Xotira haqida tushuncha. Xotiraning nerv-fiziologik asosi. Xotira nazariyalari. Xotira biz ilgari idrok qilgan, boshdan kechirgan va bajargan ishlarimizni yodda saqlash, keyinchalik ularni eslash yoki xotirlash jarayonidir. Biz har kuni yangi narsalarni bilamiz, kun sayin bilimlarimiz boyib boradi. Xotira faoliyatida shaxsning g`oyaviy yo`nalishi katta o`rin egallaydi. Shu o`rinda xotira borasidagi ta`riflarga qaytsak, ko`pgina adabiyotlarda xotira tushunchasi quyidagicha ta`riflanadi. "Indvidning o`z tajribasida esda olib qolishi, esda saqlashi va keyinchalik uni yana esga tushirishi xotira deb ataladi". Lekin mazkur ta`riflarni tahlil qilgan professor E.G`.G`oziev tomonidan xotira tushunchasiga quyidagicha ta`rif beriladi. "Xotira atrof-muhitdagi voqelik (narsa)ni bevosita va bilvosita, ixtiyoriy va ixtiyorsiz ravishda, passiv va faol holda, reproduktiv va produktiv tarzda, verbal va noverbal shaklda, mantiqiy va mexanik yo`l bilan aks ettiruvchi esda olib qolish, esda saqlash, qayta esga tushirish, unutish hamda tanish hissidan iborat psixik jarayon. Alohida va umumiylik namoyon qiluvchi ijtimoiy hodisa barcha taassurotlarni ijobiy qayta ishlashga yo`naltirilgan mnemik faoliyatdir". Shuni ta`kidlash joizki, keltirilgan mazkur ta`rif xotiraning murakkab, keng qamrovli jihatlarini to`la ta`kidlash imkoniyatiga ega.
Shaxsning yo`nalishi uning qiziqishida ifodalanadi. Kishining qiziqishi xotiraga aniq va kuchli ta`sir ko`rsatadi, ya`ni yaxshi esda olib qolishni ta`minlaydi. Biz ko`pincha u yoki bu narsa va hodisalarni yomon esda qoldiramiz. Bu xotirani yomonligini emas, balki ularga qiziqish yo`qligini ko`rsatadi.
Xotira sohasida quyidagi asosiy jarayonlar: esda olib qolish, esda saqlash, esga tushirish va unutish bir-biridan farq qilinadi. Bu jarayonlar faoliyatda tarkib topadi va belgilanadi. Ma`lum materialni esda olib qolish hayot faoliyati davomida individual, ya`ni shaxsiy tajribani to`plash bilan bog`liqdir. To`plangan tajribadan keyingi faoliyatda foydalanish qayta esga tushirishni talab qiladi. Ma`lum materialning faoliyatda qatnashmay qolishi yoddan chiqarishga olib keladi.
Esda olib qolish nerv tizimining egiluvchan, ya`ni o`zgaruvchanlik, qo`zqatuvchilar ta`sirida o`zida go`yo bir iz qoldirish, saqlash imkoniyati tufayli yuzaga keladi. Har qanday insonning miyasi egiluvchanlik xususiyatiga ega bo`lib, uning darajasi har xil bo`ladi. Shaxs xotirasining sifati miyaning faolligi va turli faoliyatga to`g`ridan-to`g`ri bog`liq ravishda rivojlanadi. Atrofni o`rab olgan borliqni faol biluvchi kishi o`z miyasi faoliyatini to`xtovsiz kuchaytiradi. Shu bilan birga uning egiluvchanlik darajasini oshiradi. Miya egiluvchanligi vaqtincha pasayishi, xotira samarasining susayishi, ba`zi paytda odamning toliqishiga sabab bo`ladi. Dam olgandan keyin yana tiklanadi. Odatda miya egiluvchanligi yosh o`tishi bilan susayadi. Muvaqqat nerv aloqalari assosiasiyalarni hosil qiluvchi fiziologik mexanizmdir. Assosiasiya bizning xotiramizda mustahkamlangan va ongimizda qayd qilingan ayrim voqea hodisalarning o`zaro bog`lanishidir. Biror buyumni esda olib qolish, boshqa buyumlar bilan bog`lash orqali amalga oshiriladi. Bu o`rinda akademik I.P.Pavlovning quyidagi so`zlari juda xarakterlidir. "Muvaqqat nerv bog`lanishlari - deb yozadi I.P. Pavlov hayvonot olamida va bizning o`zimizda ham bo`ladigan eng umumiy fiziologik hodisadir. Shu bilan birga u psixik hodisa hamdir, turli-tuman harakat, taassurot bo`lmasa harflar, so`zlar va fikrlar o`rtasida paydo bo`ladigan bog`lanishlar-ki, bu bog`lanishlarni psixologlar assosiasiyalar deb ataydilar". Xotira, ya`ni esda olib qolish, idrok qilinayotgan narsalardan hosil bo`lgan obrazlar o`rtasida assosiasiyalarning yuzaga kelishidan iboratdir. Shu bois inson xotirasidagi assosiasiyalar 3 turga ajratiladi. Bular yondoshlik assosiasiyasi, o`xshashlik assosiasiyasi va qarama-qarshilik assosiasiyalaridan iboratdir. Yondoshlik assosiasiyasining asosida vaqt va fazoviy munosabatlar yotadi. Boshqacha qilib aytganda, yondoshlik assosiasiyasi bir necha narsa yoki hodisalarni ayni bir vaqtda yoki ketma-ket idrok qilishdan hosil bo`ladi.
Hozirgi paytda idrok qilinayotgan narsa bilan ilgari idrok qilingan narsa o`rtasida ma`lum o`xshashlik bo`lsa, bu narsalar o`rtasida o`xshashlik assosiasiyasi hosil bo`ladi.
Hozirgi idrok qilinayotgan narsalar bilan ilgari idrok qilinayotgan narsalar o`rtasida qarama-qarshi belgilar va xususiyatlar bo`lsa, bunday narsalar o`rtasida qarama-qarshilik assosiasiyasi yuz beradi. Masalan yoz-qish, issiq-sovuq kabi narsalar o`rtasida qarama-qarshilik assosiasiyalari hosil bo`ladi.
Shunday qilib, xotiraning nerv-fiziologik asosida bosh miya po`stida hosil bo`ladigan shartli reflekslar, turli assosiativ bog`lanishlar yotadi. Lekin, odam esda olib qolish paytida assosiasiyalar hosil bo`lganligini mutlaqo sezmaydi. Har xil assosiasiyalarning hosil bo`lganini odam keyinchalik biror narsani esga tushirish paytida bo`ladi.
Hozirgi zamon xotirani tadqiq qilish bilan bog`liq tadqiqotlarda markaziy o`rin xotira jarayonining asoslariga ajratilgan. Xotira jarayonining asoslari 3 yo`nalishda o`rganilgan: psixologik, neyro-fiziologik, bioximik.
Xotiraning psixologik nazariyalari inson faolligi bilan bog`liq bo`lgan xotira jarayonlarini shakllantirishni tadqiq etadi. Ulardan birinchisi assosiativ nazariyadir. Ma`lum bir bilimlar inson ongida birin ketin o`rin olishi tufayli ularda assosiativ bog`liqlikni yuzaga keltiradi va ushbu bog`liqlikda biror bir narsa esga tushiriladi. Ushbu assosiasiyalarni 3 turga bo`lish mumkin, ya`ni ob`ektlarning fazoviy bog`liqligi, bir-biriga mosligi va qarama-qarshiligidir. Bundan 3 ta assosiasiya kelib chiqadi: bir-biriga bog`liqlik, o`xshashlik va qarama-qarshilik. Assosiasiya nazariyasi bo`yicha xotira assosiativ bog`lanishlar asosida mavjud ma`lumotni saqlash va qayta tiklash imkoniyatiga ega.
Ikkinchi psixologik nazariya xotiraning geshtalt nazariyasidir. Ushbu nazariyaning asosiy ta`limoti narsaning negizi, yaxlitligi, yig`indisidir. Ushbu nazariyaga asosan xotira yaxlit hodisa sifatida tahlil etiladi.
Bixeviorizm - inson xotirasida, esda olib qolishda takrorlashning ahamiyatiga diqqatni qaratadi.
Freydizm xotirani emosiyalar, motivlar va ehtiyojlar bilan bog`laydi.
Xotiraning mantiqiy nazariyasi A.Bine va Byullerlar tomonidan ilgari surilib, ular xotiradagi materialni xotiraning mantiqiy esda olib qolinishi bilan bog`laydi.
A.N.Leontev, N.I.Zinchenko, A.A.Smirnovlar tomonidan faoliyat nazariyasi ilgari surilib, turli tasavvurlar orasidagi bog`liqlik esda olib qolingan materialning qandayligiga emas, balki odamning u bilan nima qilishiga bog`liqdir.
Bioximik nazariya tashqi ta`sir ostida nerv hujayralarida yuz beradigan o`zgarishlarni qayd qilish va xotira jarayonida DNK va RNK ahamiyatini aniqlashga qaratilgandir. DNK xotirani genetik tug`ma tashuvchi sifatida, RNK esa individual xotiraning ontogenetik asosi sifatida qabul qilinadi. Kibernetik nazariya bo`yicha xotira ma`lumotni qabul qilib olish, qayta esga tushirish va unutishdir.
Adabiyotlarda keltirilishicha, navbatdagi nazariya xotira jarayonlari asoslari haqidagi fiziologik nazariyadir. Vaqt oraliqida esda olib qolish, saqlash va esga tushirish xotiraning asoslari fiziologik nazariyasini tashkil qiladi. Har qanday tashqi ta`sir nerv tizimida izsiz o`tmaydi va qandaydir "iz" qoldiradi. "Iz"ning fizik ta`siri qayta impuls harakatini engillashtiradi. Vaqtinchalik nerv munosabatlarining yuzaga kelishi, ularning izini va keyinchalik faollashtirilishini xotira jarayonlari asoslari nazariyasi sifatida ko`rib chiqiladi.
80-yillarda nemis psixologi German Ebbingauz o`z "sof" xotira qonunlarini o`rganish imkonini beruvchi, boshqacha so`z bilan aytganda, tafakkurga bog`liq bo`lmagan holda izlarning esda qolish jarayoni tadqiq etishning yangi uslubini taklif qilgan, ya`ni ma`nosiz bo`g`inlarni yod olishdan iborat bo`lgan bu uslub Ebbingauzga materialni esda olib qolishning egri chiziqiga oid qonunni kashf qilishga, uning asosiy qoidalarini bayon etishga va ana shularning asosida izlarni xotirada saqlanish muddatini hamda asta-sekin so`nish holatini tekshirishga imkoniyat yaratgan. XIX asr oxiri XX asr boshlarida Amerikalik psixolog Eduard Torndaykning tekshirishlari paydo bo`ldi. U birinchi bo`lib tekshirish predmeti sifatida hayvonlarda ko`nikmalarni paydo bo`lish jarayonini tanlagan edi.
XX asrning birinchi 10 yilida xotirani tekshirish yangi ilmiy talqinga ega bo`ldi, uning moddiy asosi to`g`risidagi muammolarga mohiyati jihatidan mutlaqo boshqacha yondashish ro`yobga chiqdi.
Huddi shu davr xotira psixologiyasida keskin burilish nuqtasini vujudga keltiradi. Akademik I.P.Pavlov shartli reflekslarni o`rganishning ilmiy metodini taklif etadi, bu narsa o`z navbatida bosh miya yarim sharlarida yangi bog`lanishlar paydo bo`lishiga va mustahkamlanishning asosiy fiziologik mexanizmlarini tekshirish imkoniyatlarini tug`dirdi. Ana shunday qilib, ushbu bog`lanishlar paydo bo`lishiga va saqlab qolishga yordam beradigan shart-sharoitlar, shuningdek, bog`lanishlarning saqlani-shiga ta`sir qiluvchi holatlar, omillar va mexanizmlar tasvirlab berildi. I.P.Pavlov oliy asab faoliyati ta`limoti va uning asosiy qonunlari xotiraning fiziologik mexanizmlariga oid bilimlarning asosiy manbasiga aylanib qoladi.
Bolalarda xotiraning yuksak (yuqori) shakllarini birinchi marta tadrijiy ravishda tadqiq qilish taniqli psixolog L.S.Vigotskiyga nasib etgan. U 20-yillarning oxirlarida maxsus tekshirishlarning predmeti qilib, xotiraning yuksak shakllarining rivojlanishi muammosini tanlagan va u o`z shogirdlari A.N.Leontev (1905-1979) va A.V.Zankov bilan birgalikda xotiraning yuksak shakllari ruhiy faoliyatning murakkab shakli ekanligini, kelib chiqish jihatidan ijtimoiyligini ko`rsatadi. Shuning bilan birga u murakkab, mohiyatiga ko`ra esda olib qolishning asosiy bosqichlari rivojlanishini isbotlab berdi.
Psixologlardan A.A.Smirnov, P.I.Zinchenkolar ham xotira bo`yicha ilmiy tekshirish ishlarini olib bordilar, uning yangi qonunlari va mexanizmlarini ochdilar. Esda olib qolishning faoliyat maqsadiga bog`liqligini yoritdilar, murakkab materialni esda olib qolishning oqilona usullarini ko`rsatib berishga muvofiq bo`ladilar.
Yuqoridagi fikrlardan ko`rinadiki, psixolog olimlar tomonidan xotira borasida qator ilmiy izlanishlar olib borilgan va borilmoqda.