Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari uchun umumta’lim fanlaridan o‘quv-metodik majmualarning yangi avlodini ishlab chiqishga qo‘yiladigan UMUMIY TALABLAR
1-bob. Umumiy qoidalar 1. Mazkur Umumiy talablar O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim
to‘g‘risida»gi, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi qonunlari,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Umumta’lim maktablari o‘quvchilarini
darsliklar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish borasidagi qo‘shimcha chora-
tadbirlar to‘g‘risida» 2006-yil 31-maydagi 362-son, Vazirlar Mahkamasining
«2005-2009- yillarda umumta’lim maktablari uchun darsliklar va o‘quv-metodik
qo‘llanmalar nashr etish dasturi to‘g‘risida» 2004-yil 22-noyabrdagi 548-son
hamda «2009-2013 -yillarda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun
o‘quv qo‘llanmalarini nashr etish dasturi to‘g‘risida» 2009-yil 20-martdagi 80-son
qarorlariga muvofiq, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi
muassasalari uchun o‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Umumiy talablarda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
O‘quv-metodik majmua — darslik, mashq daftari, o‘qituvchi uchun
metodik qo‘llanma, darsliklarning multimediali ilovasidan iborat majmua.
Darslik — davlat ta’lim standartlariga muvofiq o‘quv dasturi asosida
didaktik, metodik, pedagogik-psixologik, estetik va gigiyenik talablarga javob
beradigan, o‘quv fanining mavzulari to‘liq yoritilgan, uning asoslari mukammal
o‘zlashtirilishiga qaratilgan, o‘quv fanining maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan
holda ta’lim oluvchilarning yoshi va psixofiziologik xususiyatlarini hisobga olgan
holda ishlab chiqiladigan, nazariy ma’lumotlardan tashqari amaliy-tajriba va sinov
mashqlarini qamrab olgan kitob shaklidagi o‘quv nashri.
Mashq daftari — darslikning tarkibiy qismi hisoblanadigan, davlat ta’lim
standartlariga muvofiq o‘quvchilar tomonidan egallangan bilim va ko‘nikmalarni
mustahkamlash hamda o‘quv fanining mavzulariga mos ravishda ishlab chiqilgan,
mantiq va tafakkurni rivojlantirishga qaratilgan (krossvordlar, boshqotirmalar,
mantiqiy fikrlashga undovchi topshiriqlar va hokazo) topshiriqlardan iborat
bo‘lgan didaktik vosita.