Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati. Olib borilgan izlanishlar va tadqiqlar samarasidan kelib chiqqan holda shuni aytishimiz mumkinki, ilmiy tadqiqot ishi kelgusida “konsept” va “Vatan” mavzularida, izlanish olib boradigan nafaqat, yosh tadqiqotchilar, balki vatanga muhabbati bo’lgan har bir shaxs uchun kerakli manba, qo‘llanma sifatida qo’l kelishiga ishonamiz.
Tadqiqot natijalarining e’lon qilinganligi. Ilmiy ishning asosiy mazmuni va xulosalari dissertant tomonidan e’lon qilingan 2 ta maqolada o’z aksini topgan.
Dissertatsiya tarkibi. Dissertatsiya kirish, 3ta bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar, lug‘atlar va internet saytlari ro’yhatidan iborat bo’lib, umumiy hajmi 85 sahifani tashkil qiladi.
I BOB. KOGNITIV LINGVISTIKA TILSHUNOSLIKNING YANGI YO’NALISHLARIDAN BIRI SIFATIDA
1.1. Konsept tushunchasining hozirgi zamon lingvistikasidagi o‘rni
Konsept atamasi tilshunoslik tadqiqotlarida XX asrning birinchi yarmidan paydo bo’la boshladi. Bu atama ingliz tiliga oid so’z bo’lib, (concept), o’zbek tiliga tushuncha, kontseptsiya atamalari bilan tarjima qilinadi. Keyinchalik bu atama tushuncha atamasi bilan aralashtirib yuborila boshlangach, uning tom ma’nodagi mazmunini aniq shakllantirishga qaratilgan ishlar tadqiq qilina boshlandi [4;78].
Lingvistik ensiklopedik lug’atda konsept atamasiga quyidagicha ta’rif beriladi: «konsept bu - «so’z ma’nosi» kabi tushuncha bo’lib, faqat bog’lanishlar tizimi nuqtai nazaridan farqlanadi; ma’no-til tizimida; tushuncha ham mantiqda, ham tilshunoslikda tadqiq etiladigan mantiqiy munosabatlar va formalar tizimida bo’ladi»
Konsept va tushuncha atamalari orasidagi farq til, madaniyat va tafakkur orasidagi munosabatlarni aniqlash bilan belgilanadi. Konseptlar dunyo konseptual manzarasining birliklari sifatida namoyon bo’ladi va tilning konseptual tizimini hosil qiladi. Terminlarning turliligi ong va tafakkurning turli tomonlarini aks ettirish bilan belgilanadi. Yuqorida kognitiv tilshunoslikda konsept asosiy figura sifatida qaraladi, deb keltirdik. Buni quyidagi holatlar bilan tasdiqlash mumkin:
1) kognitiv sohada inson ongining mental resurs birliklarini, inson bilimi va tajribasini aks ettiruvchi informasiya strukturasini ifodalovchi mental birlik sifatida konsept qaraladi;
2) kognitiv tilshunoslikning asosiy bo’limlaridan biri «kognitiv semantika» konseptning tabiati va strukturasini o’rganadi;
3) kognitiv tilshunoslikda asosan konsept va so’z ma’nolari orasidagi munosabat tahlil etiladi [7;90].
Shuningdek, «Kognitiv atamalar qisqacha lug’ati»da konsept inson ongida aks etgan dunyo manzarasi, mental leksikon, konseptual tizim va tilning, xotiraning tarkibiy operativ birligi deb beriladi. Lingvistik tushuncha sifatida konseptga ilk ta’rifni A. Vejbiskaya bergan edi. Unga ko’ra, «o’z nomiga ega va insonning «haqiqat» dunyosi haqidagi ma’lum madaniy shartlangan tasavvurlari «o’ziga xos» dunyosining ob’ektidir» deb ta’rif beriladi.
Lingvokulturologiyada esa bu atama madaniy mental til ko’rinishi, «inson ongidagi madaniyatning quyulib qolgan qismi; madaniyat, insonning mental borlig’iga kiradigan, so’z bilan ifodalanadigan tushuncha, tasavvur, bilimlar to’plami» sifatida qaraladi.
Ayrim tadqiqotchilar konseptlar turlarini ajratishga harakat qiladilar (Frunkina): «Til tizimida ikkita turli konsept bor. Birinchi tur konseptlar universal ma’noli (uxlash, emoq, boshlamoq, o’qimoq, emoq) konseptlar bo’lsa, ikkinchi tur konseptlar o’z ichiga madaniy-milliy qimmatga ega bo’lgan (non, mehmon, ota-ona, to’y, do’st, vatan) konseptlarni qamrab oladi». Olima ikkinchi tur konseptlarni ham o’z navbatida ikkiga ajratadi: a) lingvomadaniyat spesifikasi bilan izohlanadigan; b) milliy mentalitetni anglashga xizmat qiladigan kalit (maraziy) elementli». S. G. Vorkachyov esa lingvomadaniy konseptlar tarkibida butun va qism, universal va spesifik ikki xil semantik alomatlarni ajratish mumkinligini e’tirof etadi:
1) tilning barcha ko’rinishi uchun umumiy bo’lgan semalar, ular semantik paradigmani mustahkamlaydi va uning tushunchaviy yoki prototip asosini hosil qiladi. Ikkinchi tur konseptning tarkibida uning namoyon bo’lishi uchun hech bo’lmaganda qisman xizmat qiladigan semantik belgilar bo’ladi. Bu belgilar lingvokultura, etnosemantik spesifika bilan ajratiladi va til tashuvchisining mentalligi yoki shaxsning til mentaliteti bilan bog’liq bo’ladi. Tadqiqotda butun va qism, universal va spesifik sistem bo’linish asosiy shart qilib belgilangan. Bunday tasnif konseptlar tabiatining aniq va mufassal bayonini ta’minlashga xizmat qiladi.
Darhaqiqat, yuqoridagi ta’riflarning barchasida konseptga milliy-madaniy mentallik birligi sifatida baho berilganini kuzatamiz. Mentallik intellektual, ruhiy va iroda xususiyatlarini milliy xarakterda tipik namoyon bo’lish jarayonini birlashtiradigan milliy til formasi va kategoriyasi doirasidagi dunyoqarashni aks ettiradi. Mentallikning milliy-madaniy xususiyatlarini ochib ko’rsatish ko’pgina sohalar (kognitiv tilshunoslik, lingvokulturologiya, etnolingvistika, til antropologiyasi, genderologiya)ning asosiy masalasi bo’lib kelmoqda.
Ko’rsatilgan sohalarning barchasida mentallikning asosiy birligi deb konsept belgilangan. Bunga bir qancha sabablar ko’rsatiladi. Lingvokognitologiyada ish olib borayotgan tadqiqotchilardan biri M.V.Piminova o’z maqolasida shunday keltiradi: «Birinchidan, konsept (conseptus-fikrlash, tushuncha, predmet haqidagi tasavvur) klassik sensualistik sxemaning bir qismi sifatida qaraladi: «predmet-sezish-idrok etish-tasavvur-tushuncha» va u inson fikrlash qobiliyatinig hissiy-amaliy (mushohada) va mantiqiy (abstrakt) kabi faoliyatli bosqichlarni ko’rsatadi:
a) konsept - bu tasavvur («umumiy tasavvur») (S.A.Askoldov);
b) konsept – bu tushuncha;
c) konsept - bu fikrlashning sinkretik birligi («borliq haqidagi faktlarning umumiy tarmoqlanmagan holda tasavvur beradigan tafakkur birligi») (P.V.Chesnokov). Ikkinchidan, konsept ma’noli qism sifatida «semantik uchburchak-trapesiya» modeli tarkibida o’rganiladi:
a) konsept-bu ma’no («ma’noning algebraik ifodalanishi») (D.S.Lixachev); («milliy ruhdagi qo’sh ma’no») (V.V.Kolesov); («leksema ma’nosining invarianti») (E.V.Raxilina);
b) konsept - bu mazmun (tushuncha tarkibi, konsept termini ma’no atamasiga sinonim bo’lib qolmoqda») (YU.S.Stepanov). Uchinchidan, konsept ma’noli qismning sintezi sifatida tahlil qilinadi (ma’no va tushuncha), ma’no anglatadigan qism (til belgisi) va ma’no belgilaydigan qism (denotat va referent): a) konsept-bu so’z etimoni (conceptum - urug’, don» so’z semantic butunligining boshlanma nuqtasi»); b) konsept – so’z - konseptlar («kalit so’zlar») (A.Vejbiskaya)».
Yuqoridagi qarashlarni kuzatish oqibatida shunday xulosaga kelish mumkinki, konseptni u yoki bu atama bilan bir deb baholanadigan nuqtai-nazarlar (tushuncha, tasavvur, ma’no, mazmun va hokazo) berilgan fenomenni til tizimidagi o’rnini belgilamaydi. Shuning uchun konsept tushunchasi haqida
M.V.Piminova bergan umumiy ta’rif qoniqarli baholanilgan deb hisoblab uni taqdim etish mumkin: «konsept bu emik darajadagi til birligi bo’lib, fonema, leksema, morfema va boshqalar bilan solishtiriladi hamda etik bosqichda signifikat (tushunchaning tarkibi va sig’imi) leksik ma’no va so’zning ichki tarkibi yordamida namoyon bo’ladi».
Konseptni aniqlash tadqiqotchilar tomonidan turli usullar yordamida amalga oshiriladi:
1. So’z etimonini aniqlash yordamida. Bunda konseptning yozuvgacha bo’lgan tarixini aniqlash yo’li tutiladi.
2. Asos guruhlarni o’rganish, ya’ni berilgan etimondan hosil bo’lgan so’zlar guruhini o’rganish.
3. Diaxroniyada yasama so’zlarni qo’llashni o’rganish orqali, ya’ni epedigmatik bog’lanishlarni o’rganish.
4. Berilgan so’zlardan asosiy qo’llanilayotganlarini sinxron darajada o’rganish. Bunda sintagmatik bog’lanishlar o’rganiladi.
5. Tahlil qilinayotgan so’z – konseptning paradigmatik bog’liqliklarini o’rganish.
6. Berilgan so’zni boshqa tildagi aynan (yoki shunga yaqin) so’z konsept bilan taqqoslash.
Sanab o’tilgan usullar, shuningdek, olingan material va ekstrolingvistikomillarni sintezlash orqali tahlil qilinayotgan so’zning milliy-madaniy spesifikasihamda shu bilan bog’liq holda tahlilga tortilayotgan konseptning milliy-madaniyspesifikasini aniqlash mumkin.
Konsept tizimda mavjud bo’ladi, u boshqa konseptlardan kelib chiqadi,sistemadan alohida ajratib olinsa, u tadqiq etilayotgan ob’ekt to’g’risida noto’liqtasavvurlar beradi. Konsept tahlilini konseptosfera doirasida tadqiq qilish, dominanta va chekka (yondosh) konseptlarni izlash maqsadga muvofiqdir. Konseptosfera atamasi mental reallikni ifodalashga xizmat qiladi. Konseptlarning madaniyat, kasbiy etika ishlarini yuritishdagi o’rni beqiyosdir. Umumiy konseptlar individual konseptlardan, etnomadaniylari etnososiomadaniylaridan farqlanadi.
Til – bu dunyo haqidagi bilimlarimizni aks ettirish manbai va shu bilimlarni tadqiq etish vositasi. Shunga asosan, insonlar o’z til prizmalari orqali dunyoni turlicha ko’ra olishlari mumkin. Bu borada qilingan tadqiqotlar fikrimizni tasdiqlaydi. Izlanishlar lisoniy belgining muhiti va etnokonsept, etnososiokonseptlarning farqli tomonlarini o’zida aks ettiruvchi tajribalar bilan asoslangan. Til tashuvchilarning qiyosiy tajribasi bo’lgan konsept yadrosini chiqarish uchun ikkita ijtimoiy tajriba o’tkaziladi. Maqsad lisoniy belgi va uning muhiti ekstrolingvistik reallik konseptualizasiyasini, shuningdek, etnokonsept va etnososiokonseptlarni rus dengiz konseptosferasidagi «kema» konsepti orqali solishtirishdir. Shu maqsadda dengizchi bo’lmagan (23 ta) va dengizchi (20 ta) til tashuvchilari ishtirok etadi. Har ikkala leksik qatlam bir-biridan farqli ta’riflarni beradilar «kema» so’ziga dengizchi bo’lmaganlar «quvonch, xotirjamlik, yorug’lik, dam olish, iliqlik, to’lqinlarning urilishi, zavq» kabi tushunchalarni keltirishadi. Dengizchilar esa «sovuq, ishlayotgan dvigatel ovozi, og’ir ish; qamoq; urush va harbiy aslahalarga boy harakatdagi kulrang kema» deb javob beradilar. Rus tilida kema konseptining qurilishi quyidagi tushunchalarni o’z ichiga oladi «xavfli vaziyat, tashkil qilingan nimadir, chiroyli va hayratlanarli». Kema konsepti nafaqat rus tilida, umuman, dengiz tilida yaxlitligicha interpretasion maydoni jihatidan tahlili shuni ko’rsatadiki, kema beqarorlik, sergaklik va qo’rquvni chaqiradigan bir narsa. Leksemalarni o’rganish qator metaforik va to’g’ridan-to’g’ri etnomadaniy muhim jihatlarni ochish imkonini beradi. Maxsus yaratilmagan kontekst «kema» konseptining yanada ko’proq voqelanishiga zamin yaratadi. Dengizchilarga tegishli bo’lmagan kontekstdagi nutqiy namunalarda ob’ekt atamasi ichki kechinmalarini kemaga bog’lovchi metaforalardan iborat. Misol tariqasida Rabg’uziyning «Qissai Rabg’uziy» asarida dunyoni suv bosishi bilan bog’liq holatda Nuh payg’ambar kemasini, Chingiz Aytmatov asarida orzudagi «Oq kema»ni esga olish mumkin.
Endi “Kognitivizm” atamasiga to’xtaladigan bo’lsak, uning inson ongi, zakovati, tafakkuriy jarayonlari va shular bilan bog‘lik holatlarni ob’ekt sifatida o‘rganadigan fan yo‘nalishi ekanini bilib olamiz.
Taniqli rus tilshunos olimi V.A.Maslovaning olib borgan tadqiqotlari kognitivlik hodisasini tushunishga ancha oydinlik kiritib beradi. Uning fikriga ko‘ra, antropotsentrik yondashuv inson faoliyati jarayonida dunyoni his qilish va ong bilan bog‘liq holatlarni o‘rganuvchi tilshunoslikdagi zamonaviy yangi yondashuvlardan biri hisoblanadi. Kognitivizm shuningdek, insonning informatsiyani qabul qilish kanali, uni qayta ishlash, mental modellarning qurilishi, tafakkur uchun xizmat qiladigan ruhiy jarayonlarni o‘rganadi. Bilim va ma’lumot bilan bog’lik barcha (intellektual, mental, mulohazaviy) jarayonlar kognitivlik deb ataladi. Insoniyat azaldan falsafa, mantiq, psixologiya va boshqa fanlarni o‘rganib kelgan. Insonning barcha faoliyati nutqiy asosni tashkil qiluvchi til orqali amalga oshiriladi. Kognitiv lingvistika zamonaviy antropotsentrik paradigma asosida paydo bo‘lgan.
Ma’lumotlar turli manbalardan kelib tushishi mumkin, ammo qaysidir bosqichda tilning ko‘magida qayd etiladi va kognitiv lingvistikani o‘rganish ob’ektiga aylanadi. Shu o’rinda tabbiy savol tug’iladi, xo’sh Kognitiv lingvistika o’zi qanday fan, uning asosi nima, bu savolga quyidagicha javob berish mumkin: U zamonaviy lingvistikaning bir yo‘nalishi bo‘lib, informatsiyani til orqali saqlash, qabul qilish va uzatish mexanizmini o‘rganadi. Kognitiv lingvistikaning bazaviy tushunchasi konsept hisoblanadi, ya’ni uning mazmuni, har qanday tilda so‘zlashuvchi xalq madaniy tarzining o‘ziga xos o‘chog’i. So‘zlashuvchining dunyoni anglashi natijasida hosil bo‘ladigan konseptlar umumlashmasi konseptosfera deb ataladi. Tilning boyligi faqat uning leksikasi bilan emas, balki, millatning konseptosferasi bilan ham o‘lchanadi. Konseptlarga madaniyat omili sifatida ham qaraladi, chunki ular uzoq o‘tmishdan hozirgi davrga qadar faylasuflar, yozuvchilar va oddiy xalqning qarashlari orqali taraqqiyotga xizmat qilgan. Hozirda tilshunoslik nazariyasi faqat til nima degan savolga emas, balki uning qanday qurilganiga ham javob berishi lozim. Mana shulardan kelib chiqib kognitiv lingvistika o‘z oldiga quyidagi vazifalarni qo’yadi:
Tafakkur jarayonida tilning rolini aniqlash;
Kognitiv jarayonlarda til bilan bog’liq bilimlar modelini yaratish;
Nutqda madaniyat omili sifatida qatnashishining uslublarini aniqlash;
Konseptosferani tashkil etuvchi universal konseptlar tizimi qurilmasini izohlab berish;
Tilning dunyoviy dolzarb muammolarini topish;
Milliy til dunyo manzarasi tasvirini yaratish.
Ushbu masalalarning u yoki bu yo‘sinda mental jarayon bilan bog‘liqligini inobatga oladigan bo‘lsak, kognitiv lingvistikaning asosiy tadqiqot ob’ekti konsept ekanligi oydinlashadi. Hozirgi kunda lingvistikada konsept - bu ma’noning sinonimi, tushuncha mazmuni, degan umumiy holatga asoslanuvchi uchta yondoshuvni ajratib ko‘rsatish mumkin. Birinchi yondashuvga ko‘ra (Yu.S.Stepanov) madaniyat - o‘zaro bog‘lik bo‘lgan konseptlar umumlashmasi, deb qaraladi. Ikkinchi yondashuv vakillari (N.D.Arutyunova va uning maktabi, T.V.Buligina, A.D.Shmelev) konseptning hosil bo‘lishidagi yagona yo‘l semantika deb hisoblashadi. Uchinchi yondashuv vakillari (D.S.Lixachev, E.S.Kubryakova) konsept so‘zning ma’nosidan paydo bo‘lmaydi, balki so‘zlashuvchining shaxsiy va milliy tajribasi bilan to‘qnashuv natijasida yuzaga keladi deb hisoblashadi. Shu yo‘l bilan konsept so‘z va reallik o‘rtasidagi vositachi vazifasini bajaradi.
Turli ko‘rinishdagi variantlarni birlashtiradigan bo‘lsak, konsept - asosiy ma’noni ham o‘z ichiga olgan holda so‘z ma’nosining jami potensiali degan xulosaga ega bo‘lishimiz mumkin. Ta’kidlash joizki, “konsept” va “ma’no” terminlarini bir-biridan keskin farqlash lozim. Ma’no bu cheklangan tushuncha bo’lib, konseptning tarkibiga kirib ketadi.
Mavzuning mohiyatini yanada chuqurroq ochish, unga nazariy jihatdan yondoshish uchun “konsept” tushunchasining ma’nosi, mazmuni, chegarasi yoki xarakterini belgilab olish ayni muddao bo‘ladi. Konsept tushunchasining o‘zi bugungi kunda nafaqat tilshunoslik, balki falsafa, mantiqshunoslik, psixologiya, sotsiologiya, siyosatshunoslik fanlari ilmiy tadqiqotlarida ham yetakchi o‘rinda turuvchi, faol tushunchalardan biri hisoblanadi. Demak, konseptni tafakkurga aloqador”, “kuzatib bo‘lmas” degan toifaga ajratish uning xususiyatlarini ochishga yaqinlashtiradi, ya’ni konsept tushunchasini talqin qilish uchun juda katta imkoniyatlar yaratadi.
Taniqli tilshunos olim S.G.Vorkachyovning ta’kidlashicha, XX asrning 90 yillari rus lingvistikasi tadqiqotlarida asosan “konsept” (N. D. Arutyunova, D.S.Lixachyov, Yu.S.Stepanov, V.P.Neroznak, S.X.Lyapin), “lingvokulturema”(Vorobyov V.V.), “mifologema” (M.Lexteenmyaki, V.N.Bazilev), “logoepistema” (E.M.Vereshagin, V.G.Kostomarov, N.D.Burvikova) kabi yangi terminlar juda ko‘p ishlatilgan. Ammo bugunga kelib vaqt aynan “konsept” terminining yashovchanligi, dolzarbligi va boshqa terminlardan ko‘ra eng ko‘p murojaat qilinadigan, haqiqiy yetakchi termin ekanligi isbotlangan. ( Vorkachyov, 2004, 41s.)
Ye.S.Kubryakova konsept tushunchasini talqin qilar ekan shunday deydi,- “Konsept-xotiraning dunyoni anglash uchun zarur bo‘ladigan mental leksikoni va miyaning til bilan bog‘lik konseptual tizimi uchun xizmat qiluvchi eng tezkor birligidir. Eng muhim konseptlar tilda o‘z ifodasini topadi”. (Kubryakova 2005, 69s.)
D.S.Lixachyovning fikricha, “konsept” tushunchasi umumlashgan fikrlar birligi bo‘lib, u so‘zlovchining yoshi, shaxsiy tajribasi, kasbiy va ijtimoiy tajribasi va hayotiy bilimlaridan kelib chiqib, hayotiy reallik va voqelikni aks ettiradi. Konsept tushunchasining mohiyatini anglashda quyidagi olimlarning fikrlari ham katta ahamiyat kasb etishi mumkin:
konsept - xotira tarixiga joylangan, baholash va farqlashga, hissiyotga aloqador konkret va ba’zan abstrakt g‘oyalar jamlanmasidir (Stepanov, 1997,412s);
konsept - bu konkret tushunchalar asosida ishlab chiqilgan ilmiy mavhum tushuncha (Solomonik,1995, 246s);
konsept - minimum ma’no va ob’ektiv ahamiyat kasb etuvchi hodisa haqidagi shaxsiy jur’at (Lixachyov, 1977,281s);
konsept - obraz, belgi va ramzlar ko‘rinishida ma’no aks etuvchi tushunchalar mohiyati (Kolesov, 2004,19-20s);
konsept - madaniyat genotiplariga kiruvchi ko‘p hajmli integrativ funksiyalarga ega bo‘lgan serqirra madaniyat genlaridir.(Lyapin, 1977,16-18s)
A.A.Zalesskaya o‘zining tadqiqotlarida konseptni inson miyasi ichidagi turli nuqtalarda joylashgan, faollashgan alohida, ammo bir tizimga aylangan neyronlar shodasi deb ta’riflaydi. Uning aytishicha, mazkur manzilga yo‘l so‘z yoki boshqa belgilar orqali amalga oshiriladi. Psixolingvistik nuqtai nazardan yondashilganda konseptning individual tabiati bu-ko‘p qirrali, keng o‘lchovdagi hodisa bo‘lib, shaxsning mulki hisoblanadi. (Zalesskaya, 2001, 39 s.) M.V.Pimenovaning fikricha: “Odam nimani bilsa, qanday deb hisoblasa, ichki va tashqi dunyo ob’ektlari haqida nimani tasavvuriga sig‘dira olsa, u konsept hisoblanadi. Konsept-bu olamning bo‘laklari haqidagi tasavvurdir.”(Pimenova, 2004, 8s) L.S.Vыgotskiy, N.I.Jinkin, I.N.Gorelovlarning ta’kidlashicha, konsept individ tanasidagi hissiy komponentlar bilan ham bog‘lik bo‘lib, insonning universal olam predmetlari haqidagi bilimlar asosini tashkil etadi.
Eng umumiy ko‘rinishda konsept (lotin tilidan olingan bo‘lib, conceptus tushuncha ma’nosini beradi) - 1. aqliy obraz, umumiy fikr, tushuncha ma’nolarini; 2. mantiqiy semantikada - nom mazmuni degan ma’nolarni anglatadi. (Falsafa lug’ati, 1972, 189) Konsepsiya so‘zi ham (lotin tilida conceptio - qabul qilish, fikr, tasavvur) 1)u yoki bu hodisaga nisbatan qarashlar tizimi, biror hodisani talqin qilish uslublari, biror narsani tushunish; 2)musavvirning, olim yoki ijodkorning umumiy fikri (Slovar, inostrannix yazikov 1982:362) degan ma’nolarni anglatishi qayd etilgan. Ko‘rinib turibdiki, falsafiy lug‘atda konseptga mantiqiy jihatdan urg‘u berilgan bo‘lsa, xorijiy tillar lug‘atida so‘zning ichki tizimiga ko‘proq ahamiyat berilgan. Shu bois bo‘lsa kerak, konsept kategoriyasi nolingvistik falsafada ham muhim ahamiyatga ega.
Zamonaviy iste’molda esa konsept so‘zi lotin tilidan emas, balki, ingliz tilidan, kognitiv psixologiya, keyinchalik esa kognitiv lingvistika yo’nalishlaridagi tadqiqot ishlaridan kirib kelgan. Rus tilshunosligida konsept tushunchasi XX asrning birinchi choragida faylasuf S. Askoldov tomonidan ilmiy muomalaga kiritiladi. S. Askoldovning qarashicha, konseptlar vositasida turli millat vakillari muloqotga kirishadi, shunga ko‘ra, konseptlarni yaratish va idrok qilish ikki tomonlama kommunikativ jarayon hisoblanadi. Lisoniy makonda mavjud bo‘lgan bunday tizim dunyo milliy manzarasining o‘ziga xosligini belgilaydi.
Hozirgi vaqtga kelib, “konsept” kognitiv lingvistika uchun o‘ta muhim ekanligini ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi. Negaki, bu tushuncha zamonaviy kognitiv lingvistikani o‘rganayotgan barcha ilmiy maktablar, olimlar faoliyati va iste’molidagi eng muhim va asosiy terminlardan biri bo‘lib qoldi. Ingliz tilida konsept so‘zi “tushuncha” ma’nosida ham, “umumiy tasavvur” ma’nosida ham birdek ishlatiladi. Vebster lug‘atining aniqlik kiritishicha, concept - bu “aqliy tasavvur qilinadigan obraz” (mentally convinced image). Bundan kelib chiqadigan bo‘lsak, konsept-bu “tushuncha” ning o‘zigina emas.
Tabiatiga ko‘ra konsept umumiy tasavvurning o‘zi, ammo aniqroq aytadigan bo‘lsak, umumlashgan tasavvurdir. Umumlashgan tasavvur yoki konsept tilda bir qator so‘zlardan iborat bo‘lib, ularning har biri ma’lum voqelik, uning u yoki bu tomonining alohida xususiyati , o‘ziga xosligi bilan bog‘liq. Turli madaniyatlarda mazkur umumlashgan tasavvurlar turli emotsional ko‘rinishlarga ega bo’ladi. (Leviskiy, 2003)
Dostları ilə paylaş: |