Inkubatoriyani tanlash va tashkil etish.
Ipak qurti urug’ini jonlantirishda foydalaniladigan binolarni inkubatoriya deb ataladi. Urug’ ochirish uchun maxsus binolar (inkubatoriyalar), odamlar yashaydigan va xo’jalikning umumiy binolaridan foydalaniladi.
Inkubatoriya har bir xo’jalikni o’zida tashkil etilgan bo’lib, jonlantiriladigan urug’ning miqdoriga (quti soniga) qarab xo’jalikda bitta yoki bir necha inkubatoriya bo’lishi mumkin. Agrotexnika qoidasiga va ko’pgina ilg’or pillakor xo’jaliklarning tajribalariga ko’ra har bir inkubatoriyada o’rtacha 100-150 quti qurt urug’i jonlantirilishi lozim. Bitta inkubatoriyada 50-60 qutidan kam miqdordagi urug’ jonlantirilsa, xo’jalikka iqtisodiy zarar keltiradi. Yuqorida ko’rsatilgan miqdordan ko’proq (150 qutidan ortiq) jonlantirilsa, bir qator qiyinchiliklar tug’diradi, jumladan, urug’larni kontrol. tortish o’tkazish,jonlangan qurtlarni ko’tarib olish va ularni zvenolarga tarqatish va hokazo.
Inkubatoriya barcha agrotexnika va zoogigiena qoidalariga javob beradigan joyda va xo’jalikni o’rtasida, ya’ni qurt boquvchi zvenolarni qurt olishiga qulay va yaqin joyda bo’lishi kerak. Inkubatoriya xizmat qiladigan joy doirasining radiusi 4-5 km dan oshmasligi, ya’ni inkubatoriya bilan qurtxona orasidagi masofa uchun 1 soatdan ortiq vaqt sarflanmasligi kerak.
Jonlangan qurtlarni zvenolarga tarqatgunga qadar boqib turish uchun inkubatoriya yonida (yaqinida) tutzor bo’lishi lozim. Bundan tashqari, inkubatoriya yaqinida ifloslangan va axlat tashlanadigan maydon bo’lmasligi kerak. SHuningdek, inkubatoriya uchun zaxarli ximiyaviy moddalar, dorilar va o’g’itlar saqlangan binolardan ham foydalanib bo’lmaydi.
Inkubatoriya uchun pechkasi bo’lgan quruq yorug’, g’isht yoki paxsadan qilingan, ya’ni issiqlikni yaxshi saqlaydigan binolar ajratiladi. Bunday kapital binolarda harorat va havoning nisbiy namligi bir me’yorda, ya’ni urug’ni yaxshi jonlantirish uchun kerakli darajada saqlab turish mumkin bo’ladi.
Inkubatoriya ikki yoki uchta alohida-alohida xonalardan iborat bo’lib, bittasida qurt urug’i jonlantiriladi, ikkinchisida urug’dan ochib chiqqan qurtlar zvenolarga tarqatilgunga qadar boqib turiladi, uchinchi xonadan esa zvenolar bilan suxbatlashish va ularga qurt tarqatish uchun foydalaniladi. Bu xonalar bir-biridan maxsus yo’lak yoki daxliz yordamida ajratilgan bo’lishi kerak. Binoning uchinchi xonasi bo’lmasa, uning oldiga qurilgan ayvondan foydalanish mumkin.
Urug’ jonlantirilayotgan xonaga begona odamlar kirib-chiqmasligi kerak, chunki ularning poyabzallari va kiyim-boshida chang bilan birga ipak qurti kasalliklarini qo’zg’atuvchi va yuqtiruvchi turli zaharli mikroblar ham bo’lishi mumkin. Bundan tashqari, inkubatoriya ichkarisiga kiradigan eshik tashqarisiga 4-5%li formalin eritmasi bilan ho’llangan latta tashlab qo’yilishi lozim.
Pillachilik sohasida o’tkazilgan ko’p yillik kuzatishlar va ilg’or pillakorlarning tajribalari shuni ko’rsatdiki, 50 quti urug’ jonlantiriladigan xonaning umumiy maydoni 8-9m2, hajmi esa 25-28 m3 ga teng bo’lishi kerak.
Inkubatoriyada urug’ jonlantiriladigan xonaning yonida jonlangan qurtlarni venolarga (qurt boquvchilarga) tarqatgunga qadar saqla va ularni (zarurat tug’ilsa) vaqtincha boqib turish uchun ikkinchi xona ham bo’ladi. Bu xonaning kattaligi jonlangan qurtlarni inkubatoriyada qancha vaqt turishiga bog’liq bo’ladi. Odatda qurtlar zvenolarga jonlangan kuniyoq tarqatilishi kerak. Agar jonlangan qurtlar shu kunni o’zida tarqatiladigan bo’lsa, xona bir oz kichikroq bo’lishi mumkin. Mabodo jonlangan qurtlar inkubatoriyada 1-2 kun saqlanadigan bo’lsa, ikkinchi xona birmuncha kattaroq bo’ladi.
Inkubatoriya xonalaridagi derazalar qo’sh romli va fortochkali bo’lishi kerak. Agarda derazalarning fortochkasi bo’lmasa, xonaga toza havo kirib turishi uchun devordan teshik ochiladi. Bu muammoni bartaraf etish uchun va xonalarga toza havo bir me’yorda kirib turishi uchun derazaning bironta ko’ziga muallif tomonidan ishlab chiqarishga tavsiya etilgan maxsus moslama VK-3 markali elektroventilyatordan bir dona o’rnatilsa, maqsadga muvofiq bo’ladi.
Inkubatoriya xonalarini isitish uchun g’ishtdan qilingan har qanday pechkadan foydalanish mumkin, biroq pechka juda tez qizib ketadigan va, aksincha, birpasda sovib qoladigan bo’lmasligi kerak, chunki bunday hollarda xonaning harorati tez-tez o’zgarib, urug’ yoki jonlangan qurtlarga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Inkubatoriya uchun mo’ljallangan va g’ishtdan qilinadigan maxsus pechkalar bo’lishi kerak. Bunday pechkaning balandligi 160sm, uzunligi 125 sm va eni 50 sm bo’ladi. ~ishtdan yasaladigan bu pechkaning dud (tutun) chiqadigan yo’li bir necha burilishli bo’ladi. Pechkani qurganda uning isitadigan yuzasi (devorchasi) qurt urug’i ochiriladigan xonaga, og’zi esa dahliz, qo’shni xona yoki ayvonga qaratilishi lozim.
Inkubatoriyaga elektr pechka o’rnatsa ham bo’ladi. Elektr pechka o’tin yoqiladigan pechkadan shu jihatdan yaxshiki, unda avtotermoregulyatordan foydalanish mumkin. Avtotermoregulyator xonadagi harorat keragidan pasayganda elektr pechkani avtomatik ravishda tok tarmog’iga ulaydigan (ishga soladigan) va harorat zarur darajadan oshib ketganda pechkani tarmoqdan uzadigan kichkina moslamadir. Xona elektr pechka yordamida isitilganda havoning haroratigina emas, balki namlik darajasini ham avtomatik ravishda tartibga solib turish mumkin bo’ladi.
Inkubatoriyani tashkil qilishda urug’ni jonlantirish uchun va jonlangan qurtlarni tarqatish uchun zarur bo’ladigan anjom, asbob-uskunalar, xonani ozoda tutishga yordam beradigan mayda inventarlar va kerakli jihozlar bilan ta’minlash lozim. Jumhuriyatimiz xo’jaliklarida inkubatoriyalar ko’pincha 100-150 quti urug’ni jonlantirishga mo’ljallanishi uchun bitta shunday inkubatoriyaga qanday va qancha asbob-uskuna va inventarlar kerak bo’lishi 3-jadvalda keltirilgan.
Dostları ilə paylaş: |