MUNIS ASARLARINING TIL VA USLUBI. XVII-XIX asrlar adabiy tilining taraqqiyotida, uning jonli so’zlashuv tili xlsobiga boyib borishida Boborahim Mashrab (1657-1711), Vafoiy (hayoti va faoliyati haqida to’la ma’lumot yo’q), Muhammadrizo Ogahiy, Pahlavonquli Ravnaq, Muhammadniyoz Nishotiy, Mujrim-Obid, Shermuhammad kabi shoir va yozuvchilarning roli kattadir. Shundan biz Munis, Gulxaniy va Maxmur asarlarining til xususiyatlari bilan tanishamiz.
Munisning lirik she’rlari devon sifatida to’plangan bo’lib u «Munis-ul-ushshoq» deb ataladi. Shuningdek, u «Firdavs-ul-iqbol» tarixiy asarining hamda pedagogika va tilshunoslikka oid «Savodi ta’lim» risolasining muallifidir. Munis Mirxondning «Ravzat-us-safo» asarini o’zbek tiliga tarjima ham qilgan.
Munis adabiyotida va adabiy til normalarini saqlashda Navoiy tradisiyalariga amal qiladi. Shuning uchun ham u Navoiyni o’ziga pir, ustod deb biladi:
Sөz ichrә Navāiyki, jahāngirdurur
Munisg’a maāniy yolыda pir durur.
Har bir progressiv yozuvchi va shoirlarda bo’lganidek, Munis o’z ijodiyotida Navoiy tradisiyalarini davom ettirar ekan, adabiy tilni xalq so’zlashuv nutqi hisobiga boyitib bordi.
Munis Xorazmiy asarlarida xalq so’zlashuv tilida mavjud bo’lgan leksik boyliklardan ustalik bilan foydalandi. Uning tilida umoch, atala, tang, lang, pavgon, taqir-tukur, shaqur-shuqur, qabag’, tapuq, qopu, evur, evrulay evurdi, yugorusa, yurumoq, batar kabi so’zlar qo’llangan. Shoir she’riyatida ko’tarinki ruhni saqlash maqsadida ma’ni kishvarin (*mano viloyati), (ahli donish, guli-gulshan, otashi ishqing, ganji husn, guli latif, mehrobi tarh, (qayriyama g,osh uchun qurilgan bino), motomi oshufta (oshiq motami) kabi izofali birikmalardan ham foydalandi.
Munis asarlaridagi arabcha-forscha so’zlarning qo’llanishida Navoiy va Bobur tradisiyasiga amal qilganini ko’ramiz. Munis tomonidan qo’llangan arabcha, forscha-tojikcha so’zlar Navoiy va Bobur asarlarida qayd qilingan so’zlardir. Lekin ulardan Munis o’z o’rnida va maqsadga muvofiq foydalangan Turkiy so’zlardan foydalanish ya’ni undan qofiya, radif sifatida foydalanishda Lutfiy ijodining ta’siri ko’rinadi. Masalan,
Tez etar jānān g’amы ishqыm otыnы qozg’alab
Qaydurur ul otg’a bir-bir ustuxānimni qalab.
Yoki:
Jānыmg’a urdung ātashi ishqыng tutashturub,
Yaqtыng songaklarimni ul otg’a qalashturub.
Yoki:
Ultururlar meni har dam kөzu qashы talashыb
Tirguzurlar ikki jān baxsh dudāg’ы yarashыb.
Keltirilgan baytlardagi qofiyalarda turkiy so’zlar ishtirok etgan. Munis hatto undov va taqlidiy so’zlardan ham qofiya sifatida foydalangan.
Firākың shiddatidin kөzlәrimdin qan aqar tim-tim,
Kөrib anы raqibi kinavar har dam kүlәr qah-qah.
Chekar zavqi sihi qadding bilә qumrы fig’ān ku-ku
Tuzar shavqi gүli ro’yың bilә bulbul navā chaq-chaq.
Ko’rinadiki, o’zbek adabiy tili imkoniyatlari Munis ijodida keng kuloch yoydi.