8.4.Merchendayzing tushunchasi va mohiyati Merchendayzing xaridorlarga keng miqyosda axborotlar berishga eʼtiborni qaratish, oʻzgaruvchi talabga nisbatan moslashtirilgan baho siyosatini olib borish, doʻkonlar ichki reklamasi, qoʻshimcha xizmatlarni koʻpaytirish, talabni ragʻbatlantirish kabilarni oʻz ichiga oladi. Merchendayzing vositalari va tadbirlari doʻkon savdo maydonlaridan toʻliq foydalanish va yuqori darajada rentabellikka erishishni koʻzda tutadi. Supermarketlarda savdo faoliyatining muvaffaqiyati, qaysi tovar uning assortimentiga qoʻshilganligi, qayerda va qanday joylashtirilganligi, tovar boʻlimining joylashishi, xaridorlar harakati oqimining savdo maydonida tashkil etilishi hamda isteʼmolchilar psixologiyasini bilish kabilarga bogʻlik boʻladi.2 Natijada har bir metr savdo maydonidan samarali foydalaniladi va samaradorlikka erishiladi.
Savdodagi marketing boʻyicha mutaxassis (merchendayzer)dan bozorni, tovarni, rentabellik masalalarini foyda va boshqarishni, tovarni ishlab chiqarish texnologiyasini hamda undagi oʻzgarishlarni yaxshi bilishi talab etiladi. Merchendayzer doimo tovarni faqat bahosidagi farqidangina emas, balki uning koʻproq aylanishidan va savdo maydonida uzluksiz tovarlar boʻlishi natijasida foyda kelishini taʼminlashi lozim.
Chakana savdo korxonalaridagi murakkab mustaqil jarayonlardan biri boʻlib, merchendayzing hisoblanadi. Agar supermarket tarmoqlangan boʻlsa, alohida merchendayzing boʻlimini tuzish zarur va aksincha, alohida doʻkonlarda merchendayzing boʻyicha mutaxassislar tijorat boʻlimi tarkibiga kiritiladi.
Mustaqil merchendayzing boʻlimi mavjud boʻlgan tarmoqlangan supermarketlarda mazkur boʻlimning vazifalari quyidagilardan iborat boʻladi:
doʻkonlarda tovarlar boʻyicha tadbirlarni oʻtkazish grafigini shakllantirish;
tadbirlarni jadval asosida oʻtkazish;
merchendayzingni nazorat qilish.
Yuqoridagi vazifalarni sifatli va tizimli bajarish uchun ushbu boʻlim standartlar hamda yoʻriqnomalarga ega boʻlish lozim. Standartlarni ishlab chiqishda quyida keltirilgan nazariyalar va tamoyillarga asoslanish maqsadga muvofiqdir:
Sanitariya meʼyorlari va qoidalariga amal qilish tamoyili (davlat tashkilotlarining savdo shoxobchalarini xavfsiz faoliyat yuritishi talablari);
Isteʼmolchilar oqimlari nazariyasi (doʻkon ichida isteʼmolchilarni harakatlanish yoʻnalishini aks ettiruvchi nazariya);
Menejment toifalari tamoyillari;
Tovar qoʻshnichiligiga amal qilish tamoyili (davlat tashkilotlarining talablari va xarid qilish boʻyicha isteʼmolchilar mantiki);
Tovar zaxiralarining optimalligi tamoyili (Savdo zalining xar bir santimetri foyda keltirishi lozim. Tovarlarning sekin aylanishi doʻkonning koʻp moliyaviy yoʻqotishlariga olib keladi);
Vizual merchendayzing nazariyasi (doʻkonda tovarlarni peshtaxtalarga joylashtirilishi faqat miqdoriy jihatdan toʻgʻri boʻlib qolmay, balki vizual jihatdan ham jalb etuvcha boʻlishi lozim);
Fair Share tamoyili (savdo kengligining adolatli taqsimlash tamoyili)
Isteʼmolchilar tomonidan merchendayzing chora-tadbirlarini baholanishi quyidagilarga imkon beradi: