Agar jinoyatni sodir etgan shaxs o‘z xulq-atvori qonunda nazarda tutilgan
ijtimoiy xavfli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligiga ko‘zi yeta turib,
ehtiyotkorlik chora-tadbirlariga ongli ravishda rioya etmagan holda bunday
oqibatlar kelib chiqmasligiga asossiz ravishda umid qilgan bo‘lsa, bunday jinoyat
o‘z-o‘ziga ishonish oqibatida sodir etilgan deb topiladi.
Agar jinoyat sodir etgan shaxs o‘z xulq-atvori qonunda nazarda tutilgan
ijtimoiy xavfli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligiga ko‘zi yetmasada, lekin
ko‘zi yetishi lozim va mumkin bo‘lsa, bunday jinoyat beparvolik orqasida sodir
etilgan deb topiladi.
23-modda. Murakkab aybli jinoyat
Agar shaxsning qasddan jinoyat sodir etishi natijasida ehtiyotsizlik orqasida
boshqa ijtimoiy xavfli oqibatlar yuz bergan va shunday qilmishni qonun qattiqroq
javobgarlik bilan bog‘lagan bo‘lsa, bunday jinoyat qasddan sodir etilgan deb
topiladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi
Plenumining 2004-yil 24-sentabrdagi 13-sonli “Qasddan odam o‘ldirishga oid
ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 4-bandi, O‘zbekiston
Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007-yil 27-iyundagi 6-sonli “Badanga
qasddan shikast yetkazishga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi
qarorining 19-bandi.
24-modda. Aybsiz holda zarar yetkazish
Agar shaxs o‘z qilmishining ijtimoiy xavflilik xususiyatini anglamagan,
anglashi mumkin va lozim ham bo‘lmagan yoki uning ijtimoiy xavfli oqibatlariga
ko‘zi yetmagan va ishning holatlariga ko‘ra ko‘zi yetishi mumkin va lozim ham
bo‘lmagan bo‘lsa, bunday qilmish aybsiz holda sodir etilgan deb topiladi.
Dostları ilə paylaş: