Podzol tuproqlar- podzol tuproqlar asosan tayga-moxli yoki igna bargli o‘rmonlar ostida shakllanadi. Bu tuproqlar profilining kelib chiqishi podzolanish va elyuvial-gleylanish jarayonlari bilan bog‘liq. Podzol tuproqlarning asosiy qismi podzol va gleyli-podzol zonachalarida tarqalgan. Shuningdek, podzol tuproqlar tayga-o‘rmon zonasining janubida igna bargli o‘rmonlar ostida (ayniqsa vaqtincha bo‘ladigan sernam sharoitda) hosil bo‘ladi. Podzol va gleyli-podzol tuproqlar maydoni 132 mln. gektarni tashkil etadi.
Gleyli podzol va podzol tuproqlarning aksariyat maydoni tayga-o‘rmon zonasining shimoliy va o‘rta qismlarida joylashgan. Bu tuproqlar podzol tuproq hosil bo‘lish jarayonlari natijasida yuzaga keladi.Podzollanish jarayoni ayniqsa sernam moxli va tutash ignabargli sernam o‘rmonlar ostida yaxshi ifodalangan.
Podzol tuproq paydo qiluvchi jarayonlar- podzol tuproq atamasi kulrangosti so‘zidan olingan va bu nomni dastlab 1873 yilda V.V.Dokuchayev ilmiy adabiyotlarga kiritgan. Podzol tuproqlarning kelib chiqishi haqidagi qator nazariyalar V.V.Dokuchayev, P.A.Kostichev va N.M.Sibirsev tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, ularning fikricha mazkur tuproqlar o‘rmon o‘simliklari qoldiqlarining chirindi kislotalari ta’sirida shakllanadi. V.R.Vilyams esa podzollanish jarayoni o‘rmon to‘shamasining zamburug‘lar ta’sirida chirishidan hosil bo‘ladigan o‘ziga xos-spesifik organik kislota ya’ni kren kislotasi ta’sirida yuzaga keladi, deb ko‘rsatadi.
Podzollanish jarayoni haqidagi hozirgi zamon qarashlar I.V.Tyurin, N.P.Remezev, S.P.Yarkov, A.A.Rode, V.V.Ponomerova kabilar tomonidan rivojlantirildi. Daraxtlardan tushadigan yaproqlar, shox shabbalar tarzidagi xazonlar va moxli buta o‘simliklari har yil tuproq ustida to‘planib o‘rmon to‘shamasini hosil qiladi. Daraxtlarning turiga, yoshiga, qalin yoki siyrak joylashishiga va chirish darajasiga ko‘ra to‘shama qalinligi bir necha mm dan 10 sm gacha va undan ham ortiq bo‘ladi. To‘shamaning har yilgi miqdori igna bargli daraxtlar ostida gektariga 3-5 tonnani tashkil etadi. O‘rmon to‘shamasi kislotali reaksiyaga kirishib o‘simlik tarkibidagi kul moddalari tuproq tarkibida aks etadi. O‘rmon to‘shamasi tarkibida oshlovchi moddalar singari organik kislotalarning ko‘pligi turli bakteriyalarning faoliyatiga salbiy ta’sir etadi. Shuning uchun ham bunday sharoitda o‘rmon to‘shamasi mog‘or zamburug‘lari ta’sirida chiriy boshlaydi, O‘rmon to‘shamasi parchalanganda nordon fulvokislota va unga yaqin bo‘lgan qo‘ng‘ir gumin kislotalari hosil bo‘ladi. Bu kislotalarning bir qismi asoslari bilan neytrallashadi, ko‘pchilik qismi esa tuproqning mineral qismiga kirib boradi. Kislotali harakterdagi tuproq eritmasi va o‘rmon to‘shamasidan hosil bo‘ladigan organik kislotalarning tuproq yuqori qismiga ta’sir etishi natijasida, bu yerda podzol (elyuvial) A2 gorizont yuzaga keladi.
Podzol tuproqlarda gumus kam (1-4 foiz) bo‘lib, uning tarkibidagi fulvokislota asosiy rol o‘ynaydi. Podzol tuproqlarda o‘simliklar uchun zarur oziq moddalar (N, R, K,) miqdori ham juda kam. Podzol tuproqlar noqulay fizik-kimyoviy xossalarga ega. A1+A2 gorizontlari kuchli nordon reaksiyalidir (rN-4,0-4,8).