4.2. Muzokaralarning keyingi bosqichlari. 1875-yilda tashqi ishlar vaziri – Terajima Munenori teng bo‘lmagan shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha muzokaralarni boshlab yubordi. U quyidagi tushunchaga asoslangan: birinchi navbatda, yapon davlatining bojxona tizimi tiklanishi; konsullik sudining bekor qilinishi esa, yapon qonun tizimining qayta shakllantirish jarayoni tugaguniga qadar qoldirilishi mumkin edi. 1878-yilgi AQSh bilan bo‘lgan muzokaralarda Yaponiya bojxona mustaqilligiga erishishga muvaffaq bo‘ldi, bu teng bo‘lmagan shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish yo‘lidagi ilk qadam edi.
1879-yilda Terajima nafaqaga chiqdi va uning o‘rnini Inoue Kaoru egalladi. Bu vatga kelib Yaponiyada yangi jinoiy va jinoiy-prosessual qonunchilik18 ustida ishlar yakuniga yetayotgan edi. Shuni inobatga olib, Inoue muzokaralar yo‘nalishini o‘zgartirdi va konsullik sudining bekor qilinishini birinchi o‘ringa qo‘ydi. Ammo, buyuk davlatlar Yaponiyada kodekslar tuzilishi va kerakli adolat tizimining shakllanishi bo‘yicha kafolat olish uchun qo‘shma majlis chaqirishni talab qilishdi.
1882-yilda Yaponiyada bu masala bo‘yicha chet elliklarning eksterritoriallik huquqini bekor qilishni va Yaponiyaga o‘z hududida sud huquqini to‘liq taqdim etilishini qo‘llab quvvatlagan Inoue boshchilgidagi tayyorlov uchrashuvining 21-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Chet elliklar qatnashadigan sud ishlarini yapon va chet ellik hakamlar kirgan qo‘shma tarkibda olib borish taklif etilgan; chet elliklarni ayblov chog‘ida ko‘pchilik sud a’zolarini ajnabiylar tashkil etgan bo‘lsa, yaponlarni ayblov chog‘ida esa hakamlarning katta qismini yapon xalqi vakillari tashkil qilgan.
Shartnomalar bo‘yicha xalqaro yig‘ilish 1886-yilning may oyida ochildi. Unda Inoue o‘z holatini sezilarli darajada yengillashtirdi: uning talabiga ko‘ra, chet elliklarning Yaponiya bo‘ylab notijorat harakatlanishiga ruhsat berish va qo‘shimcha uch bandargohning ochilishi o‘rniga, yapon tomon chet elliklarga nisbatan ma’muriy qonunlar va, cheklangan darajada, yapon huquqiy qonunlarini qo‘llash, ochiq bandargohlarda bojxona to‘lovlarini olish huquqini qo‘lga kiritdi.
Yig‘ilishda, bunga javoban, ingliz va nemis tomonlar 1886-yil 15-iyunda konsullik yurisdiksiyasi to‘g‘risida kelishuv qo‘shma loyihasini taklif etib, uni muzokaralar asosiga qo‘yishni talab qilishdi. Ularning maqsadi – konsullik yurisdiksiyasidan voz kechish o‘rniga, butun Yaponiya hududini ikkala mamlakatning tashqi-iqtisodiy faoliyati manfaatlari uchun to‘liq ochish edi. Bu taklif Inouening ichki yapon tayyorlov yig‘ilishidagi fikri bilan to‘liq mos tushgan, shu sababli, u osonlikcha bu taklifga rozi bo‘ldi.
1887-yil 22-apreldagi yig‘ilishda kelishuv loyihasi qabul qilindi. Unga ko‘ra: yapon hukumati zarur adolat tizimini yaratish va yevropa talablariga javob beradigan qonunlar qabul qilish majburiyatini oldi, chet elliklarga oid fuqarolik-huquqiy va jinoiy jarayonlar ko‘p miqdordagi chet ellik hakamlar ishtirok etadigan yapon sudlarida olib borilishi kerak edi.
Bunga javoban, Yaponiyada loyiha shartlariga asoslangan teng bo‘lmagan kelishuvlarni qayta tuzatish ishlariga qarshi norozilik harakati vujudga keldi. Yapon xalqi rasmiy vakillarini g‘arbiy davlatlarga taslimchilikda, milliy ozodlikka putur yetkazishda ayblashdi. Natijada, muzokaralar to‘xtatildi, ammo bunga qaramay yangi qonunlar majmuining tuzilishi, umuman olganda, yakunlandi.