VII bob. Jinoyatda ishtirokchilik 27-modda. Jinoyatda ishtirokchilik tushunchasi Ikki yoki undan ortiq shaxsning qasddan jinoyat sodir etishda birgalashib
qatnashishi ishtirokchilik deb topiladi.
28-modda. Jinoyat ishtirokchilarining turlari Jinoyatni bajaruvchi bilan bir qatorda tashkilotchi, dalolatchi va
yordamchilar ham jinoyat ishtirokchilari deb topiladi.
Jinoyatni bevosita to‘la yoki qisman sodir etgan yoxud ushbu Kodeksga
muvofiq javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘lmagan shaxslardan yoki boshqa
vositalardan foydalanib, jinoyat sodir etgan shaxs bajaruvchi deb topiladi.
Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rilishiga yoki jinoyat sodir etilishiga rahbarlik
qilgan shaxs tashkilotchi deb topiladi.
Jinoyat sodir etilishiga qiziqtiruvchi shaxs dalolatchi deb topiladi.
Jinoyat sodir etilishiga o‘z maslahatlari, ko‘rsatmalari bilan, vositalar berish
yoki to‘siqlarni yo‘qotish bilan ko‘maklashgan, shuningdek jinoyatchini, jinoyat
sodir etish quroli, izlari va vositalarini yoxud jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan
narsalarni yashirishga, shuningdek bunday narsalarni olish va o‘tkazish to‘g‘risida
oldindan va’da bergan shaxs yordamchi deb topiladi.
LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998-yil 17-apreldagi 11-sonli “Iqtisodiyot sohasidagi jinoiy ishlar bo‘yicha sud amaliyotida yuzaga kelgan ayrim masalalar to‘g‘risida”gi qarori 21- bandining ikkinchi xatboshisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2000-yil 15-sentabrdagi 23-sonli “Harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 3.1- bandining beshinchi xatboshisi va 4.1-bandining to‘rtinchi xatboshisi, O‘zbekiston
Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2004-yil 24-sentabrdagi 13-sonli “Qasddan odam o‘ldirishga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 12- bandining oltinchi xatboshisi hamda 14-bandining ikkinchi va uchinchi xatboshilari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2008-yil 5-maydagi 13-sonli “Bir necha jinoyat sodir etilganda qilmishni kvalifikatsiya qilishga doir masalalar to‘g‘risida”gi qarori 12-bandining ikkinchi xatboshisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017-yil 11-oktabrdagi 35-sonli “Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 22-bandi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2011-yil 11-fevraldagi 1-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori 5-bandining ikkinchi xatboshisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2013-yil 31-maydagi 08-sonli “Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlikka oid qonunchilikning sudlar tomonidan qo‘llanilishi to‘g‘risida”gi qarorining 11-bandi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2013-yil 6-sentabrdagi 18-sonli “Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 15- bandining uchinchi xatboshisi.