To‘rtinchi guruh – umummilliy xayriya jamiyatlari, fondlar (Bolalar jamg‘armasi, «Ulug‘bek» iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, O‘zbekiston milliy raqs jamg‘armasi, «Ustoz» Respublika jamg‘armasi, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini ijtimoiy himoyalash jamg‘armasi, Respublika talabalar jamg‘armasi va boshq.).
Beshinchi guruh – huquqni himoya qiluvchi nohukumat tashkilotlar (O‘zbekiston sudyalar Assotsiatsiyasi, O‘zbekiston advokatlar Palatasi, O‘zbekiston ayol yuristlarning Jamoat birlashmasi, Shaxs huquqini himoya qilish qo‘mitasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston mustaqil tashkiloti va boshq.).
Oltinchi guruh – ijodiy intelligensiyaning milliy jamoat tashkilotlari (Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbek ximiya jamiyati, Jurnalistlar uyushmasi, Bastakorlar uyushmasi, Me’morlar (arxitektorlar) jamiyati, Kinematografchilar jamiyati va boshqalar).
Ettinchi guruh – O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan mayda millat vakillarini birlashtiruvchi milliy madaniyat markazlari – madaniyat, ma’naviyat, urf-odatlar va an’analar, shuningdek xorijiy mamlakatlar bilan tuzilgan do‘stlik jamiyatlari.
Sakkizinchi guruh – joylarda ijtimoiy ahamiyati va ijodiy qiziqishiga ko‘ra tashkil etilgan birlashmalar (Jangchi faxriylar uyushmasi, Avto-motohavaskorlarning ko‘ngilli jamiyati, Ixtirochilar va ratsionalizatorlar jamiyati, Sayyohlar va havaskorlik qo‘shiqlarining klublari, Nogiron bolalar ota-onalarining uyushmasi va boshq.).
Shunday qilib, respublikada jamoatchilik tashkilotlarini rivojlantirish o‘zining yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ydiki, bu bosqich NNT tiklanish jarayonining faollashuvi va ular sonining o‘sishi bilan xarakterlanadi. Biroq ko‘p sonli nodavlat tashkilotlarining paydo bo‘lishi hali ularning barqaror faoliyati va yashovchanligidan dalolat bermaydi.
5. So’ngi yillarda amalga oshirilgan siyosiy tizimidagi islohotlar.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, o‘z oldiga erkin, demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishni maqsad qilib qo‘ydi. Mazkur maqsadga erishish jarayonida bosqichma-bosqich fuqarolik jamiyatining tarkibiy institutlarini, xususan, uning muhim bo‘g‘ini hisoblangan nodavlat notijorat tashkilotlarining jamiyat hayotidagi rolini oshirish borasida tub islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Binobarin, samarali faoliyat yuritadigan nodavlat notijorat tashkilotlarini shakllantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lidagi eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda, mustaqillikning dastlabki yillaridayoq Konstitutsiyamizda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga doir asosiy tamoyillarning mustahkamlab qo‘yilgani barcha aholi qatlamlari manfaatlarini aks ettiradigan bunday tashkilotlar keng tarmoqlarining rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratdi.
Mamlakatimizni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini kuchaytirishga, fuqarolarning eng muhim sotsial-iqtisodiy muammolarini hal etishga qaratilgan 200 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingani ham bu soha rivojiga bo‘lgan katta e’tiborni ko‘rsatadi. Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini demokratlashtirish va erkinlashtirish, ularning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiyiqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish jarayonidagi keng ishtirokini ta’minlash yuzasidan ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, ushbu institutlar faoliyatining huquqiy asoslarini yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XIII bobi jamoat birlashmalari faoliyatining konstitutsiyaviy asoslariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda ushbu tashkilotlarning turlari, faoliyat ko‘rsatish tartibi, ularning davlat hokimiyati organlari va mansabdor shaxslardan mustaqilligi kabi tamoyillar mustahkamlab qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 56-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi”, deb belgilab qo‘yildi. Shuningdek, Konstitutsiyamizning boshqa moddalarida ham fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga oid bo‘lgan konstitutsiyaviy tamoyil va qoidalar mustahkamlab qo‘yilgan. Xususan, Asosiy Qonunimizning 34-moddasi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga ega ekanligini e’tirof etish bilan birga, siyosiy partiyalarda, jamoat birlashmalarida, ommaviy harakatlarda, shuningdek hokimiyatning vakillik organlarida ozchilikni tashkil etuvchi muxolifatchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadrqimmatini hech kim kamsitishi mumkin emasligini belgilab qo‘ygan.
Asosiy Qonunimizning 12-moddasida O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlar xilmaxilligi asosida rivojlanishi hamda hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy tamoyil o‘z ifodasini topgan.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi» mavzuidagi ma’ruzasi O‘zbekistonning milliy davlatchiligini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab beradi. Konsepsiyada davlat hokimiyati asoslari, mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy jihatdan qayta qurish sohasidagi keng ko‘lamli va tub islohotlar ilgari surilgan hamda har tomonlama asoslab berilgan bo‘lib, ularni amalga oshirish jamiyat, davlat qurilishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish borasidagi asosiy maqsadlarimizga erishishga – O‘zbekistonning jahondagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirishiga, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashishi lozim.
Dastur Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining fikrlarini hisobga olgan holda kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan demokratik o‘zgarishlarni, liberal islohotlarni amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, mamlakatimizda fuqarolik jamiyatining muayyan ijtimoiy qatlamlari manfaatlarini ifodalovchi har bir partiyaning dasturiy g‘oyalarini o‘zida aks ettiradi.
Dasturda demokratik va huquqiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish hamda fuqarolik jamiyatini shakllantirishning eng muhim yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilanadi.
I. Davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish. Konstitutsiyaga davlat tuzilishi va boshqaruvi tizimini yaratishga qaratilgan, davlat hokimiyatining uchta sub’ekti: Prezident, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat o‘rtasida vakolatlarni taqsimlashning prinsipial jihatdan yangi, eng oliy demokratik prinsiplarga mos keladigan huquqiy mexanizmiga asoslangan bir qator jiddiy o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutiladi.
Asosiy Qonunimiz Konstitutsiyamizning 98-moddasining yangi tahririda mustahkamlab qo‘yilishi bilan konstitutsiyaviy tartibga muvofiq Bosh vazir nomzodi parlament saylovida g‘alaba qozongan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha partiya tomonidan ko‘rsatilishi natijasida ijro etuvchi hokimiyatni shakllantirish va uning faoliyat ko‘rsatish tizimi prinsipial jihatdan o‘zgaradi. Bu o‘rinda fuqarolik jamiyatining eng muhim instituti bo‘lgan siyosiy partiyalar hal qiluvchi rol o‘ynay boshlaydi, Konstitutsiyada nazarda tutilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalq hokimiyatining konstitutsiyaviy mexanizmlari ro‘yobga chiqadi.
Oliy Majlis tomonidan Bosh vazirga ishonchsizlik votumi bildirish parlament institutining joriy etilishi, hukumatning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining dolzarb masalalari yuzasidan parlament oldida muntazam hisobot berishi (Konstitutsiyaning 78-moddasiga o‘zgartish), shuningdek Prezidentning Hisob palatasi Raisini lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash huquqi (Konstitutsiyaning 93-moddasi) parlamentning davlat hokimiyatini tashkil etish tizimidagi roli va o‘rnini ma’lum darajada kuchaytiradi, qonun chiqaruvchi hokimiyatning vakolatlari va nazorat qilish sohasidagi vazifalari kengayadi, mamlakatimiz oliy qonunchilik organi amalga oshiradigan qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil ishlarining sifatiga nisbatan talab oshadi.
Davlat boshlig‘ining mana shu va bir qator boshqa konstitutsiyaviy tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish huquqiy davlatning juda muhim prinsipi sifatida hokimiyatlarni taqsimlash konstitutsiyaviy prinsipini izchil amalga oshirish, o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimini takomillashtirish, parlament palatalari faoliyatining va ular yangi demokratik sharoitlarda ijro etuvchi hokimiyat bilan o‘zaro hamkorlikda harakat qilishining samarali mexanizmlarini yaratish maqsadini ko‘zlaydi.
II. Sud-huquq tizimini isloh etish. Inson huquqlari va manfaatlarini sud orqali himoya qilishni va sud hokimiyatining mustaqilligini yanada mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda. Xususan, jinoyat-protsessual qonun hujjatlariga kiritish taklif etilgan o‘zgartishlar va qo‘shimchalarga muvofiq jinoiy ishlarni sudga qadar yurituv bosqichida dastlabki tergov organlarining faoliyati ustidan sud nazorati kuchaytiriladi. Lavozimdan chetlashtirish va tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralari uchun sanksiyalar berish vakolatlari prokuraturadan olinib, qo‘shimcha ravishda sudga o‘tkaziladi. Jinoyat ishlarini qo‘zg‘atish huquqini sud vakolatlaridan chiqarish va birinchi instansiya sudida ish bo‘yicha ayblov xulosasini o‘qib eshittirish majburiyatini faqat prokuror zimmasiga yuklash sudning mustaqilligini mustahkamlashga, jinoyat ishlarining ko‘rib chiqilishi vaqtida xolislik, beg‘arazlik va adolatni, jinoyat protsessida tortishuv prinsipini ta’minlashga qaratilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning inson huquqlari va erkinliklarini qo‘llab-quvvatlash hamda himoya qilishga, jinoyatchilikka qarshi kurashga, fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan faoliyatida qonun ustuvorligini, qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha qonunchilikka doir chora-tadbirlar qabul qilinadi. Bu o‘rinda «Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunni qabul qilish haqidagi taklif juda muhim ahamiyat kasb etadi, u inson huquqlarini himoya qilishning yuridik kafolatlarini kuchaytirishga, jinoyatlarga qarshi kurash, ularning oldini olish va bartaraf etish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga ko‘maklashadi. Xuddi mana shu maqsadlarda Konsepsiyadan davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shu jumladan prokuratura organlari faoliyatida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda, qonun ustuvorligini ta’minlashda Adliya vazirligining rolini kuchaytirishga qaratilgan takliflar o‘rin olgan. Mamlakatimizda huquqiy ta’lim va ma’rifatni, jamiyatda huquqiy bilimlar targ‘ibotini tubdan yaxshilashga yo‘naltirilgan maqsadli keng ko‘lamli chora-tadbirlar dasturini yaratish to‘g‘risidagi taklif juda muhim ahamiyatga egadir.
Konsepsiyaning sud-huquq tizimini isloh qilishga doir qismidagi takliflarni ro‘yobga chiqarish huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatini saqlashning yuridik mexanizmlarini yaratishga, davlat hokimiyati organlari ustidan keng jamoatchilik va fuqarolar nazoratini ta’minlashga qaratilgan.
III. Axborot sohasini isloh qilish, axborot va so‘z erkinligini ta’minlash. Ommaviy axborot vositalarini yanada demokratlashtirishga, so‘z erkinligini, o‘tkazilayotgan islohotlarning ochiq-oydinligini ta’minlashga qaratilgan to‘rtta yangi qonun qabul qilish va amal qilib turgan bir qator qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritilmoqda. Fuqarolarning ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati bilan bog‘liq axborotlardan keng xabardor bo‘lishini ta’minlovchi samarali huquqiy mexanizmlar yaratishga qaratilgan «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi Qonunni qabul qilish alohida ahamiyatga ega bo‘ladi. «Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida»gi va «Teleradioeshittirishlar to‘g‘risida»gi qonunlarning qabul qilinishi katta ahamiyatga molikdir.
Konsepsiyaga muvofiq axborot sohasida nodavlat sektorini rivojlantirish bo‘yicha tizimli va bosqichma-bosqich faoliyat davom ettiriladi. Ko‘rilayotgan qonunchilikka doir chora-tadbirlar media bozorida, xususan, radiochastota spektriga kirish, media mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ularni tarqatish bo‘yicha davlat buyurtmalari olish sohalarida halol raqobatni rag‘batlantirish mexanizmlarini yaratib beradi.
OAV sohasiga bozor mexanizmlarini joriy etish, OAVning iqtisodiy mustaqilligini, boshqaruv va o‘zini o‘zi tashkil etishining demokratik shakllarini ta’minlash jamiyatni o‘z vaqtida, to‘liq va ishonchli tarzda xabardor qilishning zarur sharti sifatida ommaviy axborot vositalari mustaqil faoliyat ko‘rsatishi va rivojlanishining asosiga aylanadi, O‘zbekiston Respublikasi jahondagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirishi uchun axborot-kommunikatsiya negizini yaratadi, mamlakatimizda kuchli fuqarolik jamiyati izchil ravishda shakllantirilishiga ko‘maklashadi.
IV. O‘zbekistonda saylov huquqi erkinligini ta’minlash va saylov qonunchiligini rivojlantirish. Davlat tuzilishi sohasida demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirish vazifasi partiyalar o‘rtasidagi kurash va raqobatni, eng avvalo, mamlakat parlamentiga saylovlar, hokimiyat vakillik organlarini shakllantirish vaqtidagi kurash va raqobatni ancha kuchaytirishni taqozo qiladi. Bundan tashqari, avvalgi saylovlarni o‘tkazish vaqtida to‘plangan tajriba saylov tizimini yanada demokratlashtirish yuzasidan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilishini talab etadi.
Shu munosabat bilan saylov jarayonining juda muhim bosqichi – saylovoldi tashviqotini tashkil etishning huquqiy mexanizmlarini yanada demokratlashtirish va takomillashtirishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslari alohida ahamiyat kasb etadi. Bunday mexanizmlarni ro‘yobga chiqarish bu sohadagi turli suiiste’molliklar va qoidabuzarliklarning oldini olish imkonini beradi va saylovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish chog‘ida demokratik muhit yaratilishiga, fuqarolar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish kabi o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini moneliksiz amalga oshirishlariga, mamlakatda xalq hokimiyatini mustahkamlashga ko‘maklashadi.
V. Fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish va rivojlantirish. Nodavlat notijorat tashkilotlari bilan davlat tuzilmalari o‘zaro hamkorlikda harakat qilishining samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yaratishga, davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qonunlarni, sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy rivojlanishning juda muhim dasturlarini so‘zsiz ijro etish bo‘yicha faoliyati ustidan fuqarolik institutlari nazorati, jamoatchilik nazorati tizimini yaratishga qaratilgan «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasida jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi, «Ekologik nazorat to‘g‘risida»gi qonunlarning qabul qilinishi nazarda tutilgan.
Davlat boshlig‘ining «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi hamda «Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to’g’risida”gi qonunlarni takomillashtirishga, O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksini yangi tahrirda qabul qilishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslarida fuqarolarning ijtimoiy faolligini ta’minlashda mahallaning rolini yanada oshirish, mahallani aholini manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning markaziga aylantirish, xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish chora-tadbirlari belgilab beriladi, bu sohadagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun mansabdor shaxslar javobgarligining yuzaga kelishi shartlari nazarda tutiladi.
Mana shu takliflarning amalga oshirilishi, shuningdek jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirishga, aholining siyosiy va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan Inson huquqlari sohasidagi milliy harakat dasturining ishlab chiqilishi va qabul qilinishi mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yuzasidan oldimizga qo’ygan maqsadlarimizga erishishning, O’zbekiston jahondagi rivojlangan davlatlar qatoridan o‘rin olishining hal qiluvchi omiliga aylanadi.
VI. Demokratik bozor islohotlarini va iqtisodiyotni liberallashtirishni yanada chuqurlashtirish. Iqtisodiyotda demokratik bozor islohotlarini va liberallashtirishni amalga oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jadal rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar, shu jumladan, «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Tadbirkorlik faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-qoidalari to‘g‘risida»gi, «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi (yangi tahriri), «Raqobat to‘g‘risida»gi va boshqa qonunlarni ishlab chiqish hamda qabul qilish nazarda tutilmoqda.
Bank-moliya sohasiga xususiy kapitalni jalb qilishga, qonun asoslarini shakllantirish vositasida xususiy banklar hamda xususiy mulkka asoslangan lizing, sug‘urta kompaniyalari, kredit uyushmalari, mikromoliya tashkilotlari kabi moliya institutlarini tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish rejalashtirilmoqda.
Ko‘rsatib o‘tilgan asosiy qonunlarni bundan buyon ham takomillashtirib borish maqsadida erkin bozor iqtisodiyoti yo‘lidan yanada ilgarilashga ko‘maklashadigan «Kredit byurolari faoliyati va kredit axboroti almashuvi to‘g‘risida»gi, «Garov reestri to‘g‘risida»gi, «Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida»gi, «Investitsiya va pay fondlari to‘g‘risida»gi, «Innovatsiyalar va iqtisodiyotni modernizatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonunlarni hamda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bozor o‘zgarishlarining mantiqi va sur’atlari taqozo etayotgan boshqa yangi qonunlar qabul qilish taklif qilinmoqda.
Umuman olganda, Konsepsiyada taklif etilgan davlat hokimiyatini tashkil etish, ijtimoiy-siyosiy tuzumni tubdan isloh etish mustaqillikka erishilgan kundan boshlab O‘zbekistonda amalga oshirib kelinayotgan demokratik o‘zgarishlarning va milliy davlatni barpo etish negizidagi juda muhim, bazaviy prinsip — bosqichma-bosqich tadrijiy rivojlanish prinsipining mantiqiy davomidir. Mazkur prinsip Konsepsiyada bayon etilgan islohotlarning barcha yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Dostları ilə paylaş: |