Adir balandlik mintaqasi hayvonlari cho‘l hayvonlaridan farqlanadi. Chunki hududning balandlashishi tufayli tabiat unsurlarining xususiyatlari o‘zgaradi: yozgi harorat pasayadi, aksincha, yog‘in miqdori ortadi, oqibat natijada o‘simliklar zich o‘sib, bo‘yi baland bo‘ladi. Binobarin, hayvonlar uchun ozuqa miqdori ortib boradi. Lekin hayvonlar tabiatning harakatchan unsuri bo‘lganligi tufayli cho‘lga xos bo‘lgan ba’zi turlar (cho‘l toshbaqasi, dumaloqbosh altakesak, sarik, ilon, malla yumronqoziq, echkemar va boshqalar) adirning quyi qismida ham yashaydi.
Adir balandlik mintaqasida sutemizuvchilardan tulki, bo‘rsiq, quyon, sariq sassiqko‘zan, Turkiston kalamushi kabilar yashaydi. Turkiston agamasi, tok ilon, sariq ilon, chipor ilon, ko‘lvor ilon (gyurza), Turkiston kobrasi va boshqalar uchraydi.
Adir balandlik mintaqasida qushlar ko‘p bo‘lib, ularning eng muhimlari burgut, chil, kaklik, miqqiy, bedana, ko‘k qarg‘a, soch, ukki, dala chumchug‘i, tuvaloq, qirriy, burgut, qironqora, boltayutar, ilonburgut, itolg‘a, so‘fito‘rg‘ay, boyo‘g‘li (boyqush) kabilar hisoblanadi.
So‘nggi yillarda vatani Shimoliy Amerika hisoblangan hamda sifatli mo‘yna beruvchi norka iqlimlashtirilishi natijasida adir va tog‘ balandlik mintaqalarida yashamoqda.
Burgut — yirik va eng kuchli yirtqich qushlardan hisoblanadi. U adir va tog‘larga xos qush hisoblanib, qanotini yoyganda 2 metrga yetadi. Oyoqlari panjalarigacha patli bo‘lishi bilan boshqa qushlardan farqlanadi. Tanasi bir xil jigarrang qo‘ng‘ir tusda. U ancha yirik o‘ljani—Quyon, tulki, jayron, qo‘y, echki, va hatto bo‘rilarni ham ov qilish qobiliyatiga ega. Burgut hozir O‘zbekistonda kam qolganligi tufayli «Qizil kitob» ga kirgan.
O‘zbekiton hayvonlari tabiatning harakatchan qismi hisoblanib, geografik muxitning ajralmas bir qismi sifatida jumhuriyatimiz landshafti tarkibiga kiradi.
O‘zbekiston hududining kattaligi, tabiati hamda rivojlanish tarixi uning hamma qismida bir xil emasligi, shuningdek, kishilarning xo‘jalik faoliyati hayvonlarning tarkibi va geografik tarqalishiga ta’sir etgan. Buning ustiga O‘zbekiston hududining 71 % ni tashkil etgan cho‘lli qismida hayvonlar yozning jazirama, davomli quruq kunlariga, suvsizlikka, ko‘chib yuruvchi qumlarga moslashgan.
O‘zbekiston xayvonlari paleoarktika zoogeografik viloyatining Markaziy Osiyo kichik oblastiga kiradi. Jumhuriyat hayvonot dunyosi juda qadimiyligi bilan ajralib turadi. Ba’zi xayvon turlari jumhuriyat xududining o‘zida paydo bo‘lsa, ba’zi turlari Turkistonning boshqa joylaridan o‘tgan. O‘zbekiston xududida paydo bo‘lgan hayvon turlariga ingichka barmoqli yumronqoziq, ko‘k sug‘ur, Bobrinskiy qo‘shoyog‘i, xo‘jasavdogar, qum bo‘g‘ma iloni, Turkiston gekkoni, Turkiston agamasi, katta kurakburun baliqlar, Orol shipi va boshqalar kirib, ular boshka joylarda deyarli uchraymaydi.
O‘zbekistondagi ba’zi hayvon turlari, chunonchi katta kumsichqon, tamaris qumsichqoni, kichik qo‘shyooq, qo‘ng‘ir yumronkozik, antilopa, sayg‘oq, korsak tulkisi, sassiqko‘zan, olako‘zan, yovvoyi mushuk manul (dala mushugi) kabi hayvonlar turon tekisliklaridan kirib kelgan. Jayron, barxon mushugi, karakal Old Osiyo va Shimoliy Afrika cho‘llaridagi xayvonlarga alokasi bor. Burama shoxli echki, qunduz, afg‘on dala sichqoni, mayna kabi hayvonlar esa Afg‘oniston faunasiga, O‘zbekiston tog‘larida yashovchi Himoliy ulari, Tibet quzg‘uni, Sibir echkisi, ilvirs Markaziy Osiyoga xosdir.
O‘zbekiston hududida yashovchi sirtlon, chiyabo‘ri, kobra (ko‘zoynakli ilon) kabi hayvon turlari Hindistondan kirib kelgan bo‘lsa, oq sichqon va qo‘ng‘ir ayiq shimoliy sovuq zonalarga tegishli turlardir.