Tezkor yoki tezkor-texnika hisobi ayrim xo’jalik muomalalari va jarayonlarini bevosita ular sodir bo’layotgan vaqtida boshqarish maqsadida joriy kuzatish va nazorat qilish tizimi bo’lib hisoblanadi. Bu hisobning korxona va uning tarkibiy bo’linmalariga joriy rahbarlik qilish maqsadida ma’lumotlarni tezkor ravishda olish va ulardan foydalanish uning farq qiladigan belgisi hisoblanadi.
Tezkor hisob turli-tuman xo’jalik xodisalarni o’z ichiga olib, asosan ishlab chiqarish - texnika xususiyatidagi ko’rsatkichlar bilan ta’minlaydi. U mahsulot ishlab chiqarish bo’yicha topshiriqlarning bajarilayotganligi, harajatlar normativlaridan kundalik chetga chiqishlar, ish kuchidan foydalanish va asbob-uskunalarning yuklanganlik darajasi, shartnomalarga rioya qilinishi - mol etkazib beruvchilar va xaridorlar bilan tuzilgan kontraktlarning bajarilishi haqidagi ma’lumotlar bilan ta’minlaydi. Tezkor hisobda o’lchagichlarning hamma turlari - moddiy, mehnat va qiymat o’lchagichlaridan foydalaniladi. Lekin hisobning bu turi asosan bir turdagi operatsiyalarni aks ettirganligi va undan umumlashtirilgan ko’rsatkichlar talab qilinmaganligi sababli, unda asosan moddiy va mehnat o’lchagichlaridan foydalaniladi.
Nazoratning tezkorligini ta’minlash uchun xo’jalik operatsiyalarining borishi haqidagi axborotni tezroq olish kerak bo’ladi. Shuning uchun tezkor hisobning ma’lumotlari iloji boricha osonroq yo’l bilan qayd qilinishi mumkin. Ularni bevosita kuzatish yo’li bilan etkazishadi, telefon, faks, modem orqali, kompyuter aloqasi yordamida va boshqa yo’llar bilan xabar qilishadi. Hozirgi vaqtda tezkor axborotni olish uchun mexanika va avtomatik o’lchov va tartibga soluvchi asboblar va moslamalardan foydalanish tobora kengayib bormoqda. Hisobni bunday tashkil qilish xo’jalik muomalalarining borishi ustidan ularning amalga oshirilishi vaqtida bevosita boshqarish imkonini beradi.
Tezkor hisobning ma’lumotlaridan mutloq aniqlik talab etilmaydi, chunki ularning asosiy vazifasi - kuzatilayotgan ob’ektlarda sodir bo’layotgan o’zgarishlarni tezlik bilan xabar qilishdir. Shuning uchun amaliyotda tezkor hisobdan faqat taxminiy axborotni olish bilan kifoyalanadilar.
Lekin, bu axborot etarli darajada to’g’ri bo’lishi kerak, zeroki unga qarab sodir bo’lgan o’zgarishlarning hajmi va tavsifi haqida ishonchli xulosa qilib, xatosiz bo’lgan boshqaruv qarorlarni qabul qilish mumkin bo’lsin.
Tezkor hisob korxonaning har xil bo’linmalari - bo’limlari, tsexlari, omborlari va hokazolar tomonidan yuritiladi.
Tezkor axborot yordamida - menejerlar ishlab chiqarish, foyda bo’yicha topshiriqni bajarilishining borishi, korxonani ta’minlash va mahsulot realizatsiyasi bo’yicha topshiriqlarning bajarilishi, tovar moddiy qiymatliklar zahirasining darajasi hamda boshqa korxonalar, tashkilotlar va muassasalar bilan hisob-kitoblarning holati va borishi haqidagi ma’lumotlarni olishda foydalanishadi.
Tezkor hisob korxonani ishchi kuchi bilan ta’minlanganligi, uning harakati, xodimlarning malakasini oshirish va boshqalar ustidan nazorat qilish uchun zarurdir. Tsexlar, omborlar va boshqa bo’linmalar xodimlari undan ma’lum xo’jalik qismidagi topshiriqlarning bajarilishini borishi haqidagi ma’lumotlar olishadi.
Tezkor hisobdan ishlab chiqarish bo’linmalarida sodir bo’layotgan operatsiyalar yoki jarayonlarning borishi haqidagi axborotlarni olishda keng foydalaniladi. Bu erda u maxsus grafiklar, xabarchi taxtalar va boshqalar yordamida amalga oshiriladi.
Tezkor hisobning ba’zi ma’lumotlaridan faqat korxonaning tarkibiy qismidagina foydalanilmay, ularni boshqaruvchi organlarda ham foydalaniladi. Bunday ma’lumotlar umumlashtirilib, ichki tezkor hisobot tarkibiga kiritilishi mumkin. Tezkor hisobotning ko’rsatkichlari ayrim tarmoqlar va butun xalq xo’jaligi miqyosida tegishli jarayonlarni borishi ustidan kuzatish va axborotni umumlashtirish uchun xizmat qiladi. Tezkor hisobotdan, masalan, mahsulot ishlab chiqarish, xom-ashyo bilan ta’minlanganlik, ishga kelish, ekish va hosil yig’ishning borishi haqida va boshqa ma’lumotlar olinadi.
Tezkor hisobning ma’lumotlari ulardan keyinchalik foydalanishda buxgalteriya yoki statistika hisobida qayta ishlanadi.