Mavzu: №1Sharq mutafakkirlarining pedagogik qarashlari
Mavzu: №1Sharq mutafakkirlarining pedagogik qarashlari
“Bizning tariximizda jahonga dong taratgan ulug’ mutafakkirlar o’tgan ekan, ularning qoldirgan ilmiyma’naviy merosi, ibratli hayoti, ta’limoti bugungi muammolarni yechishda bizga qo’l kelayotgan ekan, bu merosni o’rganmaslikka, ta’riflamaslikka, targ’ib etmaslikka haqimiz yo’q.”
Islom Karimov
Ma’lumki, yosh avlod tarbiyasi juda murakkab va mas’uliyatli vazifa hisoblanib, barkamol shaxs tarbiyasi uzoq va uzluksiz davom etadigan murakkab jarayondir. Jamiyat taraqqiyotining har qanday bosqichida ham yosh avlod vakillari tarbiyasiga alohida e’tibor berilganligi tarixiy yozma manbalardan bizga ma’lum. Bugungi kunga kelib ushbu masala o’z ahamiyatini yo’qotgan emas va hattoki, bu masala davlat siyosati darajasiga ko’tarilgan.
Jamiyat ma’naviy hayotini rivojlantirish o’sha jamiyatda faoliyat ko’rsatuvchi kishilarning intelektual salohiyati: ma’naviyati va marifati, ilm-fani va ta’lim-tarbiyasi to’risidagi bilimlarning nechog’lik ilmiy asoslanganligi, to’g’ri nazariy va amaliy negizlar asosida shakllanganligiga bog’liq. Shu sababli ham barkamol avlod ilmiy dunyoqarashini jahon ta’limi talablariga mos qilib shakllantirish o’ta muhim muammodir. Ilk uyg’onish davrida yashab ijod etgan, buyuk donishmandimiz Muhammad al - Xorazmiy bo’lib, u bilim olishda talabalarning shaxsiy kuzatishlariga hamda olgan bilimlaridan foydalanishga katta e’tibor berdi. Bunda u ilmiy izlanuvchilarning ilmiy manbalarni to’plash, ulardan foydalanish va kuzatganlarini tushuntira olish malakalarini hosil qilishga katta baho berdi.
Agar e’tibor bergan bo’lsangiz, bu jarayonlar hozirgi ilmiy ishlar bilan shug’ulanayotgan, o’z ustida ishlayotgan va ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida tinmayotgan yoshlardan talab qilinayotgan asosiy faoliyatlarini tashkil qiladigan jarayonlar hisoblanadi. Yana bundan tashqari, u olimlarni “Al-kitob al-muxtasar fi hisob al-jabr va-l muqobala” asarida uch guruhga bo’lganligini ko’rishimiz mumkin. “Ulardan biri o’zidan avvalgilar qilgan ishlarini amalga oshirishda boshqalardan o’zib ketadi va uni o’zidan keyin qoluvchilarga meros qilib qoldiradi. Boshqasi o’zidan avvalgilarning asarlarini sharxlaydi va bu bilan qiyinchiliklarni osonlashtiradi, yopiqni ochadi, yo’lni yoritadi va uni tushunarliroq qiladi. Yoki bu ayrim kitoblarda nuqsonlar topadigan va sochilib yotganni to’playdigan odam bo’lib, u o’zidan avvalgilar haqida yaxshi fikrda bo’ladi, takkaburlik qilmaydi va o’zi qilgan ishidan mag’rurlanmaydi”.
Muhammad al-Xorazmiyning bu fikrlari bir tomondan, olimlar faoliyatining ezgulikka xizmat qilishini yoritsa; ikkinchi tomondan, o’sha davrda ilmiy tadqiqot ishlari va o’qitishning metod va vositalaridan qay darajada foydalanganligini ko’rsatadi. Muhammad al-Xorazmiy bilishni sezgidan mantiqiy tasavvur orqali farq qilish haqida fikr bayon etgan: sezgi orqali bilish bu qisman bilish bo’lsa, mantiqiy bilish haqiqiy bilimning muhim tomonini namoyon etadi. U birinchilardan bo’lib, sinov-kuzatish va sinov metodlariga asos soldi va ilmiy kashfiyotlar odamlarning amaliy talablari asosida paydo bo’lishini o’zining ilmiy asarlarida asoslab bergan. Darhaqiqat, alloma qoldirgan boy ilmiy merosi o’zining amaliy ahamiyatini yo’qotmagan. Shuning uchun, mutafakkirning yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda va ularning ilmiy dunyoqarashini shakllantirishdagi qarashlaridan unumli foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Yana bir sharq allomalarimizdan biri Abu Nasr Farobiyning ta’limiy-axloqiy yo’nalishdagi qimmatli asarlari bizgacha yetib kelgan. Bular, “Baxt saodatga erishuv to’g’risida”, “Fozil odamlar shahri”, “Ilmlarning kelib chiqishi”, “Aql to’g’risida risola” kabi asarlarida asosan inson kamoloti to’g’risidagi ta’limotni ilgari suradi. Farobiy ta’lim-tarbiyani uzviy birlikda olib borish haqida ta’lim bergan bo’lsa ham, ammo har birining insonni kamolga yetkazishda o’z o’rni borligini alohida takidlaydi.Alloma inson kamolga yolg’iz o’zi erishib bo’lmaydi. U boshqalar bilan aloqada bo’lish, ularning ko’maklashuvi va munosabatlariga muhtoj bo’ladi, deydi. Farobiy “Ta’lim-tarbiyaning asosiy vazifasi jamiyat talablariga javob bera oladigan va shu jamiyat uchun xizmat qiladigan yetuk insonni tarbiyalashdan iboratdir.” - deya takidlaydi.
Allomaning bu qarashi hozirgi kunda ta’lim-tarbiyaning oldiga qo’yilgan asosiy vazifasini ifodalaydi.Yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda pedagogic qarashlari metodologik asos bo’lib xizmat qiladigan qomusiy olimimiz Abu Rayhon Beruniydir.Uning ilmiy bilimlarni egalash yo’llari, usullari haqidagi fikrlari hozirgi davr uchun ham dolzarbdir.U barcha illatlarning asosiy sababi ilmsizlikda deb biladi. Ilmlarni egalashda esa shaxsda intilish va qiziqish, muhitning rolini alohida takidlaydi. Beruniy o’zining asarlarida quyidagi fikrlarni ilgari suradi, O’quvchiga bilim berishda:
- O’quvchini zeriktirmaslik;
- Bilim berishda bir xil narsani yoki bir xil fanni o’rgatavermaslik;
- Uzviylik, izchillik;
- Tahlil qilish va taqqoslash;
- Ma’lumdan noma’lumga, yaqindan uzoqqa, soddadan qiyinga qarab borish;
- Takrorlash;
- Yangi mavzularni qiziqarli, asosan, ko’rgazmali bayon etishga e’tibor berish kerakligini uqtiradi.
Beruniyning ushbu qarashlarida hozirgi kunda bizning ta’lim-tarbiya sohamizda amal qilib kelinayotgan ta’lim tamoillarining bir nechtasi o’z ifodasini topganligini ko’rishimiz mumkin. Demak, alloma 11 asr oldin tushungan va ilgari surgan qoidalar hozirgi kunda ham ahamiyatini yo’qotmaganligi uning o’tkir zehn sohibi, o’ta ilmli kishi bo’ganligini yana bir bor isbotlaydi. Mutafakkirlarning inson kamoloti to’g’risidagi ta’limotlari orasida Sharqda “Shayx ulRais”, G’arbda esa “Avetsina” nomi bilan mashhur bo’lgan alloma Abu Ali ibn Sinoning inson kamoloti to’g’risidagi qarashlari muhim ahamiyatga ega. Uning fikricha, yaxshi va yomon xulqning hammasi sharoit, tarbiya, odatlanish natijasida vujudga keladi. Yaxshi xulqqa ham odat tufayli erishiladi. Ichki quvvatning ta’sirlari va ta’sirlanishlari takrorlanaversa, ular uchun kuchli bir malaka hosil bo’ladi. Bilim olishda bolalarni maktabda o’qitish zarurligini qayd etar ekan, olim ta’limda quyidagi tomonlarga rioya etish zarurligini takidlaydi:
- Bolaga bilim berishda birdaniga kitobga band qilib qo’ymaslik;
- Ta’limda yengildan og’riga borish orqali ta’lim berish;
- Olib boriladigan mashqlar bolalar yoshiga mos bo’lishi;
- O’qitishda jamoa bo’lib maktabda o’qitishga e’tibor berish;
- Bilim berishda o’quvchilarning mayli, qiziqishi va qobiliyatini hisobga olish;
- O’qitishni jismoniy mashqlar bilan qo’shib olib borish.
Bu talablar hozirgi davr ta’lim prinsiplari bilan ham mos kelishi bilan qimmatlidir. Ushbu prinsiplar esa bolalarni yengil-yelpi bilim olish emas, balki har tomonlama chuqur va mustahkam bilim olishiga yordam beradi. Talabaga bilim berish o’qituvchining mas’uliyatli burchidir.Shunga ko’ra, Ibn Sino o’qituvchining qanday bo’lishi kerakligi haqida fikr yuritar ekan, shunday yo’l-yo’riqlar beradi. Bular quyidagilardan iborat:
- Bolalar bilan muomalada bosiq, jiddiy bo’lish;
- Berilayotgan bilimlarni talabalar qanday o’zlashtirib olayotganiga e’tbor berish;
- Ta’limda turli metod va shakllardan foydalanish;
- Talabalarni xotirasi, bilimlarni egallash qobiliyati, shaxsiy xususiyatlarini bilish;
- Fanga qiziqtira olish;
- Berilayotgan bilimlarning eng muhimini ajratib bera olish;
- Bilimlarni talabalarga tushunarli, uning yoshi va aqliy darajasiga mos ravishda berish;
- Har bir so’zning bolalar hissiyotini uyg’otishi darajasida berishga erishish zarur.
Demak, allomaning ushbu fikrlari davlat, jamiyat va hozirgi kunda ta’lim-tarbiya sohasida o’qituvchi shaxsining kasbiy mahoratiga qo’yib kelayotgan talablari bilan aynan o’xshash ekanligi bilan ahamiyatlidir. Xulosa o’rnida shuni takidlash mumkinki, Sharq mutafakkirlarining ta’lim-tarbiya to’g’risida, yosh avlodni kamoloti va ularning ilmiy dunyoqarashini shakllantirish xususidagi pedagogik fikrlari, qarashlari va ta’limotlari bugungi ta’lim-tarbiya sohasida amal qilib kelinayotgan ta’lim va tarbiya nazariyalari, ta’lim va tarbiya tamoillari va qoidalarining metodologik asosi bo’lgan, “Ta’lim to’g’risidagi” Qonun, Kadrlar Tayyorlash Milliy Dasturi, Prezidentimizning ta’lim to’g’risidagi qaror, farmonlari bilan bir qatorda turadigan ta’lim-tarbiyaning metodologik asosi hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |