Ўзбекистоннинг энг янги тарихи Маъруза дарслари


O’zbekistonning davlat mustaqilligini qo’lga kiritish tomon yo’l tutishi



Yüklə 298,91 Kb.
səhifə5/74
tarix09.10.2023
ölçüsü298,91 Kb.
#153238
növüСеминар
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   74
Хемис учун материал Ўзб энг янги тарихи 1 курс

4.O’zbekistonning davlat mustaqilligini qo’lga kiritish tomon yo’l tutishi.
XX asr 90-yillariga kelib jahon va sobiq ittifoqdagi o’zgarishlar hamda yuzaga kelgan vaziyat o’zbek xalqining mustaqillik uchun bo’lgan kurashini tezlashtirib yubordi. Bu o’rinda O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining 1989-yil 23-iyundagi plenumi va unda Islom Karimovning birinchi kotib etib saylanishi juda katta ahamiyat kasb etdi. Ushbu anjumanda I.Karimov O’zbekistonning sobiq Ittifoqda tutgan o’rni va rolini aniq-ravshan belgilab berdi, madaniy merosni va tarix haqiqatini tiklash, milliy urf-odatlar va an’analarni rivojlantirish obektiv zarurat ekanligini isbotladi.
O’zbekistonning yangi hukumati Markaz bilan bo’ladigan munosabatlarni o’zgartirmay turib, ijobiy siljishlarga erishib bo’lmasligini va buning uchun respublikaning to’liq mustaqilligini ta’minlash zarurligini tushunib etdi. I.A.Karimovning tashabbusi bilan O’zbekiston hukumati tomonidan 1989-yil 15-avgustda «Kolxozchilar, sovxoz ishchilari, fuqarolar, shaxsiy tomorqa xo’jaliklari va individual uy-joy qurilishini yanada rivojlantirish to’g’risida» maxsus qaror qabul qilindi. Garchi bu g’oya ittifoq rahbarlariga yoqmagan bo’lsa ham, I.A.Karimov o’z fikridan qaytmay, uni jasorat bilan amalga oshira bordi. Natijada o’sha yilning 4 oyida aholi qo’shimcha 90,7 ming gektar yer oldi. «G’oyat og’ir ayni o’sha sharoitda aholiga qo’shimcha tomorqa yerlari ajratish haqidagi Farmon va qarorlar qabul qilingani shu asosda, O’zbekiston bo’yicha 2,5 million oilaga hammasi bo’lib 700 ming gektar sug’oriladigan yer tomorqa sifatida xususiy mulk qilib berilgani qishloqlarimizda ijtimoiy muammolarni yechish, aytish mumkinki, jar yoqasida turgan yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlab qolishda ulkan tarixiy qadam bo’lgan...» Ana shunday o’zgarishlar tufayli odamlar dunyoda adolat va haqiqat borligiga, mus­taqillik har qaysi oila, butun xalqimiz uchun hyech narsa bilan o’lchab, qiyoslab bo’lmaydigan bebaho ne’mat ekaniga chin dildan ishonch hosil qilgan edilar.
XX asr 80-yillarining o’rtalariga kelib SSSRning parchalanishi real obektiv haqiqatga aylanib qoldi. 1989-yil 21-oktabrda O’zbekiston Oliy Sovetining XI sessiyasi «O’zbekiston SSRning davlat tili haqida»gi Qonunini qabul qildi. O’zbek tili davlat tili deb e’lon qilindi. Ish yuritish sekin-asta o’zbek tiliga o’tkazila boshlandi, uni o’rganishni yaxshilash yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi. Ayni vaqtda rus tilini va respublikada yashovchi boshqa xalqlarning tillarini o’rganish uchun shart-sharoitlar yaratilishi lozim edi, tilni o’rganishning ixtiyoriyligi va uni tanlash huquqi qonunda belgilab qo’yildi. Bu qonunning qabul qilinishi o’zbek xalqi, shu xalq milliy o’z-o’zini anglashining o’sishi, respublikada millatlararo hamjihatlikning saqlanib qolishi uchun juda katta ahamiyatga ega bo’ldi. Davlat tili haqidagi qonun qabul qilinganidan so’ng milliy o’zlikni anglash, milliy davlatchilikni tiklash yo’lida respublikada yana bir tarixiy ahamiyatga ega bo’lgan muhim siyosiy qadam qo’yildi.
1990-yil 23-martda O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining Plenumida respublika siyosiy tizimi to’g’risidagi masala ko’rib chiqildi. Unda O’zbekistonda hokimiyatning Prezidentlik boshqaruvi shakliga o’tishi respublika suvereniteti va davlatchiligida mohiyatan yangi bosqich ekanligi ta’kidlandi.
1990-yil 24-mart kuni O’zbekiston SSR Oliy Sovetining XII chaqiriq 1-sessiyasi SSSR doirasida birinchi bo’lgan siyosiy hujjatni - «O’zbekistonda Prezidentlik boshqaruvi ta’sis etish to’g’risida»gi qarorni qabul qildi va O’zbekiston Kompartiyasi MK birinchi kotibi Islom Abdug’aniyevich Karimov O’zbekiston SSR Prezidenti etib saylandi. Shu tariqa, O’zbekiston-SSSR respublikalari ichida birinchi bo’lib o’zining milliy-huquqiy va demokratik davlatiga mustahkam zamin yaratdi.
O’zbekistonning mustaqillikka yerishishida qo’yilgan navbatdagi muhim qadamlardan biri bu 1990-yil 20-iyunda respublika Oliy Soveti tomonidan 12 moddadan iborat bo’lgan «Mustaqillik Deklarasiyasi»ning qabul qilinishi edi. Mazkur hujjat O’zbekiston qonunlarining Ittifoq qonunlaridan ustuvorligini ta’minladi. Shu bilan birga, «Mustaqillik Deklarasiyasi» O’zbekistonning 1991-yil 31-avgustga qadar mavjud bo’lgan boshqaruv, huquqiy faoliyatini ta’minladi, barcha sohada mustaqil siyosat olib borish imkonini berdi. Deklarasiyada har bir millatning o’z taqdirini o’zi belgilash huquqidan kelib chiqqan holda, xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlariga va demokratiya tamoyillariga asoslanib O’zbekiston SSRning davlat suvereniteti e’lon qilindi. Deklarasiyaning qabul qilinishi bilan O’zbekistonda respublikaning iqtisodiy va siyosiy hayotiga doir masalalar mustaqil tarzda hal qilina boshlandi.
Shunday bir tarixiy sharoitda sobiq SSSRdagi siyosiy vaziyat keskinlashib bordi. XX asrning 90-yillari boshlarida Ittifoq tarkibidagi ko’pchilik respublikalar mavjud vaziyatni o’zgartirishni talab qila boshladi. 1990-yil bahorida Sovet Sosialistik Respublikalari hisoblangan Boltiqbo’yidagi Litva (11-mart), Latviya (4-mayda), Estoniya (8-may), keyinroq Gruziya (oktyabr) va Ozarbayjon (1991-yil fevral) Ittifoq tarkibidan chiqqanligini e’lon qildi Bu holat SSSR ning davlat butunligiga jiddiy ta’sir ko’rsatdi. Moskva 1990-yil kuzida Markaz bilan respublikalar o’rtasidagi munosabatlarni yangilash yuzasidan muzokaralar jarayonini boshlab yubordi. Shu asosda markaziy hokimiyat jamoatchilikning talablari ostida Ittifoq shartnomasini yangilash zaruratini e’tirof etishga majbur bo’ldi.
SSSR Oliy Soveti Ittifoq shartnomasini o’zgartirish, SSSRni teng huquqli suveren respublikalar Federasiyasi sifatida yangilash xususida xalqning fikrini bilish maqsadida 1991-yil 17-mart kuni Butunittifoq referendumini o’tkazishga qaror qildi. 1991-yil 20-fevralda O’zbekiston Oliy Kengashning Rayosati referendum o’tkazishni ma’qulladi va SSSR Oliy Soveti tomonidan tayyorlangan byulleten bilan birga yana bitta qo’shimcha byulletenni ovozga qo’yishga qaror qildi.
Qo’shimcha byulletenga «Siz O’zbekistonning mustaqil, teng huquqli respublika sifatida yangilangan Ittifoq (Federasiya) tarkibida qolishiga rozimisiz?» degan savol qo’yildi. Ovoz berishda qatnashgan saylovchilarning 93% bu savolga «Ha» deb javob berdilar. Demak, o’zbekistonliklar o’z mamlakatini mustaqil davlat sifatida federativ ittifoqda bo’lishini, O’zbekistonning suveren respublika sifatida rivojlanishini yoqlab ovoz bergan edilar.
1991-yil aprelda Kiyevda Ukraina, Rossiya, Belorus, O’zbekiston, Qozog’iston respublikalari rahbarlarining uchrashuvi bo’ldi. Uchrashuvda mustaqil respublikalar manfaatlariga mos keladigan Ittifoq shartnomasini tuzishga yondashish yo’llari ishlab chiqildi va tegishli bayonot imzolandi. Bu hujjatni Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston Respublikalari ham imzolashga rozilik bildirdi. Markaz yon berishga majbur bo’ldi.
1991-yilga kelib O’zbekistonda respublikaning davlat mustaqilligiga doir mutlaqo yangi davlat ramzlarini tayyorlash va qabul qilish borasida dadil ishlar qilina boshlandi. 1991-yil 15-fevralda O’zbekiston Oliy Kengashi «O’zbekistonning davlat ramzlari to’g’risida» maxsus qaror qabul qildi.
O’zbekistonning o’z suvereniteti uchun kurashi, avvalo, respublikada qa­bul qilingan har bir qonunning mazmuni va mohiyati jihatidan sobiq Ittifoqqonunlaridan tubdan farq qilishida, bundan tashqari, har bir qonun avvalgidek Ittifoq qonuniga moslashtirib emas, balki respublika manfaati ifoda yetilganligi bilan ajralib tura boshladi. Xususan, 1991-yilning 22-iyulida O’zbekiston SSR Oliy Kengashi Prezidiumining «O’zbekiston SSR hududida joylashgan Ittifoqqa bo’ysunuvchi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarini O’zbekiston SSRning huquqiy tobeligiga o’tkazish» to’g’risida qabul qilgan qarori ham O’zbekiston SSR Prezidenti I.A.Karimov, O’zbekiston SSR Oliy Kengashi va hukumati O’zbekistonning siyosiy-iqtisodiy mustaqilligi, uning milliy suvereniteti uchun dadil qadamlar tashlaganligining isbotidir.
1991-yilning aprel oyiga kelib, Markaz o’zining ta’sir doirasini saqlab qolish maqsadida mustaqil davlatlar ittifoqini tuzishga intildi. 1991-yil aprelda Novo-Ogoryovoda SSSR Prezidenti M.S.Gorbachevning 9 respublika rahbarlari bilan uchrashuvi bo’ldi. Ishtirokchilar tomonidan «Mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va tanglikni bartaraf etishga doir kechiktirib bo’lmaydigan choralar to’g’risida» qo’shma Bayonot imzolandi. Bu hujjat «9+1» (9 respublika+Markaz) degan nomni oldi. Uning mazmuni markazning yon berganini, Kiyevda bildirilgan fikr-mulohazalarga rozi bo’lganini ko’rsatadi.
1991-yil 3-iyunda Novo-Ogoryovoda SSSR Oliy Soveti vakillari bilan Respublika rahbarlari o’rtasida uchrashuv bo’ldi. Uchrashuvda Mustaqil davlatlar ittifoqi (MDI) tuzish masalasi muhokama qilindi. Mulk, til va yangi shartnomani tasdiqlash tartibi to’g’risida keskin munozara bo’ldi. Uchrashuvda ishtirokchilarning fikr-mulohazalari asosan inobatga olingan «Mustaqil davlatlar ittifoqi to’g’risida shartnoma» loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha barcha Respublikalar Oliy Sovetlariga muhokama uchun jo’natildi.
Mazkur shartnoma loyihasi O’zbekiston Oliy Sovetida 1991-yil 14-iyunda muhokama qilindi. Kengash Federasiya tamoyillari asosida Mustaqil Davlatlar Ittifoqini tuzish tarafdori ekanligini bildirdi. Shu bilan birga u Respublikalar vakolatlarini yanada kengaytirishga doir takliflarni ilgari surdi.
1991-yil iyul oyining oxirlarida Novo-Ogoryovoda yangi shartnoma loyihasini uzil-kesil tayyorlash uchun Markaz vakillari va Respublika rahbarlarining uchrashuvi bo’ldi. Markazni ham, Respublikalar rahbarlarini ham qanoatlantiradigan «Mustaqil Davlatlar Ittifoqi to’g’risida shartnoma» loyihasi tayyorlandi. Ammo hamma rozi bo’lgani holda «Mustaqil Davlatlar Ittifoqi to’g’risidagi shartnoma» ni imzolash 1991-yil 20-avgust kuniga qoldirildi. SSSR Prezidenti M.S.Gorbachyov Foros (Qrim)ga dam olish uchun jo’nab ketdi.
Biroq ittifoqning kompartiya va markaziy davlat apparatidagi bir necha nufuzli rahbarlar markazning yakkahokimligini cheklaydigan va kamida oltita respublikani Ittifoqdan chetda qoldiradigan bu shartnomaga qo’shila olmadi. Bu rahbarlar oliy hokimiyat mahkamalaridagi asosiy lavozimlarni egallab turar yedi. Prezident M.Gorbachev dam olishga ketganidan foydalanib, ular 1991-yil 18-avgust kuni tayyorlangan va 19-avgustda matbuotda e’lon qilingan «Sovet rahbariyatining Bayonoti»da M.S. Gorbachevning salomatligi yomonlashdi, shu sababli uning SSSR Prezidenti vazifalarini ijro etish imkoniyati yo’q, degan soxta axborot bilan chiqdilar. Bayonotda Prezident vakolatlari vise-prezident G.I.Yanayevga o’tkazilganligi e’lon qilindi. Aslida yesa Prezident M.S.Gorbachyov sog’-salomat edi, ammo o’zini himoya qila olmadi. Fitnachilar noqonuniy ravishda uni o’z vazifasidan chetlashtirdi va mamlakatdan, xalqdan, dunyodan ajratib, barcha aloqa vositalarini uzib, 72 soat qamal qilib qo’ygan edi. Fitnachilar tomonidan mamlakatni idora qilish uchun SSSRda Favqulodda holat davlat qo’mitasi (GKChP) tuzildi.
1991-yil 18-avgustda mamlakatda favqulodda holat e’lon qilindi. Favqulodda holat davlat qo’mitasi faoliyatiga qarshi B.N.Yelsin boshchilik qildi. Uning farmoni bilan 1991-yil 22-avgustda KPSS faoliyati to’xtatildi, keyinchalik taqiqlab qo’yildi. Ammo KPSS Markaziy Qo’mitasi joylardagi partiya qo’mitalaridan to’ntarishni qo’llab-quvvatlashni talab qildi. Moskva va boshqa bir necha yirik shahar ko’chalariga qo’shinlar, shu jumladan tanklar kiritildi, deyarli barcha markaziy gazetalar taqiqlab qo’yildi, markaziy televideniyaning birinchi kanalidan boshqa barcha kanallari, deyarli barcha radiostansiyalar ishi to’xtatildi.
Shuni ta’kidlash lozimki, mamlakat aholisining ko’pchiligi Favqulodda holat davlat qo’mitasidan yuz o’girdi, armiya payt poylash pozisiyasida turdi. 20- avgustdayoq qarshilik markaziga aylangan RSFSR Oliy Kengashi binosi atrofida barrikadalar paydo bo’ldi, ularda o’n minglab kishilar himoyada turdi. Harbiy bo’linmalarning bir qismi mudofaachilar tarafiga o’tdi. 21-avgustda fitnachilar mag’lubiyatga uchradi, 22-avgustda yesa Favqulodda holat davlat qo’mitasi (GKChP) a’zolari qamoqqa olindi. Shundan so’ng to’ntarishni qo’llab-quvvatlagan KPSS rahbariyati bu partiyaning obro’sini uzil-kesil yerga urdi. Favqulodda holat davlat qo’mitasining mag’lubiyatidan so’ng mamlakatda kommunizmga qarshi ommaviy namoyishlar bo’lib o’tdi. KPSSning faoliyati to’xtatib qo’yilgach, partiyaning qariyb 15 million a’zosidan birontasi bu qarorga qarshi norozilik bildirish uchun ko’chaga chiqmadi. Bu mazkur partiya 1991-yil yozidagi qiyofasida umri tugaganidan dalolat beruvchi ramziy holat edi.
Moskvada fojiali hodisalar ro’y bergan paytda O’zbekiston Prezidenti I.A.Karimov rasmiy safar bilan Hindistonda edi. Prezidentimiz 1991-yil 19-avgustda safardan qaytib keldi va shu kuni kechqurun Toshkent shahrining faollari bilan uchrashib, qat’iy tarzda O’zbekiston nuqtayi nazarini ma’lum qildi. Respublika rahbariyati Markazdan beriladigan qonunga xilof bo’lgan har qanday ko’rsatmalarni bajarishni man etdi. 20-avgustda O’zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosati va O’zbekiston SSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri rahbarlari ishtirokida qo’shma majlisi bo’ldi. Unda fitna munosabati bilan vujudga kelgan vaziyat muhokama qilinib, O’zbekistonning mustaqillikka erishish yo’li o’zgarmasligi haqida Bayonot qabul qilindi.
1991-yil 21-avgust kuni O’zbekiston Prezidenti I. Karimovning Farmoni bilan Favqulodda holat davlat qo’mitasining O’zbekiston Konstitusiyasi hamda qonunlariga zid keladigan qarorlari va farmonlari noqonuniy deb e’lon qilindi.
Islom Karimov Favqulodda holat Davlat Qo’mitasi faoliyatiga o’z munosabatini bildirmagan, qo’rqoq va prinsipsiz mavqyeda turgan KPSS Markaziy Qo’mitasi Siyosiy Byurosi va Kotibiyati yuz minglab kommunistlarning sha’ni va qadr-qimmatini zarba ostiga qo’yganini qoraladi. Buning ustiga respublika kommunistlarini chalg’itishga va davlat to’ntarishini qo’llab-quvvatlashga majbur qilishga urinish bo’lganini oshkora aytdi. I.Karimov bundan buyon KPSS Markaziy Qo’mitasi Siyosiy Byurosining tarkibida qola olmasligi to’g’risida bayonot berdi. Mazkur bayonotni O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo’mitasi byurosi va Markaziy nazorat komissiyasi rayosati ma’qulladi.
O’zbekiston Prezidentining 1991-yil 25-avgustdagi Farmoniga binoan Respublika ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizligi qo’mitasi qonuniy ravishda O’zbekiston tasarrufiga olindi. Respublika hududida joylashgan SSSR ichki ishlar vazirligining ichki qo’shinlari bevosita O’zbekiston Prezidentiga bo’ysundirildi. Respublika ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik qo’mitasi, prokuraturasi, adliya organlari, ichki qo’shinlar, Turkiston harbiy okrugi qismlari va qo’shilmalari partiyadan butunlay xoli qilindi.
Sobiq Ittifoqning rasmiy jihatdan tugatilishida 1991-yil 8-dekabrda Belorussiyaning Belaya Veja Pushchasida Rossiya, Ukraina va Belorussiya rahbarlari tomonidan imzolangan o’zaro bitim muhim ahamiyat kasb yetdi. Bitimda 1922-yil 30 dekabrda tashkil topgan SSSR tugatilganligi va Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi (MDH) tashkil etilganligini rasman e’lon qildilar. 1991-yil 25-dekabrda SSSR xalqaro huquq subekti sifatida barham topdi va M.S.Gorbachyov Bosh kotib va Prezident lavozimlaridan iste’foga chiqdi.

Yüklə 298,91 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   74




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin