Birinchi bosqich – keyingi bosqichlar uchun belgilovchi, g’oyaviy-strategik manba vazifasini o’taydi. Zero, har bir mamlakat o’z taraqqiyotining ma’lum bir davri uchun muayyan maqsadni hamda unga erishish yo’lida bajarilishi kerak bo’lgan vazifalarni belgilab oladi va ularning qay darajada bajarilishi rahbar kadrlarning xislatlari, ijrochilik mahoratiga bog’liq bo’ladi. Ijrochilik talablari va rahbar kadrlar imkoniyatlari orasidagi nomuvofiqlik, shuningdek, eskicha fikrlash, boqimandalik. mahalliychilik kabi illatlar, shubhasiz, davlat taraqqiyotiga to’g’onoq bo’ladi. Yangi ish uslublari joriy qilinmasa, xalq manfaatlari yo’lida fidoyilik ko’rsatuvchi rahbarlar bo’lmasa, islohotlarning amalga oshishi qiyinlashadi. Shu ma’noda, zamonaviy rahbarlarga xos qator ijobiy fazilatlarni shakllantirish kadrlar tayyorlash va tanlash tizimining ajralmas qismi hisoblanadi. Vijdonlilik, insoflilik, qonunga hurmat va Vatanga sadoqat, bilimdonlik, kamtarinlik, ma’naviy barkamollik kabi xislatlar har bir zamonaviy rahbarda mujassam bo’lmog’i kerak.
O’zbekistonda rahbar kadrlar tayyorlashning birinchi zamonaviy rahbarlarga qo’yilayotgan shaxsiy va kasbiy fazilatlar mazmuni – modelini asoslashdan boshlanadi. Psixologiya, sotsiologiya. pedagogika fanlari XXI asr boshida insonni ijobiy yoki salbiy tomondan ob’ektiv baholash imkoniyatiga ega bo’ldi. Navbatdagi vazifalarimizdan biri – yaratilayotgan qonunlar. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinayotgan farmon, qaror va boshqa me’yoriy hujjatlarni maqsadli o’rganish, shu asosda “Zamonaviy rahbarning shaxsiy va kasbiy sifatlari modeli”ni yaratishdir.
Ikkinchi bosqich.Zamonaviy rahbar modeli ilmiy-amaliy jihatlardan asoslangach, uning hayot bilan yaqinligi, birligini ta’minlash taqozo etiladi. Buning uchun “maqsad – natija”, “ideal rahbar – real rahbar” orasidagi farq izchil o’rganiladi. Ideal va real rahbar modellari orasidagi farq, nomutanosiblikning sabablari aniqlanadi, ularni bartaraf qilish choralari belgilanadi. Uzluksiz ta’lim tizimi, yosh mutaxassislar, rahbarlar faoliyati, ularni tanlash, tarbiyalash, joy-joyiga qo’yish, attestatsiyadan o’tkazish jarayonlaridagi yutuq va kamchiliklar chuqur o’rganilib, umumlashtirilib, eng maqbul uslub va vositalar aniqlanadi. Bunda milliy va xorijiy rahbarshunoslik fani yutuqlaridan foydalanish rahbar kadrlar tayyorlash texnologiyasining ustuvor tamoyiliga aylanishi zarur.
Respublikamizda rahbar kadrlar tayyorlashning samaradorligini ta’minlash kadrlar tayyorlash sub’ektlarining o’zaro hamkorligida amalga oshiriladi. Aytaylik, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida ilmiy-nazariy, uslubiy, texnologik ta’minot amalga oshirilsa, boshqa bevosita shug’ullanuvchi idoralarda tashkiliy funktsiyalar bajariladi.