept matnda bir butun ko’rinishda namoyon bo’lib, matnda aks etgan mazmunni ochib berishga xizmat qiladi. Konseptning asosini tashkil qiluvchi predmet obrazi yetarlicha aniq va ikkilamchi o’rinni egallagan bo’laklari mavhumlikka ega bo’lishi bilan birgalikda, ular yagona negiz atrofida o’zaro munosabatga kirishib birikadilar. Shu sababli konsept tarkibining tizimiy xarakterga ega ekanligini e’tirof etish ma’quldir. Uning tizimiy xususiyatlari tuzilish jihatidan murakkab tartibli bo’lishida va bir butun mental tuzilma sifatida idrok qilinishida namoyon bo’ladi. Yuqorida simvol va konseptni alohida o’rganib chiqildi. Badiiy asarda simvol va konseptning o’zaro uyg’unligi har qanday matnni semiotik tahlilida simvol va konseptning ko’p ma’noli farqini ochib berish muhim sanaladi. Badiiy asarda konsept estetik olamni bilish usuli va asar muallifining jumbog’i, simbol esa bitta belgi ostida madaniy ma’no. Simbol keng ma’no tushunchasi, narsalarning moddiy imkoniyatlari, voqea-hodisa, hissiy obrazlar ifodasini matnda aks ettiradi. Simbol badiiy asarda konsept shaklida namoyon bo’ladi. Simbollar yig’indisi asarda yotgan ma’no, g’oya, konseptni ochib berishga xizmat qiladi. Konseptning kognitiv tilshunoslik, lingvokulturologiya, shuningdek, adabiyotshunos fanlaridagi izohi o‘zaro farqlanadi. Ushbu termin tilshunoslikda o‘tgan asrning 80-yillariga qadar tushuncha so‘ziga sinonim sifatida ishlatilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib uning izohi tushuncha terminiga nisbatan kengayganini ko‘rish mumkin.