O`quvchilarni darslar va darsdan tashqari mashg`ulotlarda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash jarayonining mazmuni
O`quvchilarda vatanga e’tiqodni shakllantirish uzoq davom etadigan murakkab jarayondir. Vatanga e’tiqod, vatanparvarlik tushunchalari xalqimizning o`tmish tarixi va bugungi kunda amalga oshirayotgan olamshumul ishlarining o`ziga xos talqinini o`quvchilarning ongiga ularning o`zlashtirish xususiyatlarini hisobga olgan holda yetkazish orqaligina shakllanishi mumkin. Bunday tushunchalarni shakllantirishda xalqimiz ma’naviyatining asosini tashkil qiladigan qadriyatlarning o`rni beqiyosdir.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, yosh avlodda azaliy qadriyatlarga hurmat uyg`otishga asosiy e’tibor qaratildi. Qadriyatlarni chuqurroq anglash va anglatish qaror topmoqda. Bugungi kunda olimlar umuminsoniy va milliy qadriyatlar, ularning mohiyati, o`zaro aloqasi, qadriyatlarning inson hayotida tutgan o`rni, ularning tarbiyaviy ta’siri hamda ta’lim-tarbiya jarayonida ular vositasida o`quvchi shaxsini har tomonlama rivojlantirish ustida keng ko`lamli tadqiqotlarni amalga oshirmoqdalar.
O`zbekistonda hozirgi zamon sivilizatsiyasi talablariga javob beruvchi umuminsoniy demokratik qadriyatlar xalqimiz turmush tarziga kirib kela boshladi. Inson haq-huquqlariga rioya qilish, tadbirkorlik erkinligi, matbuot erkinligi ana shular jumlasidandir. ―Ushbu demokratik qadriyatlar jamiyatimiz uchun muhim ahamiyatga ega ekanligi haqida gapirar ekanmiz, bu qadriyatlar tarixiy jihatdan ham xalqimizning o`ziga xos xususiyatlariga zid emasligini qayta-qayta ta’kidlashni istardik». Shu bilan birga o`tmish qadriyatlariga, an’analariga va turmush tarziga betartib ravishda orqa-ketini o`ylamay qaytish boshqa bir keskinlikka, jamiyatni yangilash zaruriyatini inkor etishga olib kelishi mumkin.
Qadriyatlar inson ongi va faoliyatining, shu bilan birga jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’naviy taraqqiyotining mahsulidir. Qadriyatlarda o`sha zamonda yashagan odamlarning orzu-umidlari, istaklari, hullas, moddiy va ma’naviy ehtiyojlari o`z ifodasini topadi. Vaqt va davr talablari o`zgargan sari qadriyatlarning mazmuni ham o`zgarib boradi. Bizning mamlakatimizda ham inson va uning hayoti eng oliy qadriyat hisoblanadi. Insoniyat mavjudki, uning qadr-qimmati ulug`lanib kelinadi. SHu boisdan insonning qadr- qimmatini e’zozlash, uning turmushini yaxshilash, bilimi va madaniy saviyasini rivojlantirish, sog`ligini muhofaza qilish, hayotini himoya qilish davlat siyosatining asosiy
yo`nalishini tashkil etadi. Jamiyatda bo`layotgan o`zgarishlar, islohotlar, qabul qilinayotgan qonun va nizomlarning mohiyati ham shundadir. Qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o`rni, ijtimoiy xarakteriga ko`ra milliy va umuminsoniy, sinfiy yoki diniy, shuningdek, kishilarning yoshi, kasbiy xususiyatlariga hos qadriyatlarga bo`lish mumkin. Bozor iqtisodiyoti tobora rivojlanayotgan hozirgi sharoitda inson o`zining individual xususiyatlarga tayanishi, o`z kelajagini barpo etishi lozim.
Shuningdek, insonning ehtiyojlarini qondirishda tabiiy qadriyatlar ham katta ahamiyat kasb etadi. Shunday shaxsiy ehtiyojlardan biri vatanga e’tiqodning shakllanishi bilan belgilanadi. Bunday tushunchalarni shakllantirishda bir qator qadriyatlar muhim vosita bo`lib xizmat qiladi. Masalan, tabiiy qadriyatlar, ularga er usti va er osti boyliklari, konlar, suv, havo, o`rmonlar, o`simliklar, hayvonot dunyosi va boshqalar kiradi. O`zbekiston zamini xilma-xil qazilma boyliklarga ega. O`quvchilarga bu boyliklar haqida ma’lumot berish orqali ularda vatanga e’tiqodni shakllantirish muhim amaliy ahamiyatga ega. Yer yuzida mavjud bo`lgan barcha qazilma boyliklar, o`rmon, hayvonot olami va hokazolar moddiy boyliklar sanaladi. Qachonki, ular inson tomonidan o`zlashtirilganda, uning ahamiyati va qadr-qimmati yanada oshadi.
Insonning aqliy va jismoniy mehnati natijasida yaratilgan turli- tuman moddiy boyliklar, zavod-fabrikalar, ishlab chiqarish kuchlari, transport vositalari, asbob-uskunalar, turar-joy, mol-mulk, noz-ne’mat va shu kabilar moddiy qadriyatlar hisoblanib, vatanga e’tiqodni shakllantirishda ular ham muhim ahamiyatga ega.
Ma’naviy qadriyatlarga ilmiy-tehnikaviy va intellektual imkoniyatlar, maorif, ta’lim- tarbiya, tibbiy xizmat, milliy meros, turli shakllarda namoyon bo`ladigan madaniyat durdonalari, til, adabiyot, san’at, xalq hunarmandchiligi mahsulotlari, noyob tarixiy va madaniy yodgordiklar, arhitektura inshootlari va boshqalar kiradi. O`quvchi shaxsi taraqqiyotini ta’minlashda moddiy va ma’naviy qadriyatlarning o`rni katta. Ularni o`zlashtirish natijasida o`quvchilarda o`z xalqi, millati va vatanidan g`ururlanish, unga e’tiqod qo`yish tuyg`usi qaror topadi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlaganidek, ―Biz barpo etayotgan yangi jamiyat yuksak ma’naviy va ahloqiy qadriyatlarga tayanadi va ularni rivojlantirishga katta e’tibor qaratadi. Bu jarayon milliy
istiqlol g`oyasi va mafkurasiga, o`sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga asoslanadi‖.
Xullas, yuqoridagi qadriyat haqidagi fikr va mulohazalarni o`rganib chiqqan holda, qadriyat tushunchasi haqida quyidagi izohni keltirib o`tmoqchimiz. Qadriyat – inson uchun ahamiyatli va qadr-qimmatga ega bo`lgan, kishilarning manfaatlari va maqsadlari yo`lida xizmat qiladigan, tabiat hamda jamiyat hodisalari majmuidan iborat dialektik birlikdir.
Ma’lumki, xalq donishmandligi va odobnomasining nodir sohasi bo`lgan o`zbek xalq pedagogikasi ijtimoiy va maishiy-ahloqiy hayotning barcha tomonlarini, xalq og`zaki ijodi, qadrshunoslik, udumshunosligi va marosimshunosligining yetakchi yo`nalishlarini, diniy- ahloqiy ta’limotni qamrab olganligi bilan xarakterlanadi. U xalqimizning asrlar davomida to`plagan boy tajribalarini, ijtimoiy-siyosiy, jismoniy yetuklik borasidagi qarashlarini, ahloqiy, falsafiy, ma’rifiy, estetik, ma’naviy, xulosalarini lo`nda va donishmandona tarzda ifodalaydi.
O`zbek xalqining milliy xususiyatlari : ahloqiylik, o`z-o`zini anglash, milliy tuyg`u, milliy madaniyat, milliy kiyinish va yurish-turishda o`z aksini topadiki, xalq milliy o`yinlarini o`rganishda bularni chetlab utish mumkin emas. O`zbek oilalari tuzilishiga quyidagi sifatlar hosdir: ko`p bolalilik; mehnatda jismonan chiniqish; oilada otaning bosh tarbiyachi sifatida namoyon bo`lishi; qarindoshchilik, bir necha avlodlarning birgalikda yashashi. Shu bois Respublikamizning shahar va qo`rg`onlarining axolisi o`rtasida spartakiadalar, xalq milliy o`yinlari musobaqalarini o`tkazilishi o`sib kelayotgan yosh avlodga ahloqiy fazilatlar: vatanparvarlik, matonat va qat’iyat, sabr va chidam, hamdardlik va mehr-oqibat kabilarni singdirishga zamin yaratadi. Bunda sportnining kurash, arqon tortish, tosh ko`tarish, futbol, engil atletika kabi turlari ommaviy tus olmoqda.
Ma’lumki, ahloq, hulq va atvor so`zlari arabcha bo`lib, ular o`zbek tilida ham o`z ma’nosida ishlatiladi. Ahloq- ijtimoiy ong shakllaridan biri , ijtimoiy tartib-qoida bo`lib, bu tartib qoida ijtimoiy hayotning istisnosiz hamma sohalarida kishilarning xatti-harakatlarini tartibga solish funktsiyasini bajaradi. Ahloq bizning hayotimizga va ongimizga faol ta’sir qiladi, kishilik jamiyati nomidan yaxshilik bilan yomonlik, adolat bilan adolatsizlik, mehr bilan zulm o`rtasida va insoniy munosabatlardagi maqbul va nomaqbul, man etilmaydigan va man etiladigan ishlarni, xatti-harakatlarni belgilab beradi. Insonning jamiyatga, oilaga,
vatanga, mehnatga bo`lgan munosabatlarida ahloq namoyon bo`ladi.
Milliy-ma’naviy qadriyatlar moddiy qadriyatlarga nisbatan yashovchan xarakterga egadir. Milliy qadriyatlar jamiyat madaniyati, shaxs ma’naviyati va e’tiqodining rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Har bir xalq o`zligini o`tmish ma’naviy madaniyati orqali anglaydi. O`zining kelajakdagi yo`lini belgilab oladi va jahon tarixida o`z o`rniga ega bo`ladi. Shuning uchun inson ma’naviy madaniyati, dunyoqarashini ijobiy tomonga yo`naltirish bugungi kunda ta’lim-tarbiya oldida turgan asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Milliy-ma’naviy meros kelajak avlod uchun vorislik vazifasini o`taydi.
O`quvchilarda vatanga e’tiqodni shakllantirish milliy qadriyatlarning har bir ko`rinishini uzoq tarixiy taraqqiyotning o`ziga xos xususiyatlarini o`rganish orqali amalga oshiriladi.
O`zbek milliy-ma’naviy qadriyatlari mazmunida vatanparvarlik g`oyalari yotadi. Shuningdek, o`zaro hamkorlik va hamdardlik, vafodorlik va o`zaro hurmat, bir-biriga suyanish va yaxshi qo`shnichilik, bolajonlik va ota-onaga hurmat, mehr-oqibat va sadoqat har tomonlama e’zozlanib kelinadi.
Dars – ta’lim va tarbiya ishlarining markaziy qismi hisoblanib, o`quvchilarni bilim, ko`nikma, malakalar bilan qurollantirish bilan birga, ularni milliy qadriyatlarimiz haqida tushunchaga ega bo`lishida, milliy qadriyatlarda aks etgan ahloqiy sifatlarni o`quvchilarda hosil qilishda muhim ahamiyatga ega. Bizga ma’lumki, 5-7-sinflarda o`qitiladigan «Vatan tuyg`usi‖ va ―Adabiyot‖, ―Odobnoma‖, ―Jismoniy tarbiya‖ darslari ham umumiy didaktik talablarga javob berishi, jumladan darsda mavzuning xarakteridan kelib chiqib, xalqimizning boy pedagogik merosiga tayanishi, undan foydalanish imkoniyatlarini izlashi lozim. Shubhasiz, mustaqillik yillarida ta’lim sohasidagi islohotlardan ko`zlangan maqsadlardan biri ham dars jarayonida milliy qadriyatlar namunalarini o`rganish hamda ularda ilgari surilgan insonparvarlik, vatanparvarlik g`oyalari orqali yosh avlodni barkamol insonlar etib tarbiyalashdan iboratdir.
Umumiy o`rta ta’limning davlat ta’lim standarti o`quvchilar umumta’lim tayyorgarligiga, saviyasiga qo`yiladigan majburiy minimal darajani belgilab beradi. Darslarda faqat ta’lim tarbiya vazifalari emas, balki insoniy fazilatlar, ya’ni diqqat e’tiborlik, intizomlilik, iroda, saranjomlik, buyumlarni ehtiyot qilish, shuningdek mehnatsevarlik, qat’iyatlilik, sabot, matonat, maqsadga intiluvchanlik, mustaqillik
va qiyinchiliklarni engishda qat’iylik, vatanparvarlik, vatanga sadoqat tarkib toptiriladi.
Dars jarayonida o`quvchilarining dunyoqarashi shakllana boradi, mustaqil fikrlashga o`rganadi, dunyoviy bilimlar bilan tanishadi va ularning uzluksizligi rivojlanib boradi. Har bir darsning muvaffaqiyati uning oldiga qo`yilgan maqsadiga bog`liqdir. Qachonki, maqsad aniq va puxta, o`quvchini har taraflama rivojlantirishga qaratilgan bo`lsa, darsning samaradorligi ta’minlanadi.
Mustaqil O`zbekistonni rivojlantirishning ma’naviy-ahloqiy negizlari hisoblangan umuminsoniy qadriyatlarga sadoqatlilik, xalqimizning ma’naviy merosini mustahkamlash va rivojlantirish, insonning o`z imkoniyatlarini erkin ro`yobga chiqarishi, vatanparvarlik kabilar pedagoglar madaniyatining asosini tashkil etishi bilan birga umumiy o`rta ta’lim maktablarining umumta’lim maktablarning 5-7 sinfidagi ta’lim-tarbiya jarayonida to`liq o`z ifodasini topishi kerak. Bu esa o`qituvchilarining ma’naviy-ahloqiy qiyofasi, ta’lim- tarbiya jarayonining samaradorligini oshirishdagi sa’y-harakati, madaniyati, ma’naviyati va o`z sohasini yetuk bilimdoni bo`lishiga bog`liq.
Darslarni qiziqarli uyushtirish uchun o`qituvchilar yangicha dars turlaridan, turli-tuman interfaol usul va vositalardan foydalanishlari lozim.
Umumta’lim maktablarining Davlat ta’lim standartlari talablarida darslar jarayonida ta’limning turli metodlari qo`llanilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Turli metodlarning qo`llanilishi o`zaro chambarchas aloqadadir. O`qituvchi ularni turli birikmalarda qo`llab, ta’limning to`laqonli jarayonini ta’minlaydi.
Metodlarni quyidagicha mumtoz (klassik) ravishda uch guruhga bo`lish mumkin:
og`zaki (tushuntirish, hikoya, suhbat, buyruq, ko`rsatma) ;
ko`rgazmali (ko`satish, ko`rsatma qurollardan foydalanish ) ;
amaliy (mashqlar, musobaqalar ).
Halq pedagogikasi chinakam o’zbekcha ahloq, odob va tarbiyaning barcha qirralarini o’zida mujassamlashtirgan. Unda turli hil tarbiya metodlari va vositalaridan foydalaniladi, bu metod, vositalar nihoyatda rang-barang bo’lib, ko’p tomonlari bilan ilmiy pedagogikadan ustunlik qiladi. Chunki bu metodlar ilmiy pedagogikaning shakllanishida ham o’z ta’sirini o’tkazgan.
Halq pedagogikasida qo’llanilgan juda hima-hil tarbiya metodlari quyidagi tarzda umumlashtirish mumkin.
Tushuntirish (o’rganish, odatlantirish, mashq qildirish).
Namuna (maslahat berish, uzr so’rash, yahshiliklar haqida so’zlash, o’rnak bo’lish).
Nasihat berish, o’git (undash, ko’ndirish, iltimos qilish, yolvorish, tilak- istak bildirish, ma’qullash, rahmat aytish, duo qilish, oq yo’l tilash va hokazolar).
Qoralash va jazo (ta’qiqlash, ta’na, gina, tanbeh berish, majbur qilish, koyish, ayblash, uyaltirish, qo’rqitish, nafratlantirish, ont-qasam ichirish, urish, kaltaklash va hokazolar).
Agar sinchiklab qaralsa, yuqorida keltirilgan to’rt hil metod umum bir yahlitlikni ifodalaydi. Oldin o’quvchiga umumiy manzara tushuntiriladi. O’quvchilar narsa va hodisalarga tushunmaganlarida tarbiyachi namuna metodidan foydalanadi, yoshlarning mustaqil kuzatuvchanligiga e’tibor beriladi. Unda ham tushunmaganlar kattalarning nasihati, o’giti orqali narsa va hodisalarning mohiyatiga etadigan bo’lishadi. Bordi-yu unda ham o’quvchilar tushunishmasa, yoki tushunishni istashmasa, unda qoralash va jazolash metodlaridan foydalanishga to’g’ri kelgan. Lekin bu so’ngi chora ekanligini halq yahshi tushungan. Hozirgi zamon ilmiy pedagogikasi qoralash va jazoni so’nggi chora, aniqrog’i kam samara beradigan chora ekanligini isbotlagan.
Halq pedagogikasining nodir namunalari, tarbiya metodlari va tarbiyaviy ta’sirlar muayyan vositalar orqali amalga oshirilgan. Mehmon kutish, mehmonga borish, turli mehnat jarayonlari, hasharlar, turli gurunglar (choyhona, to’y marosimlari) sayllar, turli nishonlashlar (tug’ilgan kunni nishonlash, yigitlar bazmi, qizlar bazmi), musobaqalar, turli marosim va boshqalar o’ziga hos tarbiya vositasi vazifasini bajargan.
Inson qalbiga bugun ekilgan yahshilik urug’i oradan o’n yillar o’tgach unib chiqadi, buni ilmiy asoslab oldindan ko’ra bilish kerak.
Tarbiya metodlarini o’rganish, tahlil qilish, bu metodlardan pedagogik jarayonda foydalanish ko’nikma va malakalarni egallashni osonlashtirish uchun ularni shartli ravishda bir necha guruhga bo’lib olamiz: ijtimoiy ongni shakllantiruvchi metodlar, faoliyat jarayonida ijtimoiy hulq va tajribalarni shakllantirish metodlari, o’z-o’zini tarbiyalash metodlari hamda rag’batlantirish usullari, jazolash metodlari.