Oddiy qora tuproqlarning A- gorizonti 30-40 sm bo‘lib, to‘q tusli - sur yoki qora rangli, yaxshi ifodalangan donador va uvoqli - donador strukturali. Bu gorizont asta - sekin, qo‘ng‘ir tusli yoki to‘q sur tusli va uvoqli, uvoqli - prizmatik strukturaga ega bo‘lgan, V1 - gorizontiga o‘tadi. Oddiy qora tuproqlarda gumusli qatlam qalinligi, ko‘pincha 65-80 sm ni tashkil etadi. V1 gorizontidan pastda gumusli oqmalar bo‘lgan V2 gorizonti joylashgan bo‘lib, aksariyat holda bu illyuvial - karbonatli gorizontga to‘g‘ri keladi yoki osongina Vk - karbonatli gorizontga o‘tadi.
Karbonatlar oq ko‘zanaklar shaklida bo‘lib, shu xususiyati bilan boshqa tipchalardan farq qiladi. Oddiy qora tuproqlar: oddiy, karbonatli, sho‘rtobsimon, chuqurdan (karbonatlar ta’sirida) qaynovchi, yaxshi differensiyalashgan (tabaqalashgan) va solodlashgan qora tuproqlar singari avlodlarga bo‘linadi.
Janubiy qora tuproqlar-dasht zonasining janubiy qismini egallaydi hamda bevosita to‘q tusli kashtan tuproqlari bilan chegaralangan. A gorizonti 25 -40 sm qalinlikda bo‘lib, to‘q sur yoki to‘q tusli qo‘ng‘ir (ko‘pincha jigarrang toalanadi) , uvoqli strukturaga ega. V1 gorizonti yaxshi ifodalangan jigarrang qo‘ng‘ir tusli va uvoqli prizmatik strukturalidir. Gumusli qatlam (A + V1) ning umumiy qalinligi 45-60 sm ni tashkil qiladi. Illyuvial karbonatli gorizontida, ko‘pincha karbonatlardan iborat oq ko‘zanaklar yaxshi ifodalangan. Kislota ta’sirida qaynash chizig‘i V1 gorizontdan pastda yoki gumusli gorizont chegarasida joylashgan.
Janubiy qora tuproqlarning 1,5-2m chuqurligida mayda kristallar (odatda nozik tuproq bo‘shliqlarini to‘ldirib turadi) shaklidagi gips saqlangan. Bu chuqurlikda ba’zan suvda oson eriydigan tuzlar ham to‘plangan. Janubiy qora tuproqlar: oddiy, sho‘rtobsimon, karbonatli, chuqurdan qaynovchi, kam differensiasiyalashgan (tabaqalashgan) va solodlashgan qora tuproqlar kabi avlodlarga ajratladi. Karbonatli, sho‘rtobsimon va sho‘rxoksimon tuproqlar oddiy qora tuproqlarga nisbatan, bu yerda ko‘proq tarqalgan.
Madaniylashgan qora tuproqlarda o‘simliklar uchun eng qulay oziq rejimi yaratilgan bo‘ladi. Qora tuproqlarning fizik va suv-fizik xossalari asosan tuproqdagi gumus miqdorining ko‘pligi, chirindili gorizontining qalinligi va strukturali holatining yaxshi bo‘lishi bilan bevosita bog‘liq.Strukturali qora tuproqlarning gumusli gorizontida zichlik uncha yuqori emas (1-1,22g\sm3), gumus osti qatlamida 1,4-1,45g\sm3.
Sho‘rtob qora tuproqlarning V1 gorizontida zichlik eng yuqori bo‘ladi. Tuproq qattiq fazasining zichligi yuqori qatlamlaridi uncha ko‘p emas (2,4-2,5g\sm3), tuproqning pastki gorizontlarida 2,55-2,65g\sm3 dan oshadi (49-jadval).
O‘tloq qora tuproqlar G‘arbiy Sibir va Baykal orti territoriyalarida tarqalgan. Ular daryolarning sohil usti terrasalarida, o‘rmon dashtlardagi yer osti suvlari kam oqib chiqib ketadigan tekisliklarda, dashtlardagi pastlik joylarda yer osti suvlari 3-6 m chuqurlikda joylashgan yerlarda tarqalgan. O‘tloq-qora tuproqlar yaxshi unumdorlikka ega va ekinlar uchun ancha qulay yaroqli hisoblanadi. Bu tuproqlarning katta maydonlari haydalib o‘zlashtirilgan.
Dashtlarning o‘tloq tuproqlari yer osti suvlari 3 m dan yuqori bo‘lgan, patsqam va uzoq muddat davomida namlanib, turadigan joylarda shakllanadi. Bu tuproqlarning 50 sm gacha bo‘lgan gumusli qatlami va yuqori gorizontlarida 15 foizgacha gumus saqlashi bilan hamda gley alomatlarining yaxshi ifodalanganligi bilan xarakterlanadi. Karbonatlar AV gorizontidagi 20-35 sm chuqurda joylashgan. O‘tloq tuproqlar pichan o‘rish va mollar boqish uchun yaylov sifatida foydalaniladi.