2. Taksonomik kategoriyalar: Tur, avlod, oila, tartib (otryad), sinf, tip, bo’lim, dunyo.
Sisitematikada - barcha tirik organizmlar muayyan bir tartibda o’xshash belgilari, oziqlanishi va kelib chiqishiga qarab turli guruhlarga bo’linadi. Ana shu guruhlar taksonlar yoki sistematik birliklar deb ataladi. Sistematikada quyidagi sistematik birliklar mavjud: bo’lim-divisio, sinf-classis, tartib-ordo, oila-familio, avlod-genus, tur-spesies, zoologiyada bo’lim o’rnida tip - tipos, tartib o’rnida qabila ishlatiladi. Shu klassifikasiyaga ko’ra hozirgi zamon odamlari xordalilar tipiga (Chordate), umutqalilar kenja tipiga (Vertebrate), sut emizuvchilar sinfiga (Mammalia), primatlar otryadiga (Primates), gominid oilasiga (Hominidae), odam avlodiga (Homo) kiradi. Odam (Homo sapiens) aqlli odam deyiladi.
3. Hayvon va o’simlik dunyosi, ularning birligi va farq qiluvchi belgilari. Aristotel zamonidan biologiyani ikki dunyoga — o’simliklar va hayvonlar dunyosiga bo’lish boshlangan. O’simliklarga daraxtlar, butalar, o’tlar, lianalar, gullar kirsa, hayvonlarga itlar, mushuklar, qurbaqalar, baliqlar kirgan. O’zlarining tashqi ko’rinishi jihatidan yuqorida keltirilgan o’simliklardan farq qilsada paporotniklar, moxlar va zamburug’lar ham o’simliklarga kiritiladi. Hayvonlarga esa molyuskalar, chuvalchanglar, arilar, chumolilar va shu kabilar ham kiradi.
Bundan 100 yil ilgari nemis biologi Ernst Gekkel o’simlik va hayvonlarning oraliq formasi bo’lgan mikroorganizmlarni yangi guruhga — bir hujayrali organizmlarga (Rroteste) kiritishni taklif qilgan. Biroq bu taklifni ko’pchilik olimlar jamoatchiligi qabul qilishmadi. Chunki ba’zi bir bir hujayrali organizmlar hayvonlarga o’xshasa, boshqa xillari o’simliklarga o’xshab ketadi. Yana ba’zi bir xillari esa na o’simlikka va na hayvonga o’xshaydi. Keyinchalik ba’zi biologlar Monera guruhini ajratishni taklif qilib, ular bu guruhga yadrosi shakllanmagan bakteriyalar va ko’k-yashil suvo’tlarni kiritgan.
Aslini olganda o’simliklar va hayvonlar bir-birlariga juda o’xshash bo’ladi. Ularning ikkovlari ham hujayralardan tuzilgan, ulardagi modda almashinish jarayonida umumiy belgilari bor. Biroq ularni bir-biridan keskin farq qiluvchi xususiyatlari ham mavjud. Ular quyidagilardan iborat:
1. O’simliklar hujayrasida sellyulozadan tashkil topgan qattiq qobiq bo’lib, u hayvonlar hujayrasida bo’lmaydi. Uning o’rnida yupqa hujayra membranasi bo’ladi.
2. O’simliklar doimo bo’yiga va eniga o’sib turadi. Boshqacha qilib aytganda o’simliklar o’zlarining vegetativ davrlarining oxirigacha ham o’sish imkoniyatlarini yo’qotishmaydi. Tropik iqlim sharoitida o’suvchi o’simliklar yil bo’yi bir xil o’sib tursa, mo’tadil iqlim sharoitida o’suvchi o’simliklar esa asosan bahor va yozda o’sib, kuz va qish fasllarida o’sishdan to’xtab turadi. O’simliklardan farq qilib hayvonlarda o’sish ma‘lum davrgacha, ma’lum yoshgacha davom etadi, keyin esa yangi hujayralarning organizmda xosil bo’lishiga qaramay o’sishdan to’xtaydilar.
3. Ko’pchilik hayvonlar harakatchan bo’lsa, o’simliklar esa o’troq holda hayot kechiradi. O’simliklar bir yerda turgan holda o’zlari uchun kerak bo’lgan suv va mineral tuzlarni ildizlari hamda karbonat angidrid va quyosh energiyasini yer ustki organlari (asosan bargi) orqali qabul qiladilar.
4. O’simliklarning hayvonlardan farq qiluvchi eng muhim belgilaridan yana biri - bu oziqlanishdadir. Hayvonlar harakat qilib atrofdagi organizmlar bilan oziqlanadi. O’simliklarning ko’pchiligi esa o’zlari uchun kerak bo’lgan organik moddalarni o’zlari tayyorlaydilar. Bu xususiyatlar xlorofil donachalari bo’lgan barcha yashil o’simliklarga taaluqlidir. Xlorofillari bo’lmagan zamburug’lar va bakteriyalar esa hayvonlar singari tayyor organik modda hisobiga oziqlanadi.