Taqsimlanmagan foyda – daromadlar xarajatlardan oshganda paydo bo’ladigan korxonaning ijobiy moliyaviy faoliyati natijasi.
Rezervlar – kelgusida xarajatlarni korxonaning hisobot yilidagi sarflariga bir maromda qo’shib borish maqsadida ichki resurslar hisobidan yaratiladi. Ularga dargumon qarzlar bo’yicha, xodimlarga ta’til haqqini kelgusida to’lash, asosiy fondlarni ta’mirlash xarajatlarini qoplash uchun va boshqa rezervlar kiradi.
Maqsadli tushumlar– bu grantlar va subsidiyalar, ya’ni hukumat idoralari, yuridik va jismoniy shaxslardan maqsadli moliyalash ko’rinishidagi qaytarilmaydigan tushumlar. Bu mablag’lar qat’iyan belgilangan maqsadlarga sarflanishi kerak.
Majburiyatlar – korxonaning boshqa yuridik yoki jismoniy shaxslar oldidagi mavjud kreditorlik qarzini aks ettiradi. Majburiyatlar o’tgan davrdagi bitimlar yoki o’tgan davrdagi voqealar natijasidir, ya’ni korxonada majburiyatlar hosil bo’lishiga olib keluvchi voqealar sodir etilgan (pul mablag’lari o’tkazilmagan holda ish haqqi, turli ajratmalar, soliqlar hisoblangan, tovarlar xarid qilingan va boshqalar) bo’lishi kerak. Majburiyatlarni tartibga solish, ya’ni ular bo’yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish iqtisodiy naflarni o’zida mujassamlagan iqtisodiy resurslarning oqib ketishiga olib keladi.
Kreditorlik qarzi – korxonaning boshqa yuridik yoki jismoniy shaxslarga qarzi, odatda, tovar moddiy boyliklarni, ko’rsatilayotgan xizmatlarni qabul qilish, oldindan to’lovni olish va yakuniy hisob-kitobni amalga oshirish o’rtasidagi vaqt uzilishida yuzaga keladi.
Kreditorlik qarzi to’lov muddati bir yildan ortiq bo’lganda uzoq muddatli va to’lov muddati bir yildan kam bo’lganda qisqa muddatli turlarga bo’linadi.
Ma’lum bir davr uchun korxona faoliyati bo’yicha moliyaviy natijalarni aniqlashda daromad va xarajatlar o’rtasidagi farq, ya’ni foyda yoki zarar aniqlanadi.
Foyda – bu daromadlarning xarajatlardan oshishidir, natijada kapital oshishi vujudga keladi (mulkdor qo’yilmalari hisobiga emas, taqsimlanmagan foyda hisobiga).