A) Suqrotgacha bo'lgan davrda estetik qarashlar. B) Gomer ijodi va uning davridagi adabiy-estetik qarashlar. V) Suqrot, uning davri va adabiy-estetik qarashlari. G) Aflotunning adabiy-estetik qarashlari. D) Arastu hakim estetikasi: “Poetika”, “Ritorika” asarlari. 2. Qadimgi Rimda adabiyotshunoslik: A) Vergiliyning adabiy-estetik qarashlari. B) I-IV asrlarda adabiy-estetik qarashlar. V) Plotin va yangiaflotunchilik estetikasi. G) Psevdo-LONGIN va uning “Yuksaklik haqida” asari.
Yunonistonda adabiyotshunoslik Qadimgi Yunoniston halqining tabiat va jamiyat hodisalariga falsafiy va ijtimoiy qarashlarini, shular bilan bog'liq adabiy-nazariy tafakkur taraqqiyoti bosqichlarini atoqli ulamolar bu mintaqada vujudga kelgan ijtimoiy muhit bilan, aristokrat-aslzodalar va demokratlar (xalqparvarlar) o'rtasidagi jiddiy kurashlar bilan bog'laydilar. Miloddan avvalgi VI-V yunonlilarning asrlardagi falsafiy, adabiy-nazariy tafakkur taraqqiyoti tarixan bu xalqlarning milliy ongi, o'zligini, yangi kuch-qudrat ekanligini anglashi jarayonlari bilan ham bog'liqdir. Yunon xalqlari umumiy vatanlari - Ellada uchun, uning hududlariga kiruvchi Afina, Abdera, Korinf, Rodos, Delos, Lakedemon, Krit, Milet, Mitilena, Leant, Kipr, Kirena, Elida, Xalkida, Fiva, Efes, Tarent, Sisiliya kabi vataniy zaminlar uchun mashaqqatli va qahramonona kurash jarayonida shakllandi. Mana shu ijtimoiy taraqqiyot davomida Ellada zaminida Orfey, Musey, Gomer, Gesiod, yetti donishmand (Fales, Solon, Periandr, Kleobul, Xilon, Biant, Pittak), Geraklit, Demokrit, Gippiy, Demosfen, Diogen, Zenon, Anaksagor, Anaksimandr, Anaksimen, Protagor, Ksenofan, Ksenofont, Suqrot, Aflotun, Arastu, Epikur, Zenon, Lukresiy, Ezop kabi faylasuflar, tabiatshunos va ruhshunos olimlar, Aristofan, Esxil, Sofokl, Evripid, Pindar kabi shoirlar va dramaturglar yetishib chiqdiki, bularning ijodiy merosi o'z ahamiyatini yo'qotganlari yo'q.
Suqrotgacha bo'lgan davrda estetik qarashlar.Antik davr madaniyati adabiy-estetik tafakkuri taraqqiyotini atoqli qadim- shunos olim Aleksey Losev «Ilk mumtoz madaniyat» (rannyaya klassika), «O'rta davr yoki yuksak madaniyat» (srednyaya ili vыsokaya klassika) va «Keyingi mumtoz madaniyat davri» (pozdnyaya klassika) deb uchga bo'lib o'rganadi. O'rta davr yetuk mumtoz madaniyatini A.F.Losev sofistlar (Abderalik Protagor, Leantlik Gorgiy, Keoslik Prodik, Elidalik Gippiy, Kritiy v. b.), Suqrot va uning izdoshlari faoliyati bilan bog'laydi1. Sofistlar deb odatda mantiqiy fikrni rivojlantirib, yaxshi va yomon hodisalarning barchasidan kamchilik topuvchi, hayotga keskin tanqidiy nigoh bilan qarovchi donishmandlarni tushunadilar. Sofistlarning istehzoli, o'ta keskin fikrlash usullari, ko'pincha, mantiqsiz xulosalarga olib kelishi Aristofan, Maks Plavt kabi komediyanavislar tomonidan masxara qilingan. Sofistlarning ba'zi teran fikrlarini to'g'ri ma'noda emas, kinoya ma'nosida tushunish ma'quldir. Misol uchun Abderalik Protagor aytadi: «Borliq yoki yo'qlikning me'zoni insondir (to'g'rirog'i, insonlikdir). Bu fikrni turlicha talqin qilish mumkin: 1.Inson o'zi bilgan narsalarni bor deydi, o'zi bilmagan narsalarni yo'q, deydi. 2.Inson tirik bo'lganida (uning uchun) barcha mavjudotlar bor, o'lganidan keyin (uning uchun) bu olamda hyech narsa yo'q. 3. Insonsiz olamning mavjudligi mukammal bo'lmaydi. Olamda insonlar bo'lmaganida jamiyat ham, siyosat, iqtisod, madaniyat ham bo'lmas edi. Mashhur sofist-donishmand Halkidalik Frazimax aytadi: «Adolat eng kuchli zotlar uchun foydalidir». Bu ham sofistlarga xos kinoyali, ziddiyatli fikr. Mazkur fikrda qudratli zotlar o'zi o'rnatgan tartiblarning adolatli bo'lishini emas, o'zlariga foydali tartiblar bo'lishini xohlaydilar, degan mazmunni sezamiz. Ikkinchi tarafdan, bu aforizmni yana eng kuchli, qudratli hukmdorgina barcha fuqarolar uchun adolat o'rnata oladi, deb ham tushunish mumkin. Ellada vatanida hukm surgan demokratik ijtimoiy tartiblar sharofati bilan donishmandlarning jamoatdagi mavqyei, shon-shuhrati ziyoda bo'ldi. Shu sababli, aslzoda, davlatmand odamlar farzandlarini donishmandlar tarbiyasiga berar edilar. Donishmandlar boyvachchalarga saboq bergani uchun juda yaxshi haq olar edilar. Mashhur jamoat arboblarining farzandlariga dars berib topgan boyliklariga donishmandlar yer, suv, yaxshi mulklarni sotib olib, o'z maktablarini ochar, davlat va jamiyatga faol yordam berar edilar. Masalan, Epikur bog'i mashhur edi.