Dissipativ tizim ta’sirlar tarqaladigan tizim hisoblanadi. Umuman olganda, bu
fluktuatsiyalar to‘la qamrab olgan tizim xulq-atvorining xususiyatidir. Har xil ta’sirlarga o‘ta
ta’sirchanlik va buning natijasida haddan tashqari nomuvoziylik – dissipativ tizimning asosiy
xossasidir.
Attraktorlarto‘plamlarni o‘ziga tortuvchi, elementlar intiladigan markazlarni hosil
qiluvchi tuzilma. Masalan, bir erga olomon to‘planganida, o‘z yo‘nalishida harakatlanayotgan
odam unga e’tibor bermasdan o‘tib keta olmaydi. Uning traektoriyasi olomon tomonga buriladi.
Kundalik hayotda bu qiziquvchanlik, deb ataladi. O‘z-o‘zini tashkil etish nazariyasida mazkur
jarayon «to‘planish nuqtasiga siljish» deb nomlanadi. Attraktorlar o‘z atrofiga stoxastik
elementlarni to‘playdi, shu tariqa muhitni tuzilmalarga ajratadi va tartib o‘rnatish ishtirokchisiga
aylanadi.
Dunyoning postnoklassik manzarasida tartiblilik va tuzilmalarga ajratilganlik
tartibsizlik va stoxastiklik singari voqelikning ob’ektiv, universal xususiyatlari, deb e’tirof
etilgan. Ular rivojlanishning barcha strukturaviy darajalarida namoyon bo‘ladi. Nomuvoziy
tizimlarning nomuntazam xulq-atvori muammosi sinergetikaning diqqat markazida turadi.
Sinergetika – strukturogenezning eng umumiy qonuniyatlarini aniqlashni o‘z predmetiga
aylantirgan o‘z-o‘zini tashkil etish nazariyasidir.
Umumilmiy tadqiqot metodlari. Ular falsafa bilan maxsus fanlarning fundamental
nazariy-metodologik qoidalari o‘rtasida o‘ziga xos «oraliq metodologiya» bo‘lib xizmat qiladi.
Umumilmiy tushunchalar qatoriga ko‘pincha «axborot», «model», «tuzilma», «funksiya»,
«tizim», «element», «oqilonalik», «ehtimollik» singari tushunchalar kiritiladi.
Birinchidan, bir qancha xususiy fanlar hamda falsafiy kategoriyalarning alohida xossa,
belgi va tushunchalari umumilmiy tushunchalarning mazmuniga «singdirib» yuborilganligi,
ikkinchidan, (falsafiy kategoriyalardan farqli o‘laroq) matematik nazariya va simvolik mantiq
vositalari bilan ularni formallashtirish, ularga aniqlik kiritish mumkinligi umumilmiy
tushunchalarning o‘ziga xos jihatlaridir.