To‘qayzorlarda ko‘proq oddiy qurbaqa, yer kalamushi, mayda kaltakesaklar, suv ilon, qora ilon; qushlardan baliqchi qushlar, qo‘tan, bir qozonlar pelikan, qoravoy, ko‘k, oq va malla qo‘tanlar, qorabuzov, baklan, o‘rdaklar, churraklar, qirg‘ovul, kakkular, qirg‘iy, qora qarg‘a kabilar yashaydi. To‘kayda yana chiyabo‘ri, tulki, bo‘rsiq, to‘qay mushugi, quyon kabilar ham uchraydi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston suv va to‘qayzorlarida mo‘yna beruvchi ondatra, nutriya kabi hayvonlar ham urchitilmoqda.
O‘zbekiston vohalarida qushlardan musicha, zag‘cha, qarqunoq, bulbul, bedana, chumchuq, boyo‘g‘li, laylak; sudralib yuruvchilardan sariq ilon, chipor ilon, bo‘zrang kaltakesak; sutemizuvchilardan bo‘ri, tulki, quyon, ko‘rshapalak, tipritikan kabilar yashaydi. Bulardan tashqari vohalarda yana sichqonlar, kalamushlar, chigirtka va boshqa hasharotlar uchraydi.
O‘zbekiston suv havzalarida baliqlarning 70 ga yaqin turi uchrab, ularning eng muhimlari Amudaryo va Sirdaryoda uchraydiganlari ilon baliq, zorora baliq, shil, sazan (zog‘ora baliq), laqqa baliq, oddiy cho‘rtan, qora baliq (marinka), ilonbosh kabilar hisoblanadi.
Sirdaryo va Amudaryo xavzasida, Kattaqo‘rg‘on, Quyimozor va Tolimarjon suv omborlarida, Amu-Buxoro, Qarshi magistral kanallarida mo‘ylov baliq (so‘g‘yon); Sirdaryo, Chirchiq daryolarida va Katta Farg‘ona, Janubiy Mirzacho‘l kanallarida Sirdaryo kurakburun (filburun) balig‘i uchraydi.
Zarafshon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sherobod kabi daryolarda, ayniqsa sekin oqadigan qismida xramulya, Amudaryoda esa katta kurakburun balig‘i, Amudaryo fareli (gulmoyi) yashaydi.
O‘zbekistondagi barcha daryolarning tog‘li qismida esa qora baliq uchraydi.
Jumhuriyatimiz suv havzalarida — ko‘llarida oddiy oqqayroq, kumush rang tovonbaliq, sazan, oddiy laqqa, oddiy sudak kabi baliqlar tarqalgan. So‘nggi yillarda O‘zbekiston suvlarida iqlimlashtirilgan ilonbosh, oddiy do‘ngpeshona, oq amur baliqlari ham urchitilmoqda.
O‘zbekistonda yana mo‘yna va go‘sht beruvchi, lekin «Qizil kitob»ga kiritilgan ayiq, qoplon, ilvirs, tog‘ takasi, arxar, jayron, Buxoro bug‘usi kabilar ham bor.
O‘zbekistonda qishloq xo‘jalik zararkunandalariga qarshi foydalanish mumkin bo‘lgan foydali hasharotlar ham mavjud bo‘lib, ularning eng muhimlari xonqizi, turli yaydoqchilar, oltinko‘z, trixogramma, ayrim yirtqich qo‘ng‘izlar, qandalalar, beshiktervatarlardir.
O‘zbekiston hayvonlar ichida ilmiy tadqiqot va meditsina tashkilotlarida har xil tajribalar o‘tkazish uchun minglab ko‘l baqalari, kalamushlar, sichqonldr, quyonlardan foydalaniladi.
O‘zbekiston yovvoyi faunasidan foydalanish bilan bir vaqtni o‘zida yovvoyi hayvonlarni o‘ylamay-netmay, qoida-qonunlarga rioya qilmay ov qilinishi tufayli bir qator hayvon turlari kamayib ketmoqda. Buning ustiga tabiiy landshaftlarni tezkorlik bilan o‘zlashtirilishi, ya’ni haydash; ovchilarning ko‘payishi; yangi-yangi shaharlar, qishloqlar, zavod fabrikalarning vujudga kelishi, tog‘-kon sanoatining ko‘payishi xo‘jalikni kimyolashtirish, tabiatdan noo‘rin maqsadlarda foydalanish oqibatida hayvonlar yashash joylaridan mahrum bo‘lmoqdalar. Bular o‘z navbatida juda ko‘p hayvonlar turining va sonining keskin kamayishiga sabab bo‘lmoqda.
Tabiatga ayniqsa yovvoyi hayvonlarga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lish oqibatida ba’zi hayvon turlari noyob turga aylandi (xongul bug‘usi, jayron va boshqalar), Turkiston yo‘lbarsi esa butunlay yo‘q bo‘ldi, kurakburun, filbo‘yin baliqlari kamyob turlarga aylandi.