64-modda. Markaziy bankning tartibga solish va nazoratga doir vazifalarini amalga oshirish Markaziy bankning tartibga solish va nazorat qilish vazifalarini Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi amalga oshiradi.
Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasining vazifalari, vakolatlari va funksiyalari Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Kredit tashkilotlarining, to‘lov tashkilotlarining, to‘lov tizimlari operatorlarining, valyuta birjalarining, kredit byurolarining, banklar tomonidan autsorsingga topshirilgan xizmatlar hamda operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslarning, shuningdek konsolidatsiyalashgan tarzda nazorat qilinishi lozim bo‘lgan shaxslarning faoliyatini inspeksiya qilish (tekshirish) Markaziy bankning vakolatli xodimlari va Markaziy bank tomonidan belgilanadigan auditorlar tomonidan amalga oshiriladi.
Markaziy bank bankning ichki auditi o‘tkazilayotganda auditorlardan Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlariga, shu jumladan tartib-taomillar va uslubiyotlarga rioya etilishini talab qilishga, shuningdek bevosita auditorlardan bank auditi bilan bog‘liq axborotni olishga haqli.
Markaziy bank kredit tashkilotlari, to‘lov tashkilotlari hamda to‘lov tizimlari operatorlari uchun majburiy bo‘lgan, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishga doir ichki nazorat qoidalarini maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda tasdiqlaydi.
65-modda. Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish Oldingi tahrirga qarang. Markaziy bank quyidagi harakatlarni va (yoki) faoliyatni bajarish va (yoki) amalga oshirish uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni beradi:
birgalikda harakat qiluvchi shaxslar yoki shaxslar guruhi tomonidan bir yoki bir nechta bitim natijasida bankning ustav kapitalidagi:
1) besh va undan ko‘proq foizni, lekin ko‘pi bilan yigirma foizni;
2) yigirma va undan ko‘proq foizni, lekin ko‘pi bilan ellik foizni;
3) ellik foizni va undan ko‘proq foizni tashkil etadigan ulush bevosita yoxud bilvosita sotib olinayotganda;
ushbu qismning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan miqdorlardagi bank aksiyalari oluvchiga bog‘liq bo‘lmagan holatlarda olinganda;
bank tomonidan boshqa bankning aksiyalari sotib olinayotganda;
banklar tomonidan o‘z aksiyalari sotib olinayotganda;
banklar tomonidan O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida shu’ba banklar va vakolatxonalar ochilayotganda, filiallar tashkil etilayotganda, banklarning kapitalida ishtirok etilayotganda, shu jumladan chet el banklari tashkil etilayotganda;
banklar tomonidan naqd chet el valyutasi va (yoki) milliy valyuta O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqilayotganda;
bank tomonidan xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlari autsorsingga topshirilayotganda;
bank qayta tashkil etilayotganda;
bank ixtiyoriy ravishda tugatilayotganda;
Oldingi tahrirga qarang. ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish faoliyatini amalga oshirishga;
(65-moddaning o‘n to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 20-apreldagi O‘RQ-765-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 03/22/765/0332-son) Oldingi tahrirga qarang. mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshirishga;
jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan tegishincha yaqin qarindoshlari hamda ular bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslar bilan birgalikda harakat qiluvchi jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek norezidentlar tomonidan bir yoki bir nechta bitim natijasida nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) o‘n va undan ko‘proq foizni tashkil etadigan ulushi bevosita yoki bilvosita olinayotganda;
nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ushbu moddaning o‘n to‘rtinchi xatboshisida nazarda tutilgan hajmdagi ulushi oluvchiga bog‘liq bo‘lmagan holatlarda olinayotganda;
(65-modda O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 20-apreldagi O‘RQ-765-sonli Qonuniga asosan o‘n beshinchi, o‘n oltinchi va o‘n yettinchi xatboshilar bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 03/22/765/0332-son) Oldingi tahrirga qarang.