Fibrolit plitalar yog‘och juni va sement xamiridan iborat massani presslash usulida bajariladi. Yog‘och juni uskunalarida yog‘och chiqindilaridan tayyorlanadi. U uzunligi 400-500 va eni 4-7 mm yupqa lentalar ko‘rinishiga ega. Sementli fibrolitda yog‘och juni armatura bo‘lib xizmat qiladi. Fibrolit plitalarni ishlab chiqarish jarayoni murakkab emas va qo‘yidagi bosqichlardan iborat: portlandsementni suvda qorish, sement xamirini yog‘och juni bilan aralashtirish , massani qoliplarda presslash, kameralarda plitalarni bug‘latish, opalubkasini olish va plitalarni quritish va hokazo. Fibrolit plitalarning uzunligi 2400 va 3000, eni 600 va 1200 hamda qalinligi 30-150 mm . Zichligi bo‘yicha fibrolit plitalar 250 dan 500 kg/m3 gacha markalarga bo‘linadi, bunda egilishdagi mustahkamlik chegarasi tegishlicha 0,15 dan 1,8 MPa gacha, issiqlik o‘tkazuvchanligi 0,08 dan 0,1 Vt /(m0S) gacha. Sement-fibrolit plitalardan pardevorlar qilish uchun, devorlar va chordoq orayopmalarini isitish uchun foydalaniladi.
Shu bilan birga qipiqli betonlar ham qurilishda keng ishlatiladi, bunda to‘ldiruvchi sifatida yog‘och qipiqlari va ba’zan tabiiy qum aralashmasi qo‘llaniladi. Zig‘irpoya asosidagi beton ham keng ishlatiladi.
Yuqorida keltirilgan barcha turdagi mineral to‘ldiruvchilardan farqli o‘laroq, yog‘och chiqindilari va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash chiqindilari organik to‘ldiruvchilar hisoblanadi.
Bunday to‘ldiruvchilarni sementli betonda qo‘llashda sementning qotishi va gidrotatsiya jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini inobatga olish zarur.
Ular tarkibidagi vaqt o‘tishi bilan yuzaga keluvchi organik kislotalar va qandli moddalar betonning qotishini sekinlashtiradi, sement toshini yemirilishiga olib keladi.
Shu sababli bunday to‘ldiruvchilarni qo‘llashdan oldin maxsus qayta ishlash kerak. Ayniqsa yog‘och chiqindilarini suvga solish, ohakda ekstrakt moddalarni neytrallash, kimyoviy qo‘shimchalarni qo‘llash yaxshi samara beradi.