Amudaryo qirg`ovuli P. C. Zarudnyi bu tur bu o‘troq yashaydi.
Semirecheps qirg`ovuli P. C. Mongoligus branat ham o‘troq yashaydi.
Biotop. Yuqorida aytilgandek, qirg`ovullar asosan chakalakzor va butazorlarda, ko‘l va daryo bo‘ylaridagi qamish qalin o‘sgan pana joylarda yashab, bog`, shuningdek, bug`doyzor va bedazorlarga, supurgi o‘t bosib yotgan joylarga ovqat qidirib boradi.Bulardan ko‘rinib turibdiki, qirg`ovul yopiq, pana joylarda hayot kechiradigan beozor parranda.
Erkak qirg`ovul qichqirganini tong yorishmasdanoq eshitish mumkin. Lekin ular barvaqt qichqirgani bilan joyidan jilmay, kun yorshishini poylaydi. Qirg`ovul dastavval qorin to‘ydiradi. Yaqin atrofdagi bug`doy, arpa, mosh va paxta ekilgan maydonlardan o‘ziga ovqat topadi. 2 – 3 soatlardan keyin shu yaqin oradagi daryo yoki ko‘lga borib, chanqog`ini bostiradi. Kun qizidi deguncha, soya – salqin joy topib dam oladi. Xo‘roz, tovuqlarga o‘xshab tuproqqa bulg`anishni yaxshi ko‘radi. Kun botib harorat birmuncha pasayganda qamish qalin o‘sgan joyda tunashadi, bordiyu, bunday joy bo‘lmasa daraxt yoki butalarga chiqib olishadi.
Qirg`ovul yovvoyi qush bo‘lsa ham yaxshi ucha olmaydi. Mabodo biror xavf – xatar ro‘y bersa yoki dushmanini ko‘rib qolsa qochadi,qutilishiga ko‘zi yetmasagina 2 – 3 m balandlikka uchadi.
Ko‘payishi. Qirg`ovullarning urchish vaqti erta boshlanadi.Fevral oyining birinchi o‘n kunligida erkak qirg`ovul aprel oylaridan qo‘narg`a, yani o‘z makiyonini chaqiradigan joy hozirlay boshlaydi.
Mart oyi o‘rtalari va aprel boshlarida to‘qayzorlarga borib qolgan odamning qulog`i qirg`ovullarning qichqirig`idan qomatga keladi. Ular bazan (ayniqsa bulutli kunlarda) 12 – 14 soat davomida betinim qichqirishi mumkin. Kunlar isishi bilan xo‘rozi erta tongdan kechgacha chulg`ilay boshlaydi (makiyonini chaqiradi). Makiyon qirg`ovullarni mart oyining oxirigacha – 3 – 4 tadan to‘p – to‘p bo‘lib yurganlarini ko‘rish mumkin. Aprel oyining birinchi o‘n kunligidan boshlab erkak hamda urg`ochi qirg`ovullar juft bo‘lib yurishadi. Qo‘narg`a joylarda juft holda yashayotgan qirg`ovulni ko‘rish mumkin. Chug`ilash paytida makiyon qirg`ovul faqat bitta erkak qirg`ovul chaqirig`iga javob beradi. Shunisi qiziqki, bir paytning o‘zida bir nechta xo‘roz qichqirsa ham, makiyonlar o‘z juftlari ovozini bemalol tanib oladi.
Qirg`ovullar qamish osti va o‘t qalin o‘sgan joylarga, ba’zan pastliklarga in quradi. Qirg`ovul 8 tadan tortib 19 tagacha tuxum qo‘yadi. Tovuqqa o‘xshab tuxumlarini yig`maydi va bu jarayon ancha uzoqqa cho‘ziladi. 2 – 3 ta tuxum qo‘yilgan inlarni may oyining o‘rtalarida ham ko‘rish mumkin. Qirg`ovul odatda bir marta tuxum qo‘yadi, bordiyu biror sabab bilan tuxumidan ajralsa (masalan tuxumi suv ostida qolib ketsa), u holda ikkinchi bor tuxum qo‘yadi. Lekin bunda tuxumlari soni 4 – 8 tadan oshmaydi. 24 kun deganda tuxumdan jo‘ja chiqaradi.
Mabodo qirg`ovulning tuxumini olish zarurligi tug`ilib qolsa bunisi juda ehtiyotlik bilan yaxshisi qirg`ovul yo‘q paytda olgan maqul. Chunki parranda 2 – 3 marta qo‘rqitilsa yoki bezovta qilinsa, u inini tashlab ketadi.
Moda qirg`ovul tuxum bosib yotgan dastlabki besh kun davomida hech qayoqqa jilmaydi, oltinchi kundan boshlab, faqat ertalablari bir oz vaqtga inini tashlab ketishi mumkin. Shundan keyin, taxminan 22 kungacha uzog`i bilan bir soat muddatga tashqariga chiqadi. Oxirgi ikki kun ichida xuddi dastlabki kunlardagidek inida qimirlamay yotadi. Ba’zida ertalab 10 – 15 minutgina inini tashlab ketishi mumkin.
Qirg`ovul tuxumini nihoyatda ehtiyot qiladi. Iniga biron dushman, chunonchi odam bostirib kelgudek bo‟lsa, ustiga mahkamroq qapishib oladi, hech iloji bo‘lmay qolgandagina nochor uchib ketadi. U yerdan ko‟tarilarkan, tuxumlarini chor atrofga to‘zg`itib yuboradi.
Makiyon vaqti – vaqti bilan tuxumni aylantirib turadi va bu bilan tuxumdagi haroratning mo‘tadil bo‘lishini taminlaydi.
Tuxumdan jo‘jalar deyarli bir vaqtda chiqadi. Mokiyon qirg`ovul jo‘jalarning pati qurigunicha inidan ketmaydi. Jo‘jalar o‘sgan sari ona qirg`ovul uzoqlarga ham ketadigan bo‘ladi. 14 kundan keyin jo‘jalar asta uchadigan bo‘ladi. 50 kundan keyin esa bemalol parvoz qilaveradi.
Ovqati. Qirg`ovul ovqatining asosiy qismini xashoratlar tashkil yetadi. Ular yozda chigirtka, beshiktervatar pashsha tutib yeydi. Kuzda esa pishiqchilik boshlanishi bilan tariq, suli, bug`doy, sholi kabi boshoqli o‟simliklarga o‘ch bo‘ladi, shuningdek jiyda, chingil, maymunjonni ham yoqtiradi.
Qirg`ovul butun yoz davomida turli zararkunanda hasharotlarni qirib, qishloq xo‘jaligiga ancha foyda keltiradi. Bordiyu ekinzor, masalan, bug‘doyzorlarga kirib qolsa ham, yerga to‘kilgan bug`doynigina terib yeydi.