Cho‘l mintaqasi hayvonlari - uzoq davom etgan quruq, jazirama yozga, qumli, sho‘rxok, toshloq sharoitga moslashgan. Shu sababli ba’zi hayvonlar uzoq davom etgan qurg‘oqchil, nihoyatda issiqqa, yozga chidamli bo‘lib, umrida suv iste’mol qilmay o‘simliklar tarkibidagi namlik bilan cheklansa, (yumrochqoziqlar, qo‘shoyoqlar, ko‘rsichqon) ba’zilar, chunonchi oqquyruq, jayronlar tez harakatchan (soatiga 50—60 km. tezlikda yugura oladi) bo‘lib, uzokdagi suvloqdan foydalanadi.
Cho‘l hayvonlarining aksariyati sharoitga shunchalik moslashib ketganki, ularning rangi qum tusiga (qo‘ng‘ir, malla, sarg‘ish rangga) o‘xshab ketgan. Cho‘lda yoz faslida kunduzi tuproq 70—80° gacha qizib ketganligi sababli ko‘pchilik hasharot, kaltakesak, ilon, ayrim sutemizuvchi va qush turlari kunduzi soya-salqin joylarda yoki inlarida jon saqlab, kech kirishi bilan faol hayot faoliyatini boshlaydi. Bunday xayvon turlariga chirildoq kaltakesak, qum bo‘g‘ma iloni, qo‘shoyoqlar, uzunquloq kirpi, korsak, cho‘l mushuklari va boshqalar kiradi.
Cho‘l hayvonlarining ba’zilari gekkon kaltakesaklar, ssink gekkoni (kaltakesak), ingichka barmoqli qum yumronqozig‘i qumga, ayniqsa ko‘chib yuruvchi qumlarda yashashga moslashgan. Chunki ularning barmoqlari tarmoqsimon bo‘lib, qum ustida tez harakat qiladilar.
O‘zbekiston cho‘llarida sutemizuvchilardan cho‘l mushugi, jayron, oqquyruq, qoraquyruq, olaqo‘zon, qoraquloq, qoplon (gepard), Turkiston bug‘usi — xongul, tulki, bo‘ri; kemiruvchilardan Ingichka oyoqli yumronqoziq, qumsichqon, shalpangquloq, tipratikan, ko‘shoyoqlar, ko‘rsichqon; sudralib yuruvchilardan echkemar, qum bo‘g‘ma iloni, kapcha ilon (Turkiston kobrasi), chipor ilon, xoldor chipor ilon, o‘qilon, charxilon, kaltakesaklar, cho‘l toshbaqa; qushlardan xo‘jasavdogar, to‘rg‘ay, tentakkush, korabovur, yo‘rg‘a duvaloq, boyo‘g‘li, cho‘l moyquti, qum chumchuri, cho‘l karg‘asi, so‘fito‘rg‘ay kabilar yashaydi.
Cho‘lda hasharotlardan qoraqurt, chayon, falanga, tarantul (biy), chigirtka kabilar mavjud. Bular ichida qoraqurt, chayon, falanga, biy zaharli o‘rgimchaklar turiga kiradi.