Resurslarni yetkazib beruvchilar o‘zlarining iqtisodiy resurslarini (kapital,
tabiiy resurslar, ishchi kuchi) yuqori narxlarda sotish uchun raqobatlashadilar.
Ishlab chiqaruvchilar va resurslarni yetkazib beruvchilar o‘rtasidagi raqobat bozor
munosabatlari rivojlangan, iqtisodiyot to‘liq erkinlashgan sharoitda yorqin
namoyon bo‘ladi.
Raqobat
iste’molchilar o‘rtasida ham yuz beradi: ular tovarlarni qulay va
arzon narxlarda sotib olishga harakat qiladilar, ya’ni xaridorlar har bir sarflangan
pul birligi evaziga ko‘proq naflilikka ega bo‘lishga harakat qiladilar. Arzon va
sifatli tovarni sotib olish uchun kurashadilar. Shunday qilib, raqobat ko‘p qirrali
iqtisodiy hodisa bo‘lib, u bozorning barcha subyektlari o‘rtasidagi murakkab
munosabatlarni
ifodalaydi.
Raqobat – bozor subyektlari iqtisodiy manfaatlarining to‘qnashuvidan iborat bo‘lib, ular o‘rtasidagi yuqori foyda va ko‘proq naflilikka ega bo‘lish uchun kurashni anglatadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiy jarayon, voqea va hodisalarning ikki
tomonlama xususiyatga ega ekanligini e’tiborga olib raqobat munosabatlarining
mazmunini yoritishda ham ikki tomonlama yondashuv, taxlil va sintez qilish
usulini davom ettirgan holda quyidagi ko‘rinishda ifodalash mumkin (8.1-rasm).
Rasmdan ko‘rinadiki, raqobat kurashi ikki tomonlama: bir tomondan ishlab
chiqaruvchilar o‘rtasida, ikkinchi tomonidan esa iste’molchilar o‘rtasida sodir
bo‘ladi. Bunda ishlab chiqaruvchilar sarflangan xarajatlarning har bir birligi
evaziga ko‘proq foyda olish maqsadida raqobatlashadilar. Mana shu foyda
orqasidan quvish natijasida ular orasida tovarlarni sotish doiralarini kengaytirish,
qulay bozorlar, arzon xomashyo, energiya va arzon ishchi kuchi manbalariga
erishish uchun kurash boradi. O‘z navbatida xaridorlar, ya’ni iste’molchilar
sarflagan har bir so‘m xarajati evaziga ko‘proq naflilikka ega bo‘lish uchun
kurashadilar, ularning har biri arzon, sifatli tovar va xizmatlarga ega bo‘lishga
harakat qiladi.