Qisqacha xulosalar Internetning rivojlanishi reklama faoliyati uchun katta ahamiyatga ega boʻlib, har xil koʻrinishlarida boʻladi. Reklama samaradorligi va bozor ulushining sezilarli darajada oʻsishi koʻpgina asosiy sohalar uchun muhimdir.
Marketing sohaga oid internet atamalarga tarif berish, internet reklamaning turli strategiyalarni tahlil qilish, ushbu strategiyalarni yakuniy samarasini, oqibatlari va jadal surʼatlar bilan rivojlanib borayotgan xizmatlar sohasini axborot almashuvidagi ishtirokini yoritadi.
Axborot — kommunikatsiya texnologiyalari tom maʼnoda ishlab chiqaruvchilar va xizmat koʻrsatuvchilarga beminnat koʻmakchilarga aylanadi va mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirib, eksport salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilayotir.
Nazorat va muhokama uchun savollar: 1. Internetning rivojlanish bosqichlari qaysi davrlarda amalga oshirildi?
2. Internetning marketing haqida nimalarni ayta olasiz?
3. Onlayn xulq-atvor tushunchasiga taʼrif bering.
4. Merchendayzing tushunchasi nima?
5. Marketing kommunikatsiyalari tizimida yana qanday unsurlarni bilasiz?
9-bob. MARKETING KOMMUNIKATSIYASINI REJALASHTIRISH 9.1.Kommunikatsiya vositalarini tanlash Taniqli olim Fill oʻz kitobida marketing kommunikatsiyasi rejasi tashkilotning marketing kommunikatsiyasi strategiyasining amalga oshirishiga yoʻnaltirilgan rivojlanish va boshqaruv jarayoni bilan bogʻliq reja deb yozadi. Maʼlumki, marketing kommunikatsiyalari mos maʼlumotlarni muayyan odamlarga toʻgʻri paytda va oʻz vaqtida yetkazilishi uchun xizmat qiladi. Oldinroq marketing strategiyasi rivojlanishi va qarorlar qabul qilish jarayonini rejalashtirishni rivojlantirishi uchun xizmat qiluvchi tadqiqotlar oʻtkazish va maʼlumot yigʻish jarayonlari tanishtirilgan edi. Tashkilot strategik qarorlarni oʻz maqsadli bozorining segmentidan va mahsulolotidan kelib chiqqan holda qabul qiladi.
Oldingi boblarda turli maʼlumot talablariga mos keluvchi, xususan, xususiy sektor va boshqalar uchun turli xil kommunikatsiya yondashuvlari koʻrib chiqildi, masalan, sayohatga taʼsir etuvchi sust media qamrovi yoki ob-havo muammolari toʻgʻrisidagi maʼlumot, yaʼni maslahat berilishi zarurligi misol qilib keltirilgandi. Bunday vaziyatlar kutilmaganda yuzaga kelib, rejalashtirilgan marketing harakatlari toʻgʻri va yuqori darajada tashkil etilganligini taʼminlash maqsadida odatda matbuot va jamoatchilik aloqalari hamda mahsulotni oʻtkazish harakatlarga tayanib, tezkor hal qilinishni talab qiladi. Bunday kommunikatsiya turi rejadan tashqari hisoblanadi. Marketing kommunikatsiyalari tadbirlarini amalga oshirish ularni tarqatish xarajatlari, ayniqsa, reklama xarajatlari yetarli boʻlishini talab qiladi. Shu sababli ularning taʼsir samaradorligi, kommunikatsiya kampaniyasi gʻoyalarini qoʻyilgan maqsadlarga muvofiq maksimal uzatishga doir talablar adolatlidir. Kommunikatsiya vositalaridan foydalanishni rejalashtirish murojaat vositalarini tanlash, ularni maqsadli bozorlargacha yetkazish, ulardan qanday foydalanish va har bir vositaga qancha mablagʻ sarflash, kommunikatsion taʼsir jadvalini ishlab chiqishni oʻz ichiga oladi.
Kommunikatsion taʼsir rejasining mazmuni mos keluvchi muloqot doirasi, reklama beruvchining salohiyatli moddiy va moliyaviy imkoniyatlari, taʼsir koʻrsatishning sifat mezonlari, shuningdek, isteʼmolchiga samarali taʼsir etish uchun turli tarqatish vositalaridan kompleksli foydalanish talablari bilan belgilanadi.
Tanlov murakkabligi tovarning koʻrinishi, isteʼmolchilarning muloqot doirasi va reklama beruvchilarning moliyaviy imkoniyatlari bilan izohlanadi. Reklama beruvchi qanchalik koʻp imkoniyatga ega boʻlsa, tegishli qaror qabul qilish shunchalik qiyin boʻladi. Televideniye, radio, gazeta, tashqi reklama va boshqa reklama vositalari orasida tanlovni qanday amalga oshirish kerak?
Masalan, har bir reklama vositasi reklama qilishda foydalaniladigan vosita (nashr, koʻrsatuv) tarkibi samaradorligi bilan tavsiflanadi. Reklama qilishda foydalaniladigan vositani tanlashda quyidagi asosiy talablardan kelib chiqish lozim: oldindan biror (odatda, salbiy) fikrga kelmaslik, chuqur bilimga egalik, tahririy materiallariga muvofiqlik, reyting, emotsionallik va muloqot doirasining qiziqish darajasi inobatga olinadi.