Iqlim hosil qiluvchi tabiiy omillarning ikkinchi yondoshuvi.
Atmosfera harakati markazlari. Iqlimiy mintaqa.
Iqlim hosil qiluvchi jarayonlar.
Bugungi kunda Yer iqlimi va uning o‘zgarishini belgilovchi omillar tabiiy va insonning turli ko‘rinishdagi faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan antropogen omillarga ajratiladi.
Iqlim hosil qiluvchi va uning o‘zgarishiga ta’sir etuvchi tabiiy omillarni quyidagi uchta guruhga ajratish mumkin: astronomik, tashqi geofizik va ichki geofizik. Astronomik omillar.Ularga quyidagilar kiradi:
Quyosh yorituvchanligi va quyosh faolligining o‘zgarishi;
Yer orbitasi parametrlarining Yer bilan Quyosh, Yer bilan Oy va boshqa planetalar bilan o‘zaro gravitatsion maydon ta’sirlashuvida o‘zgarishi;
Yulduzlararo muhit zichligining kirib kelayotgan Quyosh radiatsiyasiga ta’siri.
Atmosferaning yuqori chegaralariga kirib kelayotgan Quyosh energiyasi mana shu omillarga bog‘liq bo‘lib, ular ta’sirida solyar (quyosh) iqlimi shakllanadi. Bu miqdor quyosh doimiysi deb ataladi. Yerning Quyoshga nisbatan o‘rtacha joylashishida quyosh doimiysining qiymati 1 yanvar 1981 yildan 1,367±0,007 kVt/m2 deb qabul qilingan. Berilgan nuqtaga ayni vaqtda kirib kelayotgan Quyosh radiatsiyasi oqimi quyosh doimiysi qiymatiga, Quyoshgacha bo‘lgan masofaga, Quyoshning og‘ishiga, joyning kengligiga va kundagi vaqtga bog‘liq. Sanab o‘tilgan ko‘rsatkichlar turli kengliklarda atmosferaning yuqori chegarasiga kiri kelayotgan issiqlik oqimining kunlik va yillik o‘zgarishlarini belgilaydi.
Quyosh sistemasidagi sayyoralarning uzoq yillar davomida o‘zaro gravitatsion ta’sirlashuvi natijasida yer orbitasining ekssentrisiteti (ellipssimonligi) o‘zgaradi. Ekliptikaga nisbatan ekvatorning og‘ish burchagi ham o‘zgaradi, chunki u Quyosh og‘ishi bilan bog‘liqdir. Bu yerda orbita surilishini ham hisobga olish lozim. Barcha sanab o‘tilgan omillar iqlimning sezilarli va davomiyli tebranishlarini keltirib chiqaradi.