62-modda. Kredit tashkilotlari xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar Markaziy bank kredit tashkilotlari xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vazifalarni bajarish uchun quyidagi choralarni ko‘radi:
kredit tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish tartibini belgilaydi;
kredit tashkilotlari faoliyatidagi ularning xizmatlari iste’molchilarining huquqlari buzilishiga olib keluvchi tizimli kamchiliklarni aniqlaydi, shuningdek ularni bartaraf etish choralarini ko‘radi;
o‘z xizmatlari iste’molchilarining huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ygan kredit tashkilotlariga nisbatan choralar va sanksiyalar qo‘llaydi;
kredit tashkilotlari xizmatlari iste’molchilarining buzilgan huquqlarini tiklash borasida maslahatlar beradi va ko‘maklashadi;
moliyaviy xizmatlarning ochiqligini hamda aholining va tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy savodxonligi darajasini oshirish choralarini ko‘radi.
Markaziy bank xalqaro tajribani va O‘zbekiston Respublikasi moliya bozorining o‘ziga xos xususiyatini inobatga olgan holda moliyaviy ochiqlik indikatorlarini belgilaydi hamda o‘zining rasmiy veb-saytida e’lon qiladi.
Markaziy bankda kredit tashkilotlari xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish xizmati tashkil etiladi.
Markaziy bank nazorat tadbirini o‘tkazishga haqli bo‘lib, uning jarayonida Markaziy bank xodimlari kredit tashkiloti tomonidan bank xizmatlarining iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirish chog‘ida o‘z faoliyatiga qo‘yiladigan talablarga rioya etilishini tekshirish maqsadida kredit tashkilotining faoliyati doirasida bitimlar tuzish yoki operatsiyalarni bajarish bo‘yicha harakatlarni amalga oshiradi.
Nazorat tadbiri kredit tashkilotini oldindan xabardor qilmagan holda o‘tkaziladi.
63-modda. Asoslantirilgan mulohazaning Markaziy bank tomonidan qo‘llanilishi Oldingi tahrirga qarang. Qonunchilikda belgilangan talablarga qo‘shimcha ravishda Markaziy bank tomonidan qo‘llaniladigan, ko‘rib chiqilayotgan masalaning haqiqiy yoki iqtisodiy mazmuni rasmiy mazmunidan ustuvorligini nazarda tutuvchi professional baholash asoslantirilgan mulohazadir.
(63-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) Asoslantirilgan mulohaza asosida qarorlar qabul qilish Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi vakolatiga kiradi.
Markaziy bank asoslantirilgan mulohazadan:
bankni tashkil etish uchun dastlabki ruxsatnomani, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish (berishni rad etish) chog‘ida, shuningdek Markaziy bank tomonidan tartibga solish va nazoratga doir vazifalarni amalga oshirish chog‘ida bankning bevosita hamda bilvosita muassislarining va aksiyalari egalarining, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdorlarning moliyaviy holatini hamda ishchanlik obro‘sini baholash;
kredit tashkilotiga nisbatan birgalikda harakat qilayotgan shaxslarni aniqlash;
kredit tashkilotiga aloqador bo‘lgan shaxslarni aniqlash hamda kredit tashkiloti tomonidan ancha qulay shartlar asosida bitimlar tuzilganligi faktlarini aniqlash;
kredit tashkilotida tavakkalchiliklarni boshqarish va ichki nazorat tizimi sifatini samarali ichki siyosatlarning mavjudligi hamda amalga oshirilishi nuqtai nazaridan baholash;
aktivlarni va majburiyatlarni baholash, shu jumladan ularning kredit tashkilotida tavakkalchiliklarni boshqarish bo‘yicha Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiqligi nuqtai nazaridan baholash uchun foydalanishga haqli.
Asoslantirilgan mulohaza Markaziy bank tomonidan kredit tashkilotlari va banklar guruhlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish doirasida olingan axborotga, jismoniy va yuridik shaxslardan, xalqaro tashkilotlardan, davlat organlaridan, shu jumladan chet el nazorat organlari hamda tashkilotlaridan, boshqa ochiq manbalardan olingan va asoslantirilgan mulohazani shakllantirish uchun muhim bo‘lgan boshqa axborotga asoslanadi.
Asoslantirilgan mulohazani shakllantirish va undan foydalanish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi hamda qonuniylik, asoslantirilganlik, xolislik va bir xil yondashish prinsiplariga asoslanadi.