NAZARIY MATERIALLAR.
1-mavzu: Kirish. Pillachilikni xalq xo’jaligida tutgan o’rni va rivojlantrish bo’yicha chora-tadbirlar
Reja:
1.Ipakchilikni ahamiyati.
2.Ipakchilikni tarixi.
3.Respublikada pilla tayyorlash
Tayanch iboralar: tut ipak qurti, ekologik omillar,ipak qurtini boqish agrotexnikasi, inkubatoriya, inkubatsiya, diapauza, urug’ni jonlartirish usullari, oddiy usulda qurt boqish, jadal usulda qurt boqish, takomillashtirilgan usulda qurt boqish, pilla, g’umbak, tut daraxti daraxti bargi, psixrometr, etajerka, dasta, maxsus qurtxona, paykloterm, metamorfoza
Ipakchilik ahamiyati
Pillachilik qishloq xo’jaligining muhim tarmoqlaridan biri bo’lib, to’qimachilik sanoatini hom-ashyo bilan ta’minlaydi. Respublikamiz halq xo’jaligi rivojlangan va aholining turmush darajasi yaxshilangan sari uni tabiiy ipakdan to’qilgan turli kiyimlarga bo’lgan ehtiyoji ham ortib bormoqda. Tabiiy ipakdan qimmatli, pishiq gazlamalar to’qilib, undan aviatsiya, kosmonavtika sanoatida, tabobatda, radiotexnika va boshqa sohalarda keng foydalaniladi. SHuning uchun Respublikamizda ipakchilikni yanada rivojlantirishga katta e’tibor berilmoqda.
Hozirgi zamon ipakchiligining vatani janubi-sharqiy Osiyodir. Ipak qurtining bir necha turlaridan ipak olinadi. Bu turlardan honakilashtirilgani tut ipak qurti faqat tut bargi bilan oziqlanadi va uzunligi 1000-1500 m dan ortiq ingichka toladan iborat pilla uchraydi. Yuqori sifatli va rang-barang shoyi matolar dunyoda, ayniqsa SHarqda qadim zamonlardan mashhurdir.
Ipakchilikni tarixi.
Xitoyda eramizdan qariyib 3000 yil ilgariroq tabiiy ipak tayyorlash bilan shug’ullanilgan. O’rta Osiyoga ipakchilik IV asrda kirib kelgan.
Ammo keyingi yillardagi tekshirishlarga qaraganda Movarounnahrda ipakchilik juda qadimdan (eramizdan oldin) mavjudligi tasdiqlanmoqda.
SHoyi Xitoydan Markaziy Osiyo orqali Yevropa mamlakatlariga ham olib borilgan. Natijada keyinchalik «Buyuk ipak yo’li» deb atalgan savdo va madaniy aloqalar yo’li madaniyatni birlashtiruvchi yo’l vujudga kelgan.
Buyuk Amir Temur hokimlik qilgan davrda davlatning butun hududida, ayniqsa Markaziy Osiyoda «Buyuk ipak yo’li» bo’ylab joylashgan Samarqand, SHahrisabz, Buxoro, Turkiston shaharlari va Farg’ona vodiysida pillakashlik, ipakchilik va shoyi matolar to’qish san’atining rivojlanib, kiyim-bosh uchun ipakka zar va kumush iplar aralashtirib to’qilgan shoyi gazlamalar paydo bo’lgan. Bunday kiyimlar «Buyuk ipak yo’li» orqali Yevropa mamlakatlariga tarqalgan.
Taxminan VII asrda ipakchilik Yevropada paydo bo’lgan, o’tgan asrning boshlarida esa Bolqon, Turkiya, Italiya va Frantsiya mamlakatlarida rivojlanib, yuqori pog’onalarga ko’tarildi, Lekin tut ipak qurtining ommaviy kasalligi (pebrina) tarqalishi natijasida o’tgan asrning o’rtalarida Frantsiya ipakchiligi katta talofotlarga uchradi.
XX asrning boshlarida Yaponiya xom ipak tayyorlashda dunyoda birinchi o’rinni egalladi va ikkinchi jahon urushi boshlanishi oldidan 360-375 ming tonna xom pilla tayyorlashga erishdi. Ipakchilik deganda pilla yetishtirish uchun zarur bo’lgan murakkab jarayonlar majmuasi tushunilib, tutzorlar barpo qilish, qurt urug’ini ochirish (urug’ni jonlantirish), qurt boqish; naslchilik ishlari; qurt urug’ini tayyorlash (qurt urug’ini yetishtirish); pillaga dastlabki ishlov berish (g’umbakni o’ldirish va pillani quritish); ipak qurti kasalliklari, zararkunandalari va ularga qarshi kurash choralari ishlab chiqiladi.
Dostları ilə paylaş: |