Reja: 2.1. Milliy iqtisodiyotni tahlil qilishda qo`llaniladigan asosiy ko`rsatkichlar. 2.2. Yalpi ichki mahsulot tushunchasi va uni hisoblashning asosiy shartlari. 3.YaIM ni ishlab chiqarish uslubida aniqlash. YaIMni xarajatlar bo`yicha hisoblash.
YaIM ni daromadlar bo`yicha hisoblash.
Milliy hisobchilik tizimidagi boshqa ko`rsatkichlar va ular o`rtasidagi nisbat.
Nominal va real YaIM.
Asosiy makroiqtisodiy ayniyatlar.
Milliy iqtisodiyotni tahlil qilishda qo`llaniladigan asosiy ko`rsatkichlar
Mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishini tahlil qilish, milliy iqtisodiyot rivojlanishidagi muammolarni aniqlash hamda uni yanada rivojlantirish bo`yicha chora-tadbirlar ishlab chiqarish uchun bir qator iqtisodiy ko`rsatkichlardan foydalaniladi. Alohida firmalar faoliyatiga baho berishda qo`llaniladigan ko`rsatkichlardan farqli tarzda bu ko`rsatkichlar milliy iqtisodiyotning barcha sub‘ektlari faoliyatiga umumiy baho berish, makroiqtisodiy tahlil o`tkazish, mamlakat iqtisodiyotining jahon xo`jaligida raqobatga bardoshliligi darajasini aniqlash imkonini beradi.
Bu ko`rsatkichlarga quyidagilar kiradi:
Yalpi ichki mahsulot (YaIM), Sof ichki mahsulot (SIM), Yalpi milliy daromad (YaMD), Sof milliy daroimad (SMD), shaxsiy daromad (ShD), Shaxsiy tasarrufidagi daromad (ShTD), Iste‘mol (C), Jamg`arish (S) ko`rsatkichlarining hajmi va o`sish sur‘atlari;
aholining moddiy ne‘matlar va xizmatlar iste‘moli hajmi, ularning jamg`armalari, ish haqining quyi miqdori va boshqalar.
Davlat budjeti taqchilligi va inflatsiya sur‘ati kabi ko`rsatkichlar umumiy makroiqtisodiy vaziyatga baho berishda qo`llanilsa, YaIM, SIM, YaMD, SMD, ShD, ShTD, C, S ko`rsatkichlari milliy ishlab chiqarishning parametrlarini va dinamikasini tahlil etishda foydalaniladi.
Bu ko`rsatkichlar iqtisodiyotning barcha sub‘ektlari faoliyatlari natijasi sifatida aniqlanib, ularni hisoblashning asosini Milliy hisobchilik tizimi(MHT) tashkil etadi. MHT mamlakat buxgalteriyasi vazifasini o`tagani holda uning standartlaridan kelib chiqqan holda makroiqtisodiy ko`rsatkichlarni hisoblash, mamlakatlararo taqqoslovlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Mamlakat iqtisodiyotining haqiqiy holatini o`rganish, unga tizimli baho berish uchun yuqorida sanab o`tilgan barcha ko`rsakichlardan foydalanish zarur, aks holda bir tomonlama yondoshuvga yo`l qo`yilishi mumkin.