partkom, raykom, obkom, sovxoz, oblast kabi so’zlar) iste’moldan chiqib, o’zbek tili lug’at boyligining tarixiy qatlamiga o’tib qoldi, ularning o’rnida hozirgi mustaqil O’zbekiston hayoti taqozo qilgan yangi so’z va atamalar (kollej, litsey, gimnaziya, litsenziya, reyting, test, marketing, minimarket, investitsiya, biznes kabilar) paydo bo’ldi, hokim, hokimiyat, viloyat, tuman kabi leksemalarning mazmun mundarijasida hozirgi tuzumga xos yangi ma’no qirralari yuzaga keldi, natijada bunday so’zlar eski qatlamdan zamonaviy qatlamga o’tib qoldi.
Keltirilgan ma’lumotlardan shu narsa anglashiladiki, milliy tilning, shu jumladan, milliy adabiy tilning taraqqiyotida lisoniy va nolisoniy omillar birga qatnashadi, ularning biri ikkinchisiga sharoit yaratadi, har ikkalasi bir butun mexanizm sifatida xizmat qiladi; til va jamiyat, til va ong, til va tafakkur munosabatlari shuni taqozo qiladi.
Savollar: 1. Til va nutq tushunchasini izohlang.
2. Til birliklari va nutq birliklarini sanab bering. Nima uchun ular alohida-alohida bo’linadi?
3. Til va nutqning farqli jihatlarini sanang.
4. Til va nutqni qiyoslang.
5. Shteyntal nutq haqida qanday mulohaza yuritgan?
10-ma’ruza Mavzu: Leksemaning til birligi sifatidagi mohiyati. Reja Leksema, semema, sema tushunchalarining mohiyati.
Leksik va grammatik ma’no munosabati.
Lug’aviy sath taraqqiyoti va o’zgaruvchanligi.
1-§. Leksema, semema, sema So`z tilning eng asosiy va markaziy birligidir. Tildagi barcha so`zlarning yig`indisi uning lug`at tarkibi yoki leksikasi (grekcha lexts “so`z”) deb ataladi. Tilshunoslik fanining tilning leksikasini o`rganuvchi bo`limi leksikologiya (grekcha lexts “so`z” va logos “ta’limot”) deyiladi. Tilning leksikasini o`rganish juda keng soha bo`lib, u so`zlarning hosil bo`lishi, lug`at sostavining boyishi va nutqda ishlatilishi, ma’nolarning o`zgarishi, torayishi va kengayishi, turli terminlarning qo`llanishi kabi bir qator masalalarni qamrab oladi. Shu tufayli leksikaning turli tomonlarini o`rganuvchi alohida sohalar mavjud.
Masalan, leksikologiyaning ma’no tomonlarini o`rganuvchi soha mavjud bo`lib, bu semasiologiya (grekcha sema – “ma’no”, logos “ta’limot”) deb ataladi. So`zda tilning ifoda (tovush jihati) va mazmun jihatlari (ma’no tomoni) namoyon bo`ladi. So`z tilning eng asosiy va markaziy birligi deb qaraladi. Chunki tildagi ko`pgina xususiyat va hodisalarni o`rganish so`zni ilmiy tadqiq etish bilan boshlanadi.
Tilning tovush strukturasini o`rganuvchi fonetika va fonologiyadagi birliklar o`z ma’nolariga ega bo`lmagani sababli bir tomonlama, ya’ni faqat ifoda jahati bilan chegaralangan birliklardir. Boshqa birliklar (so`z, so`z birikmasi, gap) esa ikki tomoniga - ifoda va mazmun jihatiga egadir. Binobarin, leksikologiya va semasiologiya ko`p tarmoqli bo`lib, har tomonlama chuqur tekshirishni taqozo qiladi. So`z tilda turli funksiyalarni bajaradi. So`zlarning atash, ya’ni nominativ funksiyasi nominatsiya nazariyasi yoki onomasiologiyada so`zning ekspressiv ma’no berish funksiyasi leksik stilistika yoki so`z stilistikasida qaraladi. So`zlarning kelib chiqishini o`rganuvchi soha etimologiya (grekcha etymon -haqiqat, logos “ta’limot”) deb ataladi. Turg`un so`z birikmalari va iboralarni frazeologiya ilmiy tadqiq qiladi. Tilning lug`at sostavidagi kishi nomlarini onomastika (grekcha onomastive - nom qo`yish san’ati), geografik nomlarni toponimika (topos-joy demakdir) o`rganadi. Boshqa turli nomlarni o`rganuvchi sohalar ham mavjud.