Podzollashgan qora tuproqlar- morfologik belgilaridagi eng muhim farq - ular gumusli gorizontida podzollanish jarayonining qoldiq alomatlarini ifodalovchi kremnezyomning kukunsimon, oqish sochilmalarining bo‘lishidir. Tuproq profilining gumusli A gorizonti sur bo‘zg‘ish, kamdan - kam to‘q tusli sur kulrang. V - gorizonti ancha och sur tusli bo‘lishi bilan xarakterlanadi.
Karbonatlar gumusli gorizontdan ancha pastda (odatda 1,3 - 1,5 m dan chuqurda) bo‘ladi. Shuning uchun podzollashgan qora tuproqlarning gumusli qatlami ostida karbonatlardan yuvilgan qo‘ng‘ir yoki qizg‘ish-qo‘ng‘ir rangli yong‘oqsimon yoki prizmatik stukturali illyuvial gorizont joylashgan. Bu gorizont asta-sekin karbonatli yangi yaralmalar to‘plangan qatlamga o‘tadi. Podzollashgan qora tuproqlar: oddiy, kuchsiz differensiyalashgan, zichlashgan (quyma) va karbonatsiz qora tuproqlar kabi avlodlarga bo‘linadi.
Ishqorsizlangan qora tuproqlar. Bu tuproqlarning podzollashgan qora tuproqlardan farqi, uning gumusli gorizontida kremnezyomning kukunsimon sochilmalari bo‘lmasligidir. A - gorizonti to‘q tusli sur yoki qoramtir rangli bo‘lib, g‘ovak qovushmali donador- uvoqli strukturaga ega. Qalinligi 30-40 dan 40-50sm gacha va undan pastda 70-80 sm qalinlikdagi V gorizonti joylashgan.
Tipik qora tuproqlar- odatda chuqur gumusli (90-120sm va undan ortiq) profilga ega va gumusli gorizontida karbonatlar misellasi yoki ohak naychalari holidagi yangi yaralmalarning bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Karbonatlar ko‘pincha 60-70sm chuqurlikda joylashadi. Morfologik jihatdan batafsilroq xarakterlash maqsadida gumusli A gorizonti o‘zining rangiga ko‘ra 2 gorizontgacha:AV1 va V1 ga ajratiladi.
AV1 gorizonti to‘q sur tusli, uning pastki qismi kuchsiz qo‘ng‘ir bo‘lib, tovlanadi. V1 - yaxshi ifodalangan qo‘ng‘ir tusli gorizont hisoblanadi. AV1 gorizontining pastida yoki ko‘pincha V1 gorizontida karbonatli yaralmalar yaxshi ko‘rinib turadi. V2 (VS) gorizontida va undan ostki jinslarda misella shaklidagi karbonatlar, ohakli naychalar yoki "turnachalar" shaklidagi yangi yaralmalar uchraydi.
Tipik qora tuproqlar: oddiy, karbonatsiz, chuqurdan qaynovchi karbonatli va solodlashgan singari avlodlarga ajratiladi.