1.3. Hayvonot olami O‘zbekiston hayvonlari tabiatning harakatchan qismini tashkil etib, xilma-xil turlarni o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston hayvonlari paleoartika zoogeografik viloyatining Markaziy Osiyo kichik viloyatiga mansub bo‘lib, hayvonot dunyosi juda qadimiyligi bilan ajralib turadi. Ba’zi hayvon turlari jumhuriyat hududining o‘zida paydo bo‘lgan bo‘lsa, ko‘pchiligi boshqa mintaqalardan kelib qo‘shilgan. O‘zbekiston hududida paydo bo‘lgan hayvon turlariga ingichka barmoqli yumronqoziq, ko‘k sug‘ur, Bobrinskiy qo‘shoyog‘i, xo‘jasavdogar, qum bo‘g‘ma iloni, Turkiston agamasi, kurakburin, Orol shipi kabilar kirib, ular boshqa joylarda deyarli uchramaydi.
O‘zbekistondagi ba’zi hayvon turlari, chunonchi katta qumsichqon, yulg‘un qumsichqoni, kichik qo‘shoyoq, qo‘ng‘ir yumronqoziq, sayg‘oq, korsaq tulkisi, sassiqko‘zan, olako‘zan, yovvoyi mushuk manul (dala mushugi) kabi hayvonlar Qozog‘iston tekisliklaridan kirib kelgan. Jayron, barxon mushugi, karakal Old Osiyo va Shimoliy Afrika cho‘llaridagi hayvonlarga aloqasi bor. Burama shoxli echki, qunduz, afg‘on dala sichqoni, mayna kabi hayonlar esa Afg‘oniston faunasiga xosdir. O‘zbekiston tog‘larida yashovchi Himoliy ulari, Tibet qung‘uni, Sibir echkisi, ilvirs Markaziy Osiyodan kirib kelgan.
O‘zbekiston hududida yashovchi sirtlon, chiyabo‘ri, kobra (ko‘zoynakli ilon) kabi hayvon turlari Hindistondan kirib kelsa, oq sichqon va qo‘ng‘ir ayiq Yevropaning shimoli uchun xosdir.
O‘zbekiston tabiati xilma – xil bo‘lib, uning cho‘l qismida bir xil tabiiy muhit mavjud bo‘lsa, to‘qaylarda ikkinchi xil, adir va tog‘larda yana boshqacha muhit vujudga kelgan. Binobarin, o‘sha tabiiy sharoitga bog‘liq holda cho‘lga, to‘qayga, vohaga, adirga, toqqa, yaylovga moslashgan hayvonlar yashaydi.
Cho‘l hayvonlari uzoq davom etgan quruq, jazirama yozga, qumli, sho‘rxak, gilli, toshloq sharoitga moslashgan. Shu sababli ba’zi hayvonlar uzoq davom etgan qurg‘oqchilik, nihoyatda issiqqa, yozgi chidamli bo‘lib, umrida suv isti’mol qilmay o‘simliklar tarkibidagi namlik bilan cheklansa, (yumronqoziq, qo‘shoyoqlar, ko‘rsichqon) ba’zilar, chunonchi oqquyruq, jayron chopqir (soatiga 50-60 km. Tezlikda chopadi) bo‘lib, uzoqdagi suvloqdan foydalanadi.
Cho‘l hayvonlarining aksariyati sharoitga shunchalik moslashib ketganki, ularning rangi qum tusiga (qo‘ng‘ir, malla, sarg‘ish rangga) o‘xshab ketgan. Cho‘lda yoz faslida kunduzi tuproq 70-800 gacha qizib ketganligi sababli ko‘pchilik hasharot, kaltakesak, ilon, ayrim sutemizuvchi va qush turlari kunduzi soyasalqin joylarda yoki inlarida jon saqlab, kech kirishi bilan faol hayot faoliyatini boshlaydi. Bunday hayvon turlariga chirildoq, kaltakesak, qum bo‘g‘ma iloni, qo‘shoyoqlar, uzunquloq kirpi, korsak, cho‘l mushuklari va boshqalar kiradi.
Cho‘l hayvonlarining ba’zilari gekkon kaltakesaklar, ssink gekkoni (kaltakesak), ingichka barmoqli qum yumronqozig‘i qumga, ayniqsa ko‘chib yuruvchi qumlarda yashayga moslashgan. Chunki ularing barmoqlari tarmoqsimon bo‘lib, qum ustida tez harakat qiladilar.
Umurtqasizlardan qoraqurt, chayon, falanga, tarantul (biy), chigirtka kabilar keng tarqalgan bo‘lib, ular ichida qoraqurt, chayon, biy zaharli o‘rgimchaklar turiga kiradi.
Echkemar dushmandan saqlanish uchun qo‘rqitish holatiga kirganda, kuchli shishadi, uchi ayri tilini aylantirib, qattiq vishillaydi, uzun dumlarini yerga qattiq uradi, erkaklari esa boshini ko‘kartirib ko‘tarib turadi. Bu hayvon “Qizil kitob” ga kirgan.
Jayron – kichik, lekin chiroyli hayvon bo‘lib cho‘llarda yashaydi. Uning tanasi xushbichim, oyoqlari ingichka va uzun, qumkul rangida. Jayronning urg‘ochilari shoxsiz, erkaklari shoxli bo‘lib, shoxining uzunligi 27-41 santimetrga yetadi. Bahorda jayronlar bittadan bola tug‘adi va dastlab bolasini o‘t – butalar orasida berkitib olib yuradi, so‘ngra onasi ketidan ergashib yuraveradi. Ilgari jayronlar pora – poda bo‘lib yashar edi, juda kam qoldi. Jayran hozir “Qizil kitob” ga kiritilgan.
Qum charxiloni – o‘rtacha kattalikdagi ilon bo‘lib, uzunligi 45 sm dan oshmaydi. Tanasi qum-kul rangida, ikki yonida to‘lqinsimon oq yo‘l o‘tgan, ular orqa tomonida ko‘ndalang joylashgan oq dog‘lari bilan tutashgan, boshida esa aniq butasimon naqshi bor.
Turkiston kobrasi (kapcha ilon) – Turkistonning eng yirik zaharli iloni bo‘lib, uzunligi 2 m ga yetadi. U O‘zbekistonning Qizilqum va Qarshi cho‘llarida, Surxandaryo viloyatida, tog‘ etaklaridagi tog‘ yonbag‘irlaridagi butazorlarda yashaydi.
Hozir uning zaharidan qimmatbaho dorilar tayyorlanmoqda. Kapcha ilon hozir juda kam qolganligi tufayli “Qizil kitob”ga kiritilgan.
600-1200 m. zonada sutemizuvchilardan tulki, bo‘rsiq, quyon, sariq sassiqko‘zan, Turkiston kalamushi, Turkiston agamasi, sariq ilon, chipor ilon, ko‘lvor ilon, Turkiston kobrasi, qushlardan burgut, chil, kaklik, miqiy, bedana, ko‘k qarg‘a, soch, ukku, dala chumchug‘i, tuvaloq, qirg‘iy, burgut, qironqora, boltayutar, ilonburgut, itolg‘a, so‘fito‘rg‘ay, boyo‘g‘li kabilar tarqalgan.
Gyurza (ko‘lvor ilon) – adirlarda va tog‘ yonbag‘irlarining quyi qismida ko‘plab o‘t-butalar, tosh uyumlari orasida uchraydi. Gavdasi qo‘pol bo‘lishiga qaramay, ba’zan ovqat axtarib daraxtlarga ham chiqadi. U o‘ta zaxarli ilon bo‘lib, uzunligi 1,3 metrgacha yetadi. Dumi kalta va tanasi yo‘g‘on, boshi uchburchak shaklda, ingichka bo‘yni bilan tanasidan ajralib turadi. Uning ranggi har xil bo‘lib, ko‘plab yo qo‘ng‘ir, yo to‘q sariq rangda uchraydi. Qo‘lvor ilonning orqasidagi tanachalarida bo‘rtib chiqqan uzun yo‘li bor. Orqasida noaniq shakldagi qo‘ng‘ir yoki jigarrang dog‘lari bo‘ladi. Qishda 20-30 tasi yig‘ilib karaxt bo‘ladi, mart oylarida karaxtlik tarqaladi. Iyulda 8-43 tagacha tuxum qo‘yadi va 45 kun o‘tgach bola ochadi va 3 yoshda voyaga yetadi. U tunda faol hayot kechiradi. U juda zaharli bo‘lib, chaqsa o‘limga olib kelishi mumkin. Ko‘lvor ilon odamni ko‘rsa jimgina kulcha bo‘lib oladi, unga yaqin borib, bosib olsangiz u chaqishga harakat qiladi. So‘nggi paytlarda qo‘lvor ilonni kishilar betartib tutishi oqibatida miqdori ozayib ketmoqda. Hozir uning zaharidan tibbiyotda qimmatli dori – darmonlar tayyorlanadi. Xalq tabibchiligida qo‘lvor ilon ba’zi kasalliklarni (bavosil, bez, oshqozon yarasi va boshqalar) davolashda dori sifatida ishlatiladi.
Dasht qora iloni – kichik bo‘lib, uzunligi 60 sm ga yetadi. U cho‘llarda, adirlarda, o‘tli tog‘ yonbag‘irlarida yashaydi. Uning dumi kalta, uchki qismi ingichka, orqasida qoramtir katak – katak naqshi bor. Qora ilonning boshqa ilonlardan farqi shundaki, urg‘ochisi tuxumini butun rivojlanishi davomida tuxum yo‘lida saqlaydi. Yosh ilonchalar avgust oyida paydo bo‘lib, tez rivojlanadi, po‘st tashlaydi, oktabr oyidan iniga kirib qishlaydi. U zaharli bo‘lsa – da, chaqsa o‘limga olib bormoqdi. Uning zaharidan tibbiyotda dori – darmon tayyorlanadi.
O‘rmon sichqoni, Turkiston kalamushi, oq sichqon, oq suvsar, tog‘ suvsari, qunduz, o‘rmon olmaxoni, ko‘rshapalak, o‘rmon sonyasi; yirik sutemizuvchilardan qo‘ng‘ir ayiq, chipor sirtlon, silovsin, monul qoplon, yovvoyi qo‘y-alqor, burmali tog‘ echkisi, to‘ng‘iz, bo‘ri, tulki, bo‘rsiq, quyon, qushlardan burgut, yapaloq qush, tasqara, itolg‘a, qumli, kaklik, zarg‘aldoq, boltatumshuq, bulbul, tog‘ chumchug‘i kabilar tog‘ xonaga xos bo‘lgan turlardir.
Yaylov mintaqasida yirik sutemizuvchilardan qo‘ng‘ir ayiq, ilvirs tog‘ taqasi, arxar, muflan, qoplon, bo‘ri; qushlardan ular, qumay, boltayutar, tog‘ zag‘chasi kabilar yashaydi.
To‘qayzorlarda ko‘proq ko‘k qurbaqa, yer kalamushi, kichik kaltakesaklar, suv ilon, qora ilon; kushlardan baliqchi qushlar, ko‘tan, birqozonlar – pelikan, qoravoy, ko‘k, oq va malla ko‘tanlar, qorabuzov – baklan, g‘ozlar, o‘rdaklar, churraklar, qirg‘ovul, kakkular, zag‘izg‘on, qirg‘iy, qora qarg‘a, chiyabo‘ri, tulki, bo‘rsiq, to‘qay mushugi, quyon kabilar uchraydi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston suv va to‘qayzorlarida mo‘yna beruvchi ondatra, nutriya, norka kabi hayvonlar xam urchitilmoqda.
Tabiatga, ayniqsa yovvoyi hayvonlarga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lish oqibatida ba’zi hayvon turlari noyob turga aylanib borsa (xongul bug‘usi, jayron va boshqalar) Turkiston yo‘lbarsi butunlay yo‘q qilingan.
O‘zbekistonda turi kamayib ketayotgan hayvonlarni muhofaza ostiga olish maqsadida “Qizil kitob” tashkil etilib, unga sutemizuvchilardan katta shomshapalak, shalpangquloq qo‘rshapalak, ko‘ksug‘ur, katta qo‘shoyoq, qo‘ng‘ir ayiq, olako‘zan, hind asalxo‘ri, Turkiston qo‘ng‘izi, sirtlon, silovsin, qoraquloq, malin, qoplon, irbis, gepard, xongul, jayron, marhur, Ustyurt qo‘yi (arkal),Qizilqum yovvoyi qo‘yi, Buxoro qo‘yi, arxar; qushlardan ba’zilari – birqozon oq va qora laylak, qizil g‘oz, oqbosh va marmar o‘rdak, uzun va oq dumli burgut, qirg‘iy burgut, cho‘l burguti, burgut, boltayutar, qumay, lochin, itolg‘i, oq turna, tuvaloq, qum chumchug‘i va boshqalar. Sudralib yuruvchilardan – xentog qurbaqaboshi, Shtraux qurbaqaboshi, echkemar, chipor kaltakesak, kapcha ilon (Turkiston qobrasi); baliqlardan – bahri baliq (bakra), qilquyruq (katta qurukburun baliq), kichik kurakburun, Sirdaryo kurakburun balig‘i, mo‘ylov baliq (so‘g‘yon) kabilar kiritilgan.
Farg‘ona botig‘ida past tog‘lar, adirlar, cho‘llar, to‘qay va vohalarda yashaydigan hayvonlar uchraydi. Bularga kalamush, qo‘shoyoq, ko‘rsichqon, bo‘rsiq, bo‘ri, tulki, jayra, turli ilonlar, kaltakesaklar, quyon, yovvoyi cho‘chqa, chiyabo‘ri, qushlardan chumchuq, chug‘urchuq, so‘fito‘rg‘ay, o‘rdak, loyxo‘rak, qirg‘ovul va boshqalar kiradi. Suv omborlari, daryolar va ko‘llarda baliqlarning har xil turlari tarqalgan. Keyingi yillarda kollektor-zovurlarda ondatralar ko‘paytirilmokda.