6-MAVZU. O‘ZBEKISTONDA DEMOKRATIK, FUQAROLIK JAMIYATI ASOSLARINING SHAKLLANISHI, AMALGA OSHIRILGAN SIYOSIY ISLOHOTLAR.
O‘zbekiston ishbilarmonlar va tadbirkorlar harakati – Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) hisoblanadi. U 2003-yil 15-noyabrda tashkil topgan. Kichik biznes vakillari va xususiy tadbirkorlar, fermerlar, moddiy va intellektual mulk egalari hamda o‘rta sinfni tashkil etuvchi boshqa tabaqalar ushbu partiyaning elektoratini tashkil etadi. O‘zLiDeP mamlakatimizda liberaldemokratik yo‘nalishdagi ilk siyosiy partiya hisoblanadi. O‘zLiDePning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari:
- birinchidan, siyosiy kuch sifatida birlashgan holda tadbirkorlar va ishbilarmonlarning yanada kengroq faoliyat yuritishlari uchun yangi imkoniyatlar ochish, ularning istiqbolini ham nazariy, ham amaliy jihatdan asoslab berish, jamiyatning ushbu tabaqasi manfaatlarini himoyalash barobarida uning ertangi kunini ta’minlash;
- ikkinchidan, partiyaning kuch va imkoniyatlarini boshqa siyosiy partiya va harakatlar bilan hamkorlikda mamlakatning milliy manfaatlari va taraqqiyotining strategik istiqbollariga javob beradigan bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik, huquqiy davlat qurish, fuqarolik institutlarining rivojiga keng yo‘l ochib berish va demokratik qadriyatlarni xalqimiz, avvalo, yoshlar ongi va hayotiga singdirishga qaratilgan harakat dasturini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish;
- uchinchidan, partiyaning davlat boshqaruvi, jamiyatda shakllanayotgan qarashlarga ta’sir o‘tkazish, siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi ishtirokini ta’minlash. Davlatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy taraqqiyoti bilan bog‘liq muammolarni hal qilish, O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini oshirish, yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, millatlararo va fuqarolararo ahillik va totuvlikni mustahkamlash ishida faol qatnashish, yoshlarimizni Vatanga muhabbat va sadoqat, o‘z elim, o‘z yurtim, jon O‘zbekistonim, deya g‘ururlanib yashash ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shish, har qanday sharoitda mustaqillik yo‘limiz, qadriyatlarimiz, milliy va diniy an’analarimiz, urf-odatlarimizni qadrlash, shu bilan birga, boshqa millat va elatlar qadriyatlarini kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, bunday xurujlarga qarshi izchil kurash olib borish;
-to‘rtinchidan, o‘zi uchun siyosiy platforma deb tanlab olgan liberal-demokratik g‘oya va maqsadlarni o‘z faoliyati orqali keng omma ongiga singdirish, bu borada safini kengayishtirishga yo‘naltirilgan har tomonlama chuqur o‘ylangan partiya siyosatini targ‘ib qilish ishlarini amalga oshirish.
Bugungi kunda O‘zLiDePning 180 000 dan ortiq a’zosi (2012 y.) bor. Ushbu partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi eng ko‘p sonli bo‘lib, 2009 yilgi parlament saylovlaridan so‘ng 53 nafar deputatdan iborat.