5- mavzu. Bilish falsafasi (gnoseologiya). (2-soat) Bilish amali
"Metafizika" (yunon.— fizikadan keyin) - dialektika kabi universal metoddir. Bu so‘z
ilmiy muomalaga er. av. I asrda Aristotelning shogirdi, uning she’rlari sharhovchisi Rodosskiy
tomonidan kiritildi. Mutafakkir asarlarini bir tizimga solar ekan, u borliq va bilish haqidagi
umumiy masalalarni fizikadan so‘ng "birinchi falsafa"ning (mohiyat, sabab va boshqa) ikkinchi
falsafadan farqli xususiy-ilmiy bilimlarni o‘rganadigan qismi sifatida talqin qilgan.
Ko‘p hollarda, dialektikaga qarama-qarshi deb talqin etiladigan metafizika olamdagi
narsa va hodisalarni o‘rganishda ularning muayyan vaqt davomida nisbatan o‘zgarmasdan,
alohida turgan holatiga diqqatni ko‘proq qaratadigan usuldir. Bu usul qo‘llanganida olamning
namoyon bo‘lish shakllari hamda ular bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlarning alohida qismi yoki
holatiga asosiy e’tibor beriladi. Voqea, hodisa va jarayonlarni doimiy o‘zgarish holatida
o‘rganish nihoyatda kiyin bo‘lganligidan, nafaqat faylasuflar, balki barcha fan mutaxassislari
uning nisbatan tinch va o‘zgarmay turgan holatini o‘rganadilar, tadqiq etadilar.
Aslini olganda, olam garchand dialektik o‘zgarish va harakatda bo‘lsada, bu jarayon
doimo ham nihoyatda tez sodir bo‘lavermaydi. Biz esa dunyodagi narsa, hodisa va odamlarga
shunchalik metafizik tarzda o‘rganib qolganmizki, go‘yo kechadan bugunning farqi yo‘qdek,
kecha ko‘rgan kishiga bugun duch kelganimizda unda hech qanday o‘zgarishlar bo‘lmaganday
tuyuladi. SHu ma’noda, hayotda ko‘p hollarda metafizik usulda fikr yuritamiz, nimalargadir ana
shunday munosabatda bo‘lamiz. Aclida esa, ular ham azaliy o‘zgarishlar jarayoniga tushgan
narsa va kishilar ekanligini juda kamdan-kam hollarda o‘ylab ko‘ramiz. Xuddi shunday, bizning
umrimiz ham kechadan ertaga qarab oqib turadigan dialektik jarayondir. Biz ham ana shunday
o‘zgarib boramiz, ammo ko‘p hollarda bunga unchalik ko‘p e’tibor berilavermaydi. SHu tariqa
maktabni tugatib qo‘yganimizni, ulg‘ayganimizni, bolalikning ortda qolganini go‘yoki bilmay
qolamiz...
Alohida ta’kidlash lozimki, metafizik usulning hayotda, ilmiy izlanishlar va falsafiy
tadqiqotlarda ham o‘z o‘rni bor. Bizda haligacha metafizikaning tushunchalari, kategoriyalari,
tamoyillari va ilmiy mohiyati izohlangan yoxud tadqiq etilgan asarlar, tadqiqotlar yo‘k,.
Qolaversa, uni dialektika bilan butunlay qarshi qilib qo‘yish va bu farqni mutlaq ziddiyat
darajasiga ko‘tarish ham maqsadga muvofiq emas. Aynan ana shunday yondashuv sobiq
ittifoqda dialektikani mutlaqlashtirishga, metafizikani esa quruq va o‘lik ta’limot sifatida
qarashga, uning imkoniyatlaridan foydalanilmasligiga sabab bo‘ldi.