6.3§. Transformatorlarning parallel ishlashi Ikki (yoki undan ko‘p) transformatorlarning birlamchi chulg‘amlari bitta elektr tarmog‘idan (manbaidan) energiya bilan ta’minlanib, ikkilamchi chulg‘amlari esa umumiy iste’molchiga (yoki tarmoqqa) ulangan holdagi ishini transformatorlarning parallel ishlashi deyiladi. Transformatorlarni parallel ishlatish iste’molchilarni elektr energiya bilan uzluksiz ta’minlashda katta amaliy ahamiyatga egadir. Masalan, parallel ishlayotgan transformatorlardan birortasida avariya holati sodir bo‘lsa yoki ta’mirlash uchun uni manbadan ajratganda ham energiya ta’minoti uzilmaydi, chunki bu holda iste’molchilar elektr energiyani parallel ishlayotgan boshqa transformator(lar)dan oladi. Podstansiyaning umumiy yuklamasi oshganda parallel ishlayotgan transformatorlarning soni oshirilib, yuklama kamayganda esa transformatorlarning bir qismi tarmoqdan ajratib qo‘yiladi. Transformatorlar yukla-masining shu tarzda optimallanishi, ularning energetik ko‘rsatkichlari (FIK va cos)ni yaxshilaydi. Transformatorlarni parallel ishlashga ulash shartlari. Transformatorlarni parallel ishlashga ulashda ularning chulg‘amlarida tenglashtiruvchi toklarning vujudga kelmasligi va umumiy yuklama parallel ulangan transformatorlarning quvvatiga mos holda taqsimlanishi zarur bo‘ladi. Buning uchun quyidagi shartlar bajarilishi talab qilinadi:
1) parallel ulanadigan va ishlab turgan transformatorlarning birlamchi nominal kuchlanishlari o‘zaro teng (U1.N(I)= U1.N(II) = …) va ikkilamchi nominal kuchlanishlari ham teng bo‘lishi, ya’ni liniyaviy transformatsiyalash koeffitsientlari (kℓ) bir xil bo‘lishi lozim:
Kl.I kl.II kl.III ... (6.5)
2) parallel ulanadigan va ishlab turgan transformatorlarning qisqa tutashuv kuchlanishlari bir xil bo‘lishi kerak, ya’ni
uqt.I%= uqt.II% uqt.III% ... (6.6)
3) transformatorlar chulg‘amlarining ulanishi bitta guruhga taalluqli bo‘lishi lozim.
Ikkita bir fazali kuch transformatorlarini parallel ishlashga ulash sxemasi 6.5, a-rasmda va parallel ishlashga ulangan ikkita uch fazali kuch transformatorining sxemasi 6.5,b-rasmda ko‘rsatilgan. Transformatsiyalash koeffitsientlari kl, ularning o‘rtacha arifmetik qiymatlaridan farqi 0,5 foizgacha, qisqa tutashuv kuchlanishlari uqt esa (10) foizgacha farqli bo‘lgan hollarda ham transformatorlarni parallel ishlatish mumkinligi standartda belgilangan. Undan tashqari parallel ishlaydigan transformatorlar nominal quvvatlarining farqi uch martadan oshmasligi kerak, chunki transformatorning qisqa tutashuv kuchlanishi uqt uning nominal quvvati va kuchlanishi oshgan sari oshib boradi.
Chulg‘amlarining ulanish guruhlari har xil bo‘lgan holda transformatorlarni parallel ulash mumkin emas, chunki bu holda ularning chulg‘amlaridan qiymati taxminan qisqa tutashuv tokining qiymatiga yetadigan tenglashtiruvchi toklar o‘tadi. Bu esa transformatorlar uchun xavflidir. Yuqorida ko‘rsatilgan shartlardan birortasi to‘la bajarilmagan hollarda transformatorlarning parallel ishlashini ko‘rib chiqamiz.