O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY VA O'RTA MAXSUS TA'LIM VAZIRLIGI
FARG`ONA DAVLAT UNIVERSITETI
SAN’ATSHUNOSLIK FAKULTETI
VOKAL VA CHOLG‘U IJROCHILIGI KAFEDRASI
XaLq musiqa ijodiYOTI
fani bo`yicha
O’QUV USLUBIY MAJMUA
Farg`oa -2022
“Xalq musiqa ijodiyoti” fani bo’yicha ushbu o’quv uslubiy qo’llanma Farg`ona Davlat universiteti o’quv-uslubiy kengashining 2022 yildagi yig’ilishida muhokama qilingan va nashrga tavsiya etilgan
(Bayonnoma №____2022 yil “___”___________)
Tuzuvchi: Abdijali Abdisattorov. Vokal va cholg`u ijrochiligi kafedrasi o`qituvhisi
Mazkur o’quv uslubiy qo’llanma xalq musiqa ijodi fanini ilg’or pedagogik texnologiyalar asosida o’qitishga bag’ishlangan. Uslubiy qo’llanma “ta’lim to’g’risida”gi qonun va “kadrlar tayyorlash milliy dasturi” talablarga mos holda yozilgan.
Uslubiy qo’llanma 5150600 –Vokal yo’nalishida taxsil olayotgan bakalavriat yo’nalishi talabalari uchun mo’ljallangan.
Mavzu: MARKAZIY OSIYO XALQLARI AN’ANAVIY
MUSIQASINI TO’PLASH VA O’RGANISH TARIXIDAN
Reja:
1-“Xalq musiqa ijodi namunalarini to’plash va o’rganish.
2- O’zbek musiqa merosini to’plash va yozib borish ishlari.
“Xalq musiqa ijodi namunalarini to’plash va o’rganish madaniyat tarixining eng dolzarb masalalaridan biridir. Qo’shiq xalqning ma’naviy hayoti bilan chambarchas bog’liq bo’lib, uning ichki kechinmalari, maishiy hayotini aks ettiradi... Merosni o’rganib chiqmasdan yangi musiqiy madaniyatni yaratish mumkin emas”, deb yozadi V.A.Uspenskiy1.
O’zbek musiqa merosining ikki qatlamga ajratilishi natijasida har ikkala soxani o’rganuvchi turli fan tarmoqlari paydo bo’lgan. Ularning aksariyati musiqiy fol’klorni tadqiq etishni maqsad qilib qo’ygan. XX asrga qadar og’zaki tarzda yetib kelgan musiqiy meros namunalarini o’rganish, ilmiy tadqiq etish masalalari yuzaga chiqdi. Birinchi navbatda merosni to’plash, nota yozuviga tushirish, nashr ettirish zarurati paydo bo’ldi. Chunki, mavjud yozma yodgorliklar oz bo’lib, ularning aksariyat qismi o’rta asrlar davri kasbiy musiqasiga tegishlidir. Musiqiy fol’klorga oid manbalar juda kam. Shunday manbalardan biri – Mahmud Qoshg’ariyning “Devonu lug’atit turk”asaridir. Asarda pand-nasihat, mehnat mavzularida sherlar keltiriladi.
O’rta Osiyoda musiqiy merosni notaga tushirish ishlari XIX asrning ikkinchi yarmida boshlangan. Bu ishni boshlab berganlar A.Eyxgorn va F.Leysekdir.
Avgust Fyodorovich Eyxgorn 1844 yilning 2 aprel kunida Avstriyaning Lasnits shahrida tavallud topdi. Uning kasbi skripkachi bo’lib, kompozitsiya soxasida ham bilimga ega edi. A.F.Eyxgorn 1870 yili Toshkentga keldi va xarbiy kontsertmeyster lavozimida faoliyat yurita boshladi. Musiqiy-etnografik faoliyatini A.F.Eyxgorn 1871 yildan boshlab, 1883 yilgacha davom ettirdi. 1871-1883 yillar mobaynida u To’ytepa (1871 yil), Qo’qon (1876 yil), Farg’ona vodiysi bo’ylab (1879 yil), musiqiy - etnografik sayohatlar uyushtirdi va xalq musiqa ijodiga oid ko’plab materiallar yig’ib keldi.
A.F.Eyxgorn sayoxat davrida mahalliy tilni bilmasada, she’riy matnlarni ham yozib olishga harakat qilgan. Mazkur jarayonda u qo’shiqning kelib chiqish tarixi, tarqalgan joylari, ijodkorlarning nomlari va tarjimai holini so’rab-surishtirdi. Ishga bu tarzda yondoshilganligi A.F.Eyxgorn faoliyatiga alohida qiziqish uyg’otadi va uning uslubining ijobiy tomonlarini belgilab beradi.
A.F.Eyxgorn nafaqat o’zbek, balki qirg’iz va qozoq xalqlarining qo’shiqlari, cholg’u kuylarini ham to’plagan. Aynan Eyxgorn mazkur xalqlarning fol’klor materiallarini to’plovchisi hisoblanadi. Undan avval faqatgina Lyovshining “Opisanie kirgiz-kazaxskix ili kirgiz-kaysakskie ord i stepey” nomli ishida qozoq xalqining ikkita cholg’u kuyi berilgan edi (1832 yil). A.F.Eyxgorn qozoq va qirg’iz xalqlarining musiqasini nazariy masalalariga ham katta e’tibor bergan. Shu bilan birga A.Eyxgorn Markaziy Osiyo xalqlari musiqa cholg’ularini yig’ish, kollektsiya tuzish ishlarida ham faollik ko’rsatgan. U o’ttiz oltita cholg’udan iborat majmuani to’plashga muyassar bo’lib, ularning har biriga yozma ta’rif bergan.
Chexiyalik harbiy kapelьmeyster va kompozitor Frantishek Vatslav Leysek 1878-1935 yillari O’zbekistonda yashab, milliy kuy-qo’shiqlarni to’plash borasida ancha ishlarni bajaradi. F.Leysek O’rta Osiyo xalqlari musiqasining 200 ga yaqin namunalarini to’plab, uni Rossiya ko’rgazmasiga taqdim etganligi ma’lum.
O’zbek musiqa merosini to’plash va yozib borish ishlari XX asrda izchil amalga oshirib borildi. 1919 yili Turkiston Respublikasi Xalq Maorif Kommisarligining San’at bo’limi huzurida tashkil etilgan Badiiy-Etnografik komissiyasi keng ko’lamli faoliyat olib bordi. Komissiya a’zolari – G’.Zafariy, V.Uspenskiy, N.Mironov O’rta Osiyo xalqlari musiqa ijodini atroflicha o’rganishni, to’plab, nashr etishni o’z oldilariga maqsad qilib qo’ydilar. Bu borada bajarilgan yirik ishlardan biri – o’zbek va tojik xalqlarining musiqa yodgorligi bo’lmish “Shashmaqom” turkumini yozish jarayonidir. 1932 yili V.A.Uspenskiy Buxoroga borib, maqomchi ustozlardan hofiz Ota Jalol Nosir, tanburchi Ota G’iyos Abdug’anilar ijrosida “Shashmaqom” turkumini yozib oldi. Mexanik yozuv uskunasi bo’lmaganligi sababli, yozib olish jarayoni ancha qiyinchiliklar bilan faqat tanbur ijrosida tinglash orqali yozib olingan. Maqomlarga xos bo’lgan ko’pgina qirralar (bezaklar) yozuvda aks ettirilmagan. Lekin shunga qaramay bajarilgan ish V.M.Belyaev tomonidan katta ilmiy qiymatga egaligi ta’kidlangan.
Badiiy-etnografik kommisiya faoliyatini yana bir muhim tomoni – kasbiy darajadagi musiqachilar bilan ishlar olib borishdan iborat edi. Shunday musiqachilardan biri Shoraxim Shoumarovdan V.A.Uspenskiy 1925 yili “Dugoh Husayn” va “Chorgohni” yozib oldi, shu yilning bahor oylarida V.A.Uspenskiy Qo’qonning Isfara qishlog’iga borib Lola saylida ijro etiladigan kuy va qo’shiqlarni yozib kelib nashr ettirdi (“Naqshi kalon”, “Naqshi kurd”).
1925 yili V.A.Uspenskiy fol’klor-etnografik jarayonlar bilan bog’liq faoliyatini ikkinchi bosqichi boshlandi. U Turkmanistonga ekspeditsiya tashkillashtirdi (1929 yili yakunlandi). Ekspeditsiya natijalari sifatida turkman musiqasi haqida kitob yozildi (V.Uspenskiy i V.Belyaev.Turkmenskaya muzqka, t.I, 1928.).
V.A.Uspenskiy faqatgina fol’klor materiallarini to’plash bilan chegaralanib qolmay ilmiy-tadqiqot ishlarini ham olib bordi. Masalan, 1927 yili chop ettirilgan “O’zbek klassik musiqasi” deb nomlangan nazariy maqolasida, sharq musiqasiga nisbatan qarashlari, arab-fors musiqa tizimlarining tahlili haqida bayon qiladi.
1927 yili A.Fitratning “O’zbek klassik musiqasi tarixi” kitobi nashr qilindi. Muallif mazkur ishida milliy kadrlarni tayyorlash, sharqshunoslik va musiqashunoslik soxalarining o’zbek musiqasi tarixini o’rganishda tutgan o’rni haqida mulohazalarini bayon etgan. Xususan kitobda “SHashmaqom”ning qismlari xaqida, musiqa cholg’ulari haqida batafsil ma’lumotlar beriladi. Fitratning ushbu risolasi o’zbek musiqa tarixini o’rganishda ahamiyati katta.
O’zbekiston musiqa madaniyatining rivojlanishini xalq ijodiyoti namunalarini yozish ishlarini jadal sur’atda olib borishini taqozo etdi. Bunda mutaxassislar tayyorlash masalasi birlamchi bo’lib qoldi. Bu kabi masalalar bilan shug’ullanish 1928 yili Samarqandda tashkil etilgan O’zbek musiqa va xoreografiya institutiga topshirildi. Bu davrda institut rahbari N.N.Mironov edi. Musiqiy merosni to’plashda N.N.Mironovning (1870-1952) faoliyati e’tiborni jalb qiladi. Turkistondagi o’z faoliyatini avvaliga rus armiyasining harbiy kapel’meststeri sifatida boshlagan N.N.Mironov, keyinchalik musiqiy-ma’rifiy ishlar borasida jonbozlik ko’rsatgan edi. 1928 yili uning tashabbusi bilan Samarqandda o’zbek musiqa va xoreografiya instituti ochilgan bo’lib, unda saboq berishga Ota Jalol, Ota G’iyos Abdug’ani, Domla Halim Ibodov, Abduqodir Ismoilov, Ahmadjon Umrzoqov, Matyusuf Xarratov singari mashhur hofiz va sozandalar jalb etilgan. Institutda fonograf orqali valiklarga muxrlash ishlari ham bajarilardi. Bu faoliyat natijasida N.N.Mironov tomonidan nashrga uchta kitob tayyorlanib, ularga M.Ashrafiy, SH.Ramazonov, T.Sodiqovlar yozib olgan milliy kuylar to’plangan edi. 1932 yili mazkur institut Toshkent shahriga ko’chirildi. Bu dargohning xodimlari V.A.Uspenskiy, Ye.E.Romanovskya (1890-1947), Ilyos Akbarov va X.Muxamedovlar (1915-1993) Toshkent, Farg’ona vodiysi (Andijon, Farg’ona, O’sh va Marg’ilon), Xorazm va Buxoro bo’ylab musiqiy-etnografik ekspeditsiyalari uyushtiradilar. Bir qator chop etilgan to’plamlar ana shu mehnatning hosilasidir. Xususan, “O’zbek xalq qo’shiqlari” (1,2 kitoblar – 1939, 3 kitob – 1954), “Xorazm klassik muzikasi” (1939), “O’zbek cholg’u muziqasi” (1948), “Navoiy so’ziga muzikalar” (1949), “O’zbek vokal muzikasi” (1950) nota to’plamlari shular jumlasini tashkil etadi. Ushbu yozuvlar mazmunida xalq musiqasi – Farg’ona ayollarining qo’shiqchilik ijodi va kasbiy musiqaga doir xorazm maqomlarining cholg’u va boshqa rivojlangan ashula yo’llari o’z aksini topgan edi. SHuningdek, 1949 yili Ilyos Akbarov O’zSSR xalq artisti Usta Olim Komilovdan 50 ga yaqin doira usullarini yozib oladi va 1952 yili “Doira zarblari” nomi bilan chop ettiradi.
O’zbekiston Respublikasi bo’ylab xalq musiqiy ijodiyotini o’rganish va o’zlashtirish jarayoni kechayotgan davrda qo’shni xalqlar an’anaviy musiqasini yozib olish hamda ularni ilmiy-amaliy tadqiq etish tadbirlari ham ma’lum maromda davom etdi. Bu yo’nalish bo’yicha yuqorida tilga olingan musiqashunos olimlar ya’ni V.Belyaev va V.Uspenskiylar bilan birgalikda boshqa mualliflar ham samarali faoliyat ko’rsatishdi. Xudi shu amallar xosilasi deb 1928 yili Moskva shahrida chop etilgan V.Belyaev va V.Uspenskiylarning “Turkman musiqasi” kitobini misol qilishimiz mumkin. Bu kitob turkman xalq an’anaviy musiqaning 115 ta namunasi va shu mavzular bilan bog’liq ilmiy-nazariy maqolalarni o’z ichiga olgan. Jumladan, musiqashunos olim A.Zataevich ham qozoq va qirg’iz xalqlari an’anaviy musiqa ijodiyotiga taaluqli bir necha yirik ishlarni amalga oshirgan. Bu o’rinda 1925 yili Orenburg shahrida nashrdan chiqqan “1000 ta qozoq xalqi aytimlari”, 1931 yili Olma-Ota shahrida nashr etilgan “500 ta qozoq aytim va kuylari”, Moskvada chop etilgan “250 ta qirg’iz cholg’u va aytimlar” kabi to’plamlarni eslash joizdir.
O’ziga xos tashabbus va fidoiylak bilan boshlanib ma’qul natijalar bergan ishlarni keyinchalik yosh milliy mutaxasssislar ham baholi qudrat davom ettirishib ijobiy marralarni qo’lga kiritishdi. Natijada, Markaziy Osiyo xalqlari an’anaviy musiqa ijodining turli xil qirralarini yorituvchi qator ilmiy tadqiqot va to’plamlar nashrdan chiqdi. “Qirg’iz musiqiy fol’klori” (M.,L., 1939), “Tojiklar musiqasi”(S.,T., 1941), “200 ta qozoq aytimlari”(T.Bekxojina. Olma-Ota, 1972), “Tojik xalq aytimlari”(tuzuvchi SH.Sayfiddinov., Kiev, 1981) va “Turkman xalq aytimlari” (tuzuvchi N.Abubakirov., Kmev, 1981) kabi nashrlar shular jumlasidandir.
O’zbek an’anaviy musiqa merosini notaga olish jarayoni 50- yillarda o’z jarayonini yangicha yo’nalishda davom ettirib, institut xodimlari safi yosh mutaxassislar balan kengaydi. Jumladan, musiqashunos olima K.Olimboeva (1926-1992) “SHoxsanam va G’arib” dostonidan ayrim kuylarni notalashtirdi. Toshkent, Farg’ona (1951) va Xorazm viloyatlariga (1952) taniqli fol’klorshunos olimlar M.Alaviya va K.Abdullaevlar bilan ekspeditsiyalarda qatnashib, zamonaviy xalq qo’shiqlarni yozishga muvaffaq bo’ldi hamda “25 o’zbek xalq qo’shig’i” to’plamini nashr uchun tayyorladi.
Shu davrlardan (1950) boshlab institutning musiqa bo’limi mudiri F.M.Karomatov rahbarligida O’zbekiston viloyatlari – Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg’ona vodiysiga ekspeditsiyalar tashkil etilgan. Hozirgi kunga qadar davom etib kelayotgan ushbu ijodiy jarayonda qimmatli manbalar to’plangan bo’lib, ular asosida F.M.Karomatov “O’zbek do’mbra musiqasi” (1962), “O’zbek xalq qo’shiqlari” (1980) va hozirda ikki kitobdan iborat “O’zbek xalq musiqa merosi”(1 kitob, 1978; 2 kitob, 1985) to’plamlarini bosmadan chiqardi.
Akademik Yunus Rajabiy (1897-1976) ham o’zbek musiqa merosini asrab qolish va uni rivojlantirishda ulkan hissa qo’shgan san’atkorlardan biridir. Yunus Rajabiyning o’zbek musiqasining deyarli barcha janrlarga mansub nota yozuvi namunalari ko’p tomlik “O’zbek xalq musiqasi” (1-5 tomlar, 1955-59)da nashr etilgan. Ushbu to’plamlarda, jumladan, bolalar qo’shiqlarii, xalq aytimlari (qo’shiq, lapar, yalla, ashula), katta ashulalar, cholg’u kuylari, Farg’ona-Toshkent maqom yo’llari, muxtasham Shashmaqom turkumi munosib o’rin olgandir. 1966-1975 yillarda Shashmaqom namunasini olti jiltda qaytadan nashr etilishi hamda bu maqomlarni Yunus Rajabiy rahbarligidagi O’zbekiston teleradiosi maqomchilar ansambli ijrosida audio tasmalar va plastinkalarga yozib olinishi bu ro’yxat salmog’ini yanada oshiradi. Akademik Yu.Rajabiy to’plamlari nisbatan mukammal darajada bajarilganligi bilan o’zbek musiqasini amaliy o’zlashtirish va nazariy o’rganishda benihoya qimmatli manbadir. Ayniqsa, SHashmaqom nota yozuvi yo’llari avvalgi urinishlardan sifatli farq etishini ta’kidlash kerak. Bunda ovoz xususiyatlari ma’lum darajada inobatga olinib, kuy-ohanglarga o’zbek mumtoz she’riyati namunalari monand etilganligi kabi muhim xolatlarini alohida aytish mumkin.
Shu o’rinda, Xorazm maqomlarini ham to’liq turkum (ya’ni ham chertim, ham aytim yo’llari) tarzida Matniyoz Yusupov (1925-1992 yy) tomonidan yozib olinishi va 1958 yili “O’zbek xalq musiqasi” to’plamining oltinchi jildida chop etilishi e’tiborga molikdir. Bunda notaga oluvchi maqom aytim yo’llarini ovoz va tanburga oid alohida yozuvlarda aks ettirganki, natijada maqom ijrosi xususida aniqroq tasavvurga ega bo’linadi. Xorazm maqomlari ham jiddiy o’zgarish va to’ldirishlar bilan 80-yillar davomida qaytadan nashr etilgan edi. SHuningdek, Xorazm musiqa an’analarini o’rganishda M.Yusupov nota yozuvlariga olgan mahalliy ashula, lapar, suvora va boshqa aytim hamda cholg’u kuylari muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu mehnat natijalari “O’zbek xalq musiqasi” ko’p tomligining VII (1960 y) va I’ (1962 y) jildlarida o’z aksini topgan.
Tayanch so’zlar:
Tarix, madaniyat, musiqiy an’analar, san’at, arxeologiya, davr, fol’klor, bayram, marosim
Dostları ilə paylaş: |