2.2§. Transformatorlarning chulg‘amlari va ularning konstruksiyasi Chulg‘amlar transformatorning muhim tarkibiy qismi bo‘lib, ular elektr energiyani o‘zgartirish uchun zarur bo‘lgan magnit maydonni vujudga keltirishni hamda transformatorni amalda ishlatish uchun muhim bo‘lgan EYuK lar hosil qilishni ta’minlaydi.
Chulg‘amlarni tayyorlashdagi sarflanadigan materiallar narxi va ularni o‘rash uchun to‘lanadigan ish haqi transformator narxining taxminan 50 foizini tashkil etadi. Transformatorning xizmat muddati uning og‘ir sharoitlarda ishlaydigan chulg‘amlarining xizmat muddati bilan aniqlanadi.
O‘zakda joylashishiga ko‘ra chulg‘amlar konsentrik va almashinuvchi turlarga bo‘linadi. Almashinuvchi chulg‘amlarda YuK va PK g‘altaklar o‘zak baland-ligi bo‘yicha navbatma-navbat o‘zaro almashingan bo‘ladi. Almashinuvchi chulg‘amlar asosan maxsus transformatorlar uchun qo‘llaniladi. Umumiy maqsadli kuch transformatorlarida va maxsus transformatorlarning ayrimlarida, odatda, konsentrik chulg‘amlar qo‘llaniladi. Bunda o‘zak yaqiniga PK chulg‘am, uning tashqarisiga esa YuK chulg‘am joylashtiriladi. Konstruksiyasi va o‘rash usuliga ko‘ra konsentrik chulg‘amlar silindrik, g‘altakli va vintsimon turlarga bo‘linadi. Katta quvvatli transformatorlarda parallel simlarning soni bir necha o‘nlargacha yetishi mumkin. Shu sababli bunday transformatorlarning PK chulg‘ami uchun bir necha to‘g‘riburchak kesimli simlardan parallel bajarilgan ko‘p yo‘lli vintsimon chulg‘amlar qo‘llaniladi. Vintsimon chulg‘amda (2.4,b-rasm) parallel simlar konsentrik ravishda chulg‘am o‘qidan har xil uzoqlikda joylashganligi tufayli o‘zakka yaqinroq joylashgan simlarga nisbatan undan uzoqda joylashganlari uzunroq bo‘ladi. Bu farq shu simlar aktiv va induktiv qarshiliklarining tengsizligini vujudga keltiradi va ularda toklar bir tekis taqsimlanmaydi.
Vintsimon chulg‘amlarda parallel simlardagi tokning bir tekis taqsimlanishi uchun bir o‘ramni hosil qiluvchi simlarni ma’lum sxemada o‘rin almashtirib (transpozitsiya qilib) joylash talab qilinadi (2.4,a-rasm). Bunda har bitta sim bitta o‘ram chegarasida mumkin bo‘lgan hamma holatlarni navbatma-navbat egallashi lozim bo‘ladi.
Quvvati SN ≤ 630 kVA va kuchlanishi UN ≤ 35 kV gacha bo‘lgan transfor matorlarda PK chulg‘am uchun dumaloq kesimli simdan yasalgan ko‘p qatlamli silindrik chulg‘amlar qo‘llaniladi (2.4,s-rasm).
Uzluksiz g‘altakli chulg‘amda bitta g‘altakdan ikkinchisiga simni uzmasdan o‘tiladi (2.4,d-rasm). Bunday chulg‘amning afzalliklariga tayanch yuzasining kattaligi sababli qisqa tutashuvda vujudga keladigan bo‘ylama kuchlarga nisbatan katta chidamlilik va sovitish yuzasining kattaligi kiradi. Shu afzalliklari tufayli uzluksiz chulg‘am keng ko‘lamda qo‘llaniladi. Transformator chulg‘amlarining uchlari bak qopqog‘ida o‘rnatilgan maxsus chinni izolyatorlar ichidan o‘tgan kesim yuzasi nisbatan katta bo‘lgan o‘tkazgichlarga ulanib tashqariga chiqariladi. Moy bilan sovitiladigan («moyli») va havo bilan tabiiy ravishda sovitiladigan («quruq») transformatorlarning chulg‘amlari A (105C) qizishga chidamlilik klassidagi kabel qog‘ozi tasmasi bilan izolyatsiyalangan PB markali mis va APB markali alyuminiy o‘rov simlaridan hamda mis va alyuminiy tasmasidan yoki o‘lchami chulg‘am balandligiga teng bo‘lgan folgadan tayyorlanadi. Quruq transformatorlarda (2.5-rasm) «V» va «F» klasslariga kiruvchi izolyatsiyali o‘rov simlarini ham keng qo‘llaydilar.
Chulg‘amlarning yo‘l qo‘yiladigan (me’yoriy) temperaturasi transformator moyining temperaturasi (105C) bilan, ya’ni «A» klassidagi izolyatsiya bilan belgilanganligi sababli, bundan katta temperaturaga mo‘ljallab tayyorlangan izolyatsion material moyli transformatorlarda qo‘llanilmaydi. Zamonaviy transformatorsozlikda kuchlanish klasslari 1101200 kV bo‘lgan so‘nggi yillarda ishlab chiqilgan transformatorlarda YuK chulg‘am uchun to‘qima chulg‘amlar keng qo‘llanila boshlandi.
To‘qima chulg‘amda qo‘shni o‘ramlar orasidagi kuchlanishlar farqi uzluksiz chulg‘amnikiga nisbatan n/2 marta katta. Bunda qo‘shni g‘altaklar orasidagi kuchlanish pasayadi, bu holda ekranlovchi o‘ramlar va ayrim g‘altaklarni qo‘shimcha izolyatsiya qilish talab qilinmaydi.