7.2. Marketing faoliyatini samarali tashkil etishda AKTning o’rni Marketing faoliyatini samarali tashkil etish, mahsulotlar va xizmatlarni bozorga olib chiqish, iste’molchilar talab-istaklarini o’rganishning asosiy vositasi sifatida AKTning vazifalariga quyidagilar kiradi:
iste’molchilarning xizmatlar va mahsulotlarga talablarini inobatga olgan holda, sotib olish imkoniyatini tadqiq etish usullarini ishlab chiqish va ularni amaliyotda qo’llashga ko’maklashish;
korxona ishlab chiqargan mahsulotlar hamda ko’rsatgan xizmatlarning raqobatdoshligi indeksini aniqlash va baholash;
iste’molchilarning mahsulotlar va xizmatlarga bo’lgan talablarini aniqlash hamda o’sish dinamikasini hisoblash;
raqobatdosh korxonalar qondira olmayotgan bozor talablarini aniqlash;
korxonalar mahsulotlarini ularning sotish kanallariga taqsimlash bo’yicha innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish.
Marketologlar faqat xaridor va uning talabini aniqlash bilan qiziqib qolmay, o’z raqobatchilari va ularning xizmatlaridan, mamlakatdagi va dunyodagi iqtisodiy ahvoldan boxabar bo’lishlari lozim. Bunday faoliyat yirik korxona-kompaniyalar hayotida beqiyos ahamiyatga ega. Inchunin, iqtisodiy inqiroz paytida ular yangi xizmatlarni tashkil etish uchun katta mablag’lar sarflashadi.
Marketing mutaxassislari muammoni o’rganish jarayonida tadqiqot maqsadini aniq belgilashlari va zarur ma’lumotlarni yig’ishlari kerak. Ma’lumotlarni yig’ish mexanizmi har xil bo’lib, ularni gazetalardan, maxsus ommaviy jurnallardan olish, iste’molchilar bilan bevosita muloqot qilish va ijtimoiy so’rovlar orqali to’plash mumkin. Iste’molchilarning mahsulot haqidagi fikr-mulohazalarini aniqlash ko’pincha anketa va intervyular vositasida amalga oshiriladi. Intervyular olish hamda fikrlarni jamlashda zamonaviy AKTdan va dasturlardan foydalanish joiz. Marketing tadqiqotlari AKT ko’magida tashkil etilsa, marketologlarning iste’molchilar va o’z mahsulotlari to’g’risida ma’lumotlar to’plab, tahlil qilishi ancha osonlashadi va samaradorligi oshadi.
Rivojlangan davlatlarda kompaniyalarning marketing faoliyatini samarali yo’lga qo’yishda AKTdan foydalanishda quyidagi tadbirlar qo’llaniladi:
mahsulot sotish va yetkazib berish vositalarini o’z ichiga olgan tashqi muhit tahlili. Tahlil natijalariga ko’ra, biznes faoliyatiga ko’maklashadigan va unga to’sqinlik qiluvchi omillar oydinlashadi. Bu mavjud muammolarni hal etish va marketing bo’yicha zarur qarorlar qabul qilishga, AKT ma’lumotlar bankini shakllantirishga ko’maklashadi;
iste’molchilarni kompleks o’rganish jarayonida “sotib olish” bo’yicha qaror qabul qilish imkoniga ega mijozlarning demografik, moliyaviy, geografik ma’lumotlarini tahlil etishda AKTdan foydalanish;
yangi xizmatlarni yaratishda, eski tizimlarni yangilash uchun konsepsiyalar ishlab chiqishda va mavjud xizmatlarni rejalashtirishda AKTdan foydalanish;
tayyor mahsulotlarni tarqatish va sotishni rejalashtirishda AKTdan foydalanish;
korxona va mahsulotni reklama qilishda, nufuzli notijorat tadbirlarini tashkil etishda AKTdan foydalanish;
narx-navo siyosatini amalga oshirishda, narxlarni rejalashtirishda va narxlar bo’yicha chegirmalarni hisoblashda AKTdan foydalanish;
marketing faoliyatini tizim sifatida boshqarishda va marketing dasturini ishlab chiqishda AKTdan foydalanish;
korxona bozoridagi xatar va daromadlarini baholashda, marketing qarorlari samaradorligini hisoblashda AKTdan foydalanish.
Korxona marketing faoliyatini boshqarishning eng ilg’or usullaridan biri sifatida zamonaviy iqtisodiyotga AKTning samarali vositasi sanalmish Internet texnologiyalari ham jadal kirib kelmoqda. Bugungi kunda ularni amaliyotga tatbiq etish va strategiyalarini belgilash dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Korxonalar o’z mijozlari va sheriklari o’rtasida axborot almashinuvini yo’lga qo’yishlari xizmat ko’rsatishni samarali tashkillashtirish va taqdim etish, e’tiborli mijozlarni qamrab olish va ularga qulaylik yaratish uchun katta imkoniyatlar yaratadi.
Kompaniyalarning marketing faoliyatini samarali tashkil etishda noan’anaviy biznes sifatida Internet marketlar, ya’ni World Wide Web (WWW) Internet savdo tarmoqlari jadal rivojlanib bormoqda.
Qisqacha xulosalar
Jahon tajribasidan kelib chiqqan holda Oʻzbekistonda Milliy axborot kommunikatsiya tizimni rivojlantirish kompleks dasturi asosida amalga oshirilmoqda.
AKTning vazifalarini bajarish va marketing faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish uchun bir qator tadbirlar amalga oshirilyapti.
Marketing faoliyatini samarali tashkil etishda Internet texnologiyalarni va noanʼanaviy biznes sifatida Internet marketlarni rivojlantirish mustasno boʻlar edi.