56
Biokimyoviy moslanishlar.
Muhitning past haroratida sovuqqonli
hayvonlar organizmida ichki muhitini hosil qiluvchi suyuqliklar tarkibida
suvning muzlashiga to‘sqinlik qiluvchi moddalar to‘planadi. Masalan, sovuq
haroratli suv muhitida yashovchi baliqlar tanasida muz kristallari hosil
bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydigan glikoproteinlar, hasharotlarda esa glitsirin
to‘planadi. Issiqqonli hayvonlarda moddalar almashinuvi jadalligi ortadi.
Fiziologik moslanishlar
issiqlik ajralish darajasining o‘zgarishi bilan
bog‘liq, organizmning markaziy nerv sistemasi tomonidan reflektor tarzda
boshqariladi. Yuqori haroratda poykiloterm va gomoyoterm hayvonlarda
tana yuzasidan suv bug‘lanishi hisobiga issiqlikning ajralishi kuchayadi.
Sutemizuvchilarda termoregulatsiya teridagi qon tomirlarining kengayishi va
torayishi tufayli ta’minlanadi.
Sovuq haroratda hayvonlarda muskullarning beixtiyor qisqarishi – titrash
tufayli issiqlik hosil bo‘lishi kuchayadi. Ba’zi hayvonlar qishda uyquga
ketadi (yumronqoziq, sug‘ur, tipratikan, ko‘rshapalak). Tana harorati
doimiyligini saqlashda teri osti yog‘ qatlami katta ahamiyatga ega (pingvin,
kurakoyoqlilar, kitsimonlar). Tana haroratini bir xil saqlashda qushlar va
sutemizuvchilarda to‘rt kamerali yurakning bo‘lishi, nafas olish organlarining
takomillashuvi, organizmning yetarli darajada kislorod bilan ta’minlanishi
orqali moddalar almashinuvida organizmlarning hayotiy jarayonlarga sarf
bo‘ladigan energiyaning hosil bo‘lishi muhim o‘rin tutadi.
Dostları ilə paylaş: