Diqqat turlari. Odam ayrim narsalarga o`z diqqatini ongli ravishda o`zi hohlab qaratsa, boshqa bir narsalar diqqatni beixtiyor ya`ni bizning hohishimizdan tashqari jalb qiladi. Odam psixik faoliyatining muayyan ob`ektga yo`naltirilishi va to`planishida ifodalanadigan diqqat quyidagi turlarga bo`linadi.
Diqqatning aktivligiga qarab- ixtiyorsiz, ixtiyoriy va ixtiyoriydan so`nggi diqqat.
Diqqatning ob`ektiga qarab - tashqi va ichki diqqat.
Diqqatning faoliyat turlariga qarab- individual, guruhiy va jamoaviy diqqat
Ayrim adabiyotlarda diqqatning ikkita va ayrimlarida uchta deb ko`rsatiladi. Ular ixtiyorsiz diqqat, ixtiyoriy diqqat va ixtiyoriydan so`nggi diqqat turlaridan iboratdir.
Diqqat turlarida insonda yuzaga keladigan holatlar quyidagi jadvalda aks ettirilgan.
Ixtiyorsiz diqqatdeb to`satdan ta`sir qilgan biror sabab tufayli bizning hohishimizdan tashqari hosil bo`ladigan diqqatga aytiladi.
Odamning ko`z o`ngida paydo bo`ladigan juda yorqin rangli narsalar, o`zining tashqi ko`rinishi jihatidan odatdagi narsalardan keskin farq qiluvchi predmetlar, to`satdan paydo bo`lgan qattiq tovush, biror narsaning keskin harakati va shu kabilar ixtiyorsiz diqqatni yuzaga keltiruvchi sabablar bo`lishi mumkin. Masalan, hikoya o`qish mashg`uloti paytida to`satdan uchib o`tgan reaktiv samolyotning qattiq va bahaybat tovushi hammaning diqqatini beixtiyor o`ziga jalb qiladi.
Ixtiyorsiz diqqat odamning har turli ehtiyojlari va qiziqishi bilan bevosita bog`liq bo`lgan diqqatdir. Shuning uchun ham ayni chog`dagi ehtiyojlarimiz, qiziqishlarimiz bilan bog`liq bo`lgan narsalarning ta`siri ixtiyorsiz diqqatga sabab bo`ladi. Masalan, erkin o`yin paytida zaldan eshitib qolgan bolani qiziqtirgan musiqa ovozi uning diqqatini o`yindan darhol o`ziga jalb qilib oladi.
Ixtiyorsiz diqqatning nerv-fiziologik asosini orientirovka yoki bu nima? refleksi tashkil qiladi. Chunki tevarak-atrofimizdagi narsalarning salgina o`zgarishi bizda darhol orientirovka refleksini yuzaga keltiradi. Boshqacha qilib aytganda, "nima gap?" degan ma`noda atrofimizga razm sola boshlaymiz.