Bitiruv ishining dolzarbligi. Kompyuter va axborot texnologiyalari o‘z foydalanuvchilaridan muloqot uchun ma’lum bir darajadagi maxsus tayyorgarlikni talab qiladi. Bu tayyorgarlikning qay darajada mukammal bo‘lishi muloqotning sifat darajasini belgilaydi. Mazkur muammoni hal qilish esa, boshlang‘ich, o‘rta maxsus va oliy ta’lim tizimidagi informatika fani va uni o‘qitish metodikasi oldida turgan eng dolzarb masalalardan biriga aylanib ulgurdi.
Kompyuter yordamida hal qilinadigan har qanday masala uchun maxsus dastur ishlab chiqish talab qilinadi. Kompyuter yordamida yyechimini kutayotgan masalalar uchun “eski” dasturlash vositalari yordamida dasturlar ishlab chiqish iqtisodiy jihatdan o‘zini qoplamasligi hamda dastur ishlab chiqish jarayonining murakkabligi yangi dasturlash tillariga bo‘lgan ehtiyojni yuzaga keltiradi. Bu masala tajribali dasturchilar yoki dasturchi guruhlar tomonidan hal qilinadi. Ana shunday dasturchilarni tarbiyalab, voyaga yetkazish, ularni kelajakdagi kasbiy faoliyatlarida ehtiyojiga qarab foydalanishi uchun zarur ma’lumotlarni (dasturlash asoslari, dasturlash tillari, axborot texnologiyalari va x.k.) o‘rgatishdek jarayonni samarali tashkil etish o‘quv yurtlaridagi dasturlash asoslari fani o‘qituvchilarining eng asosiy vazifasi hisoblandi.
Dasturlash tillari rivojlanishdan to‘xtagani yo‘q. Bugungi kunda ma’lumotlarni ifodalash shakli, tuzilmasi va ishlash tamoyillari avvalgilaridan butunlay farq qilib, imkoniyatlari juda ham boy bo‘lgan yangi dasturlash tillari shakllandi va avvalgilariga nisbatan bir qator afzalliklarga ega bo‘lgan yangi versiyalar hisobiga rivojlanib bormoqda. Buning evaziga, dasturlash tillarini o‘qitishda bir qator muammolar yuzaga kelmoqda.
Yuqoridagi ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, talabalarda yangi dasturlash texnologiyalari bo‘yicha bilim va malakalarini shakllantirish va rivojlantirish, “Informatika” va “Zamonaviy dasturlash tillari”, “Algoritmlash va dasturlash tillari” fanlarini o‘qitish sohasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etish, bu fanlarni o‘qitish metodikasini tahlil qilish va takomillashtirish Oliy ta’lim tizimidagi eng dolzarb masalalalardan biri hisoblanadi.